O'zMU » Yangiliklar » O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO’G’RISIDA

      (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2016 y., 19-son, 210-modda)

      Oliy ta’lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o’quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o’qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o’tkazishga keng jalb etish, shuningdek buning uchun zarur zamonaviy infratuzilma va moddiy-texnika bazasini yaratish maqsadida:

 

 

      1. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Fanlar akademiyasining Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti (keyingi o’rinlarda — Milliy universitet)ni O’zbekiston Respublikasi Milliy universiteti va Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti negizida qayta tashkil etish to’g’risidagi taklifi qabul qilinsin.

 

      2. Quyidagilar Milliy universitet faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:

fundamental va gumanitar fanlar sohasida yuqori malakali o’qituvchi va ilmiy kadrlarni zamonaviy talablar darajasida tayyorlash, respublikaning bazaviy universiteti sifatida oliy ta’limning o’quv dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirishni ta’minlash;

      fundamental ilmiy tadqiqotlar o’tkazish, ilm-fanning istiqbolli, yuqori texnologiyali yo’nalishlari bo’yicha mamlakatimiz ilmiy maktablarini rivojlantirish, ilm-fan va oliy ta’lim sohalarida yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash;

mamlakat oliy ta’lim muassasalarining ta’lim-tarbiya, ilmiy-uslubiy va madaniy-ma’rifiy faoliyatini muvofiqlashtirish, uzluksiz ta’lim tizimi bosqichlarining uzluksizligi va davomiyligini ta’minlash;

oliy ta’lim muassasalari o’qituvchilari hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimini e’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlar darajasida takomillashtirish.

      Belgilab qo’yilsinki, Milliy universitet respublikaning matematika, tabiiy-ilmiy va gumanitar yo’nalishlari bo’yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash sohasidagi tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

 

      3. Mirzo Ulug’bek nomidagi Milliy universitetning yangilangan tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Milliy universitetning tashkiliy tuzilmasiga tasdiqlangan xodimlar soni doirasida o’zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

 

      4. O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Moliya vazirligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligining:

      O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutini tugatish to’g’risidagi;

tugatilayotgan Yadro fizikasi institutining Toshkent shahri, Mirzo Ulug’bek tumani, Ulug’bek shaharchasi, Xuroson ko’chasi, 1-uy manzilidagi binolariga Milliy universitet Fizika fakultetining mutaxassislik kafedralari, laboratoriyalari, magistratura va doktorantura bo’limlarini joylashtirish haqidagi;

      Yadro fizikasi institutining bo’shayotgan binolari, laboratoriyalari va boshqa mol-mulkini o’quv jarayoni talablaridan kelib chiqib, zarur rekonstruksiya ishlarini amalga oshirgan holda ilmiy-ta’lim jarayonini tashkil etish uchun Milliy universitetga topshirish to’g’risidagi;

      Yadro fizikasi institutining ilmiy-texnikaviy loyihalari, konstruktorlik-texnologiya ishlanmalari, ilmiy uskunalarining zarurligi va saqlab qolishning maqsadga muvofiqligini aniqlash uchun ularni to’liq inventarizasiyadan o’tkazish, zamonaviy uskunalarni Milliy universitet Fizika fakultetining yangi tashkil etilayotgan laboratoriyalariga topshirish to’g’risidagi taklifi qabul qilinsin.

 

      5. Milliy universitet huzuridagi Amaliy fizika ilmiy-tadqiqot instituti 2016 yilning 1 iyulidan tugatilsin va barcha ilmiy loyihalar, uskunalar va boshqa mol-mulkning maqsadga muvofiqligini tanqidiy tahlil qilish yakunlari bo’yicha ular Milliy universitetning Fizika fakultetiga topshirilsin.

 

      6. O’zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida Radiasion xavfsizlik markazi (RXM) tashkil qilinsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

MAGATE hamda vakolatli organlar bilan hamkorlikda xavfsizlikni ta’minlash va yadro texnologiyalarini tarqatmaslikka oid xalqaro standartlarga qat’iy muvofiq ravishda Yadro fizikasi institutining yadro reaktorini ekspluatasiyadan chiqarish borasidagi ishlarni tashkil qilish;

respublika hududidagi radioaktiv materiallar omborxonalarining lozim darajada saqlanishi, utilizasiya qilinishi va tugatilishini ta’minlash, shuningdek tegishli tozalash xizmatini tashkil etish;

respublikaning yadroviy va radiasion xavfsizligini ta’minlash bilan bog’lik amaliy ishlarni bajarish, shuningdek bojxona postlarida va respublika hududida o’rnatilgan dozimetriya nazorati tizimlari hamda boshqa nazorat asboblarini ekspertizadan o’tkazish;

respublika hududida foydalanilayotgan ion nurlanish manbalarini ilmiy ekspertizadan o’tkazish, shuningdek ion nurlanish texnikasi manbalariga professional xizmat ko’rsatish va utilizasiya qilish.

 

      7. O’zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Radiasion xavfsizlik markazining tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

Tugatilayotgan Yadro fizikasi institutining yadro reaktori hamda yadroviy va radiasion xavfsizlikni ta’minlash masalalari bilan bog’liq boshqa obyektlari Radiasion xavfsizlik markaziga topshirilsin.

Radiasion xavfsizlik markazi Yadro fizikasi institutining yadroviy va radiasion xavfsizlik masalalari bilan bog’liq shartnomalari va kontraktlari bo’yicha huquqiy vorisi etib belgilansin.

 

      8. Tugatish komissiyasining tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin, uning zimmasiga O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutini tugatish, unga tegishli bo’lgan mol-mulk, uskuna va binolarni ularning funksiyalaridan kelib chiqqan holda Milliy universitet hamda O’zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Radiasion xavfsizlik markazi balanslariga topshirish bilan bog’liq tashkiliy tadbirlarni belgilangan tartibda amalga oshirish vazifalari yuklansin.

 

      9. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi Yadro fizikasi institutining 1956 — 1972 yillarda qurilgan obyektlarini xalqaro ilmiy konferensiyalar va seminarlar o’tkazishga mo’ljallangan zamonaviy infratuzilmani shakllantirgan holda ularni zarur multimedia uskunalari va kommunikasiyalar bilan jihozlash, shu jumladan:

200 o’rinli majlislar zali va 4 ta seksiya auditoriyalari bor ma’muriy binoni;

600 o’rinli zali bo’lgan binoni (sobiq madaniyat uyi);

taklif qilinadigan ilmiy xodimlar uchun 30 o’rinli mehmonxona tipidagi yotoqxonani kapital rekonstruksiya qilish uchun 2016-2017 yillarda byudjet mablag’lari ajratilishini nazarda tutsin.

 

      10. Tugatilayotgan Yadro fizikasi instituti va Amaliy fizika ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy va muhandis xodimlarini attestasiyadan o’tkazish uchun 4-ilovaga*muvofiq tarkibda attestasiya komissiyasi tuzilsin, malakali mutaxassislar Milliy universitet Fizika fakultetining yo’nalishlar bo’yicha kafedralari va laboratoriyalariga ishga qabul qilinsin.

1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

 

      11. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi Milliy universitet bilan birgalikda:

o’n kun muddatda Milliy universitetning yangilangan nizomini tasdiqlasin;

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Milliy universitetning ma’muriy-boshqaruv hamda o’quv-yordamchi xodimlari soni va tarkibini tasdiqlangan yangi tashkiliy tuzilmaga muvofiq holga keltirsin.

 

      12. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarordan kelib chiqqan holda O’zbekiston Respublikasining 2016 yilgi respublika byudjeti xarajatlari parametrlariga zarur o’zgartishlar kiritsin.

 

      13. O’zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Fanlar akademiyasining tugatilayotgan Yadro fizikasi institutining bo’shayotgan xodimlarini belgilangan tartibda ish bilan ta’minlash choralarini ko’rsin.

 

      14. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartish va qo’shimchalar to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

 

      15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari R. Azimov va O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari B. Xodiyev zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2016 yil 11 may,

PQ-2527-son

http://lex.uz