O'zMU » Yangiliklar » Toshkent shahri jamoasi “Universiada – 2016” g’olibi!

      Unda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti sportchi talabalarining munosib ulushi bor!

      Mamlakatimizda yettinchi bor o’tkazilgan Universiada tom ma’noda sport, yoshlik va go’zallik bayramiga aylandi. Mazkur musobaqalarda sportchi-talabalar basketbol, boks, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil atletika, og’ir atletika, stol tennisi, suzish, tayekvondo (VTF), tennis, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi kabi sportning 15 turi bo’yicha o’zaro bellashdilar. Turfa maydonlarda yigit-qizlar nainki bellashdilar, shu bilan bir qatorda ular rosmana do’stlashdilar!

 

 

      Go’zal Farg’ona shahrida g’oyat hayajonli o’tgan “Universiada – 2016” sport o’yinlari nihoyasiga yetgach, 28 may kuni g’oliblarni taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Unda Toshkent shahri jamoasi birinchi o’rinni egallagani e’lon qilindi!

 

      G’olib jamoa yuksak mukofot – O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o’yinlari ishtirokchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg’asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandilar.

Bo’ynilarida shoda-shoda medallar, diplom-u sertifikatlar bilan qaytgan g’olib jamoa a’zolaridan bo’lmish O’zMU talaba-sportchilarining dil so’zlarini qog’ozga tushurdik.

 

 

      Rustam Sobirjonov, Geologiya-geografiya fakulteti 2-kurs talabasi:

      – Farg’onada menga avvalo muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o’yinlari ishtirokchilariga tabrigi ko’tarinki ruh va kuch-qudrat baxsh etdi. Davlatimiz rahbarining biz yoshlarga e’tiborini, mehrini har qadamda his etdim. Buni O’zbekiston Milliy universitetida yaratilgan shart-sharoitlar misolida ham ko’rishimiz mumkin. Shunga yarasha nainki sport, kerak bo’lsa, barcha sohalarda hyech kimdan kam emasligimizni namoyon etishimiz shart, deb bilaman. Jamoamiz yutug’i poytaxt shahrimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning g’alabasidir. Biz shu ko’tarinki ruh bilan o’qishni davom ettirib, aziz Yurtboshimiz, ustozlarimiz va ota-onalarimizning ishonchlarini oqlashda davom etaveramiz.

 

      Iroda Valijonova, Jurnalistika fakulteti 1-kurs talabasi:

      – Bu sport o’yinlari hayotimdagi eng yorqin sahifalardan biriga aylandi. Gandboll o’yinida Andijon, Samarqand viloyatlari qizlari jamoalari bilan o’tkazgan bellashuvlarimiz juda hayajonli bo’ldi. Qo’sha-qo’sha mukofotlar orasida mening qalbimga to abad muhrlangani O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari, Xotin-qizlar qo’mitasi raisi E.Bositxonovaning ota-onam nomiga yo’llangan “Tashakkurnoma”si bo’lganini alohida ta’kidlamoqchiman. Unda bitilgan quyidagi so’zlar menga qanot baxsh etdi, desam mubolag’a bo’lmaydi:

      “Aziz farzandingiz Farg’onada bo’lib o’tgan “Universiada – 2016” musobaqalarida faol qatnashib o’zining jismonan yetukligi, mahoratini namoyish etib, yoshlar kamoloti, kelajagi uchun cheksiz imkoniyatlar, istiqbol eshigini ochayotgan Yurtboshimizning, ustozlarining ishonchini oqladi.

Buning uchun Sizga farzandingizni baxtu rohatini ko’rish saodatini tilayman!

Vatanimiz istiqboli, buyuk kelajagiga xizmat qiladigan shunday farzandni kamolga yetkazganingiz uchun tashakkur bildiraman!”

 

 

      Bobur Sattorov, Mexanika-matematika fakulteti 3-kurs talabasi:

      – Milliy universitetimizda tahsil olib, shaxmat bo’yicha jahon chempioni darajasiga chiqqan Rustam Qosimjonovga juda havas qilganman. “Universiada – 2016” sport o’yinlari ana shu orzu-havaslarim ro’yobga chiqishida imkoniyatlar maydoni bo’ldi. Kelgusida ona Vatanim bayrog’i ostida dunyoga chiqish uchun faqat olg’a intilaveraman.

      Ma’lumot o’rnida ta’kidlash joizki, mazkur musobaqalarda ikkinchi va uchinchi o’rinlarni egallagan Farg’ona va Samarqand viloyatlari jamoalariga ham O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg’asi – “Damas” avtomobillari topshirildi.

 

Ulug’bek USMONOV,

“O’zbekiston Milliy universiteti” gazetasi muxbiri