O'zMU » Yangiliklar » Teleradiojurnalistika tadqiqotchilari anjumani

      Teleko‘rsatuv yoki radioeshittirish tayyorlash jurnalistdan puxta bilim va ijodiy mahorat talab etadi.

O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi Mediamarkazida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonning bugungi teleradiosi: nazariya va amaliyot” mavzuidagi 3-an'anaviy respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida bu haqda atroflicha so‘z yuritildi.

 

      Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Ismoil Foziljonov, O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosari Farhod Ro‘ziyev, Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatova, Teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar kafedrasi mudiri Shavkat Ibragimov, dotsentlar Zoir Tohirov, Shavkat Miralimov, taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov va boshqalar davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda milliy jurnalistika, xususan, teleradiojurnalistika sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini alohida ta'kidladilar.

 

 

      Aytish joizki, bugungi kunda yurtimizda 66 ta telekanal, 34 ta radiokanal faoliyat ko‘rsatayotgani elektron media tarmoqlarning samarasi va salmog‘i ham tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Ayni paytda mamlakatimiz aholisining 54 foizi raqamli televideniye imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Joriy yilning o‘zida mamlakatimiz bo‘yicha yana 84 ta yuqori quvvatga ega bo‘lgan teleuzatgich moslamalari o‘rnatildi va shu tariqa barcha hududlarimizni 100 foiz raqamli televideniye bilan qamrab olishga erishilmoqda. Hozirgi vaqtda birgina O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarning bir sutka davomidagi umumiy efir vaqti 520 soatni tashkil etmoqda. Holbuki, yaqin o‘tmishda bu raqam bor-yo‘g‘i 24 soatga teng edi. Milliy teledasturlarimiz sun'iy yo‘ldosh orqali dunyoning yuzdan ortiq davlatlariga uzatilib, jahon jamoatchiligini O‘zbekistonning qadimiy tarixi, boy madaniyati, bugungi sermazmun hayoti bilan tanishtirishda katta rol o‘ynamoqda.

 

 

      Shunday kezda mamlakatimizda teleradio sohasida yetuk jurnalist-kadrlar tayyorlash borasida ham qator vazifalar amalga oshirilmoqda. Jurnalistika fakultetida jahon ta'lim standartlariga mos o‘quv rejalari, ma'ruzalar tayyorlanmoqda. Telestudiya va radiostudiya faoliyati takomillashtirilmoqda.

 

      Anjumanda teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar sifati hamda mazmundorligini yanada oshirish, muhim axborotlarni hozirjavoblik bilan yoritish, til va uslub, ijodiy mahorat masalalari yuzasidan ma'ruzalar tinglandi.

 

      Talabalar va yosh tadqiqotchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

 Ulug‘bek USMONOV,

jurnalist