O'zMU » Yangiliklar » Bu yil hayajon ichra O‘zMUga hujjat topshirayotgan eng iqtidorli abituriyentlarga omad tilab qolamiz.

      Yuqoridagi suratlardan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qishga qabul qanchalik yuksak saviyada tashkil etilgani, qanday sharoitlar yaratib qo‘yilgani va shunday ulug‘ dargohda o‘qish niyatida kelayotgan yosh iqtidor sohiblari qulay imkoniyatlardan foydalangan holda hujjatlarini topshirayotganlarini kuzatish mumkin.
      Ma'lumot o‘rnida eslatib o‘tamiz:
      O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 may kuni qabul qilingan “2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga shu yil 20 iyundan 20 iyulgacha o‘qishga qabul davom etadi.
      O‘zMUga jahondagi rivojlangan davlatlarning yetuk ta'lim muassasalari o‘quv jarayonlarini qiyosiy tahlil qilgan holda hamda zamonaviy ilm-fan yutuqlari va ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida yaratilgan yangi avlod o‘quv reja va dasturlari asosida qabul ko‘rsatkichlarining 2016-2017 o‘quv yilida bakalavrlar ta'lim yo‘nalishlari va o‘qitish tillari bo‘yicha jami 1324 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan. Ya'ni, Ona tili va adabiyoti (rus tili va adabiyoti o‘zga tilli guruhlarda) 25, Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili 50, Milliy g‘oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi 20, Filologiya va tillarni o‘qitish bo‘yicha: ingliz tili 80, nemis tili 20, fransuz tili 14, rus tili 20, Tarix (mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha) 60, Arxeologiya, 25, Falsafa 25, Matematika 60, Amaliy matematika va informatika 50, Biologiya (turlari bo‘yicha) 70, Fizika 80, Mexanika 25, Astronomiya 20, Kimyo 70, Geografiya 40, Gidrometeorologiya 20, Geologiya 50, Geofizika 25, Tuproqshunoslik 20, Gidrologiya (tarmoqlar bo‘yicha) 25, Sotsiologiya 20, Psixologiya (faoliyat turlari bo‘yicha) 40, Jurnalistika (faoliyat turlari bo‘yicha) 70, Arxivshunoslik 20, Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) 25, Kadrlar menejmenti 25, Geodeziya, kartografiya va kadastr (funksiyalari bo‘yicha) 60, Axborot tizimlarining matematik va dasturiy ta'minoti 40, Informatika va axborot texnologiyalari (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) 40, Axborot xavfsizligi (sohalar bo‘yicha) 20, Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari bo‘yicha) 25, Ijtimoiy ish (pensiya ta'minoti) 25, Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) 20 nafar talaba qabul qilinadi.
      O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida oliy ta'lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishga keng jalb etish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. Mazkur qarorga asosan, yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida 10 ta: Biologiya, Geologiya va geografiya, Jurnalistika, Ijtimoiy fanlar, Iqtisodiyot, Kimyo, Matematika, Tarix, Fizika, Xorijiy filologiya fakultetlari, 72 ta kafedra o‘z faoliyatlarini davom ettiradi. Ularda 37 yo‘nalishda bakalavrlar va 63 yo‘nalishda mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi. Yosh tadqiqotchilar zamon talablariga mos bo‘lgan 25 ta ilmiy laboratoriyalarda ilmiy izlanishlar olib boradilar.
 To‘lqin ESHBEK,
O‘zMU Axborot xizmati rahbari