O'zMU » Yangiliklar » Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti

 

      Dovrug‘i dunyoga doston Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti 1918 yil 12 mayda tashkil etilgan. U qator yillar turli nomlar bilan atalgan. Ya'ni, 1918 yilda Musulmon xalq dorilfununi, 1918-1919 yillarda Turkiston xalq universiteti, 1919-1923 yillarda Turkiston Davlat universiteti, 1923-1960 yillarda O‘rta Osiyo davlat universiteti, 1960-2000 yillarda Toshkent Davlat universiteti deb yuritilgan.
      O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Toshkent Davlat universiteti Sharqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek nomi bilan yuritila boshlagan.
      O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “O‘zbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu o‘quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo‘lgan va u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda.
      Mazkur tarixiy Farmonda, Vatan va millat taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan jadid ziyolilarimizning buyuk xizmatlarini e'tirof etish, tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlar qalbida istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalash, umuminsoniy va milliy ilm-fan qadriyatlarini avlodlar ongiga teran singdirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
      Ushbu Farmonda, yoshlar qalbida istiqlol g‘oyalariga sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini kamol toptirish, ularni mustabid tuzum yillarida qatag‘on qilingan fidoyi vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash, xalqimizning beqiyos ilmiy-madaniy merosini chuqur o‘rganish, jamiyatning ilmiy-madaniy salohiyatini yuksaltirish, aholi o‘rtasida ilmiy qadriyatlarni targ‘ib qilish, yoshlarning ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirish, milliy universitet ta'lim tizimini ilg‘or ilm-fan yutuqlari asosida takomillashtirish, mamlakatimizdagi barcha universitetlar uchun o‘quv, ilmiy-uslubiy, ma'naviy-ma'rifiy masalalar yuzasidan tayanch hamda yetakchi oliy ta'lim muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatishiga erishish, jahon andozalariga mos fundamental tadqiqotlar olib borish, fanning muhim sohalari bo‘yicha yangi ilmiy maktablarni shakllantirish va ular faoliyatining davomiyligini ta'minlash, rivojlangan mamlakatlarning universitetlari bilan ilm-fan va oliy ta'lim sohasida o‘zaro teng manfaatli hamkorlikni yanada keng yo‘lga qo‘yish vazifalari ham belgilangan.
Aytish joiz, o‘tgan davr mobaynida mazkur vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.
      O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 9 apreldagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 90 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan bu o‘quv dargohining yubileyi katta tantanalar bilan nishonlangani tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan bitilgan.
      O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida oliy ta'lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishga keng jalb etish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
      Shuni alohida ta'kidlash joizki, qariyb bir asr mobaynida respublikamizdagi o‘nlab universitetlar va institutlar mana shu oliy ta'lim muassasasi zaminida paydo bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 may kuni qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra o‘z faoliyatini boshlayotgan yangi universitet ham O‘zMUning o‘zbek filologiyasi fakulteti va boshqa ta'lim muassasalari negizida vujudga kelgan.
Yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida Biologiya, Geografiya va geologiya, Jurnalistika, Ijtimoiy fanlar, Iqtisodiyot, Kimyo, Matematika, Tarix, Fizika, Xorijiy filologiya fakultetlari, 72 ta kafedra o‘z faoliyatlarini davom ettiradi. Ularda 37 yo‘nalishda bakalavrlar va 63 yo‘nalishda mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi. Yosh tadqiqotchilar zamon talablariga mos bo‘lgan 25 ta ilmiy laboratoriyalarda ilmiy tadqiqotlarini davom ettiradilar.
      Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi, Matematika instituti, Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi, qator kafedralar qoshida innovatsion hamkorlik markazlari, o‘quv-ilmiy komplekslar, 3 ta akademik litsey faoliyati yil sayin takomillashib bormoqda.
Mazkur ta'lim muassasasida “O‘zbekiston Milliy universiteti” gazetasi, “O‘zMU xabarlari” ilmiy jurnali chop etiladi. Shuningdek, universitet Axborot xizmati, Internet tizimida www.nuu.uz <http://www.nuu.uz/> portali, har bir fakultet veb-sayti, telestudiya, radiostudiya va fotolaboratoriyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Milliy universiteti davlat ta'lim standartlarini, malaka talablari asosida o‘quv rejalari va dasturlarini yaratish hamda respublikamizdagi qator universitetlarga tatbiq qilishda tayanch ta'lim muassasasi bo‘lib kelgan.
      Ayni paytda talabalarga 1160 dan ziyod professor-o‘qituvchilar ta'lim-tarbiya bermoqdalar. Ularning 8 nafari akademik, 150 dan ziyodi fan doktori va professor, 400 ga yaqini fan nomzodi va dotsent darajasiga ega ekanligi O‘zbekiston Milliy universitetining ilmiy salohiyati nechog‘lik yuksakligini ko‘rsatadi.
      Milliy universitet xalqaro andozalarga mos keladigan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda va dunyodagi mashhur xorijiy ta'lim markazlari hamda universitetlar bilan hamkorlikni keng ko‘lamda rivojlantirmoqda. So‘nggi yillarda AQSH, Yaponiya, Avstriya, Gretsiya, Xitoy, Polsha, Janubiy Koreya, Germaniya, Chexiya, Angliya, Malayziya, Shvetsiya, Italiya, Fransiya, Belgiya, Rossiya kabi 30 dan ortiq mamlakatlar universitetlari va ilmiy muassasalari bilan aloqalar yanada mustahkamlandi.
      Fanda ilmiy maktab yaratish buyuk ajdodlarimizdan meros. Al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘nlab daholardan meros qolgan ilmiy maktablar bugungi kunda
      ham butun dunyo ilm ahli uchun juda qadrli. Bu ulug‘vor an'ana Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti olimlari tomonidan izchil davom ettirilmoqda. Zero, o‘tgan yillar mobaynida universitetimiz olimlari tomonidan yaratilgan 50 ga yaqin shunday ilmiy maktablar jahon ilm ahli tomonidan e'tirof etilgan. Ular bugungi texnik taraqqiyotning ham poydevori hisoblanadi.
      Milliy universitet kadrlar salohiyatini bu qutlug‘ dargohdan yetishib chiqqan olimlardan ham bilsa bo‘ladi. O‘tgan yillar mobaynida bu o‘quv maskanidan yetishib chiqqan atoqli olimlardan 106 nafari akademik darajasiga erishganlar. Ulardan 23 nafari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti va vitse-prezidentlari bo‘lganlar. Olima ayollardan 120 dan ortig‘i fan doktori va professor ilmiy unvonlarini olganlar.
      Mustaqillik yillarida bu dargohda ta'lim-tarbiya olayotgan yigit-qizlarning 30 dan ortig‘i Prezident stipendianti, 25 dan ziyodi Mirzo Ulug‘bek nomidagi va 30 dan ziyodi Alisher Navoiy nomidagi stipendiyalar sohibi bo‘lganlar.
      Har yili o‘nlab iqtidorli talabalar “O‘zMU stipendiyasi”ga ega bo‘ladilar. Shu bilan bir qatorda universitetimiz tarixida yorqin iz qoldirishgan atoqli olimlar - Toshmuhammad Sarimsoqov, Obid Sodiqov, Sa'di Sirojiddinov, Sodiq Azimov, Ubay Oripov, Habib Abdullayev, G‘ulom Karimov, Ibrohim Mo‘minov nomidagi stipendiyalar tashkil etilgan.
Universitetda tahsil olgan ziyolilardan Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar O‘zbekiston Qahramoni unvoniga, shuningdek, ko‘plab professor-o‘qituvchilar O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni va boshqa unvonlarga sazovor bo‘lganlar.
      Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan universitetimiz Axborot resurs markazida internet tizimiga ulangan kompyuterlar xizmati tashkil etilgan. Kutubxona fondi 3 milliondan ortiq adabiyotlarga ega. Mustaqillik yillarida chop etilgan o‘quv adabiyotlarining elektron nusxalari tayyorlanib, universitetda joriy qilingan lokal tarmoq tizimiga uzatiladi. Bundan tashqari har bir fakultetda o‘quv xonalari, kutubxonalar zamon talablariga mos ravishda jihozlantirilgan.
      Mazkur ta'lim muassasasida “O‘zbekiston Milliy universiteti” gazetasi, “O‘zMU xabarlari” ilmiy jurnali chop etiladi. Shuningdek, universitet Axborot xizmati, Internet tizimida www.nuu.uz <http://www.nuu.uz/> portali, har bir fakultet veb-sayti, telestudiya, radiostudiya va fotolaboratoriyalar mavjuddir.
      Muhtaram Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov Milliy universitetimizga hamisha katta e'tibor bilan qaraydilar. “Yoshlik” talabalar shaharchasiga o‘tgan yillar mobaynida bir necha bor tashrif buyurgan davlatimiz rahbari talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazib, bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari tashabbuskori hamda rahnamosi bo‘ldilar. Zotan, bugun talabalar shaharchasi tom ma'noda yangidan chiroy ochgan. “Suv sporti saroyi”, qator sport inshootlari, bejirim binolar qad rostladi. Talabalar turar-joylari yangicha zamonaviy qiyofa kasb etib, barcha sharoitlar muhayyo etildi. Shu hududda qaytadan bunyod etilgan ravon yo‘llar-u yo‘laklarga tutash bog‘lar, xiyobonlar, turfa gullar barchani o‘ziga maftun etadi.
      Universitet Madaniyat saroyi - talabalarning sevimli maskani! Bu yerda bir necha yillardan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan “Shovvozlar” teatr studiyasi, Ma'naviyat va ma'rifat markazida “Yosh siyosatchilar”, “Yosh sotsiologlar”, “Yosh jurnalistlar”, “Notiqlar” klublari yosh iqtidor sohiblarining ma'nan yetuk bo‘lib kamol topishlarida g‘oyat muhim o‘rin tutmoqda.
       Mamlakatimizda karvonboshi universitet deya e'tirof etilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olish katta sharaf. Har yili bu dargohga qabul yuksak saviyada tashkil etiladi.
       O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 may kuni qabul qilingan “2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi Qarorida, respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va mintaqalarida talab etiladigan ixtisosliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni sifatli tayyorlashni ta'minlash, oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishda ish beruvchilarning oliy ma'lumotli mutaxassislarga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini, shuningdek, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgartirishlarning maqsadli o‘rta muddatli dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
      Mazkur Qarorda, jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi universitetlar va oliy o‘quv yurtlari bilan qalin hamkorlik doirasida keng ko‘lamda ishtirok etgan holda 2016/2017 o‘quv yili boshlangunga qadar barcha o‘quv rejalari va dasturlari tubdan qayta ishlab chiqilishini nihoyasiga yetkazish, fanlarni o‘qitishning eskirgan, umrini o‘tab bo‘lgan yondashuv va uslublaridan batamom voz kechish, bakalavriat va magistraturada jahon fani va ilg‘or pedagogik texnologiyalarning zamonaviy yutuqlariga asoslangan yangi o‘quv rejalari va dasturlarini joriy etish, ta'lim jarayonida ularni amalga oshirish hamda oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish uchun birinchi navbatda fundamental va texnik mutaxassisliklar bo‘yicha yetakchi xorijiy olimlar va o‘qituvchilarni jalb etish vazifalari ham belgilangan. Bu vazifalar O‘zbekiston Milliy universitetida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
      Bu yil Milliy universitetimizga Ona tili va adabiyoti (rus tili va adabiyoti o‘zga tilli guruhlarda), Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili), Milliy g‘oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi, Filologiya va tillarni o‘qitish (inliz, nemis, fransuz, rus tillari), Tarix (mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha), Arxeologiya, Falsafa, Matematika, Amaliy matematika va informatika, Biologiya (turlari bo‘yicha), Fizika, Mexanika, Astronomiya, Kimyo, Geografiya, Gidrometeorologiya, Geologiya, Geofizika, Tuproqshunoslik, Gidrologiya (tarmoqlar bo‘yicha), Sotsiologiya, Psixologiya (faoliyat turlari bo‘yicha), Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha), Arxivshunoslik, Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), Kadrlar menejmenti, Geodeziya, kartografiya va kadastr (funksiyalari bo‘yicha), Axborot tizimlarining matematik va dasturiy ta'minoti, Informatika va axborot texnologiyalari (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), Axborot xavfsizligi (sohalar bo‘yicha), Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari bo‘yicha), Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) kabi 37 ta yo‘nalishga abituriyentlar qabul qilinadi.
Eng iste'dodli va iqtidorli yigit-qizlarga O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi bo‘lishdek baxtga erishishlarida omad tilab qolamiz.
 O‘zMU Axborot xizmati