O'zMU » Yangiliklar » Osuda yurtga bayramlar yarashadi

      Shu kunlarda xalqimiz Vatanimizning ko‘p asrlik shonli tarixida mutlaqo yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish yo‘lini ochib bergan buyuk tarixiy voqyea - O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish va tantanali nishonlash uchun qizhin tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yurtimizda istiqomat qilayotgan yoshu qari to‘yga munosib to‘yona hozirlashga intilmoqda. Mustaqillik qutlug‘ bayramimiz. Prezidentimiz ta'kidlanganidek, «Biz uchun haqiqatan ham eng ulug‘, eng aziz ayyom bo‘lgan bu qutlug‘ sana o‘tgan tarixan qisqa davrda bosib o‘tgan g‘oyat og‘ir va murakkab, shu bilan birga, sharafli yo‘limizni, amalga oshirgan keng ko‘lamli islohotlarimiz samarasini, qo‘lga kiritgan ulkan marra va yutuqlarimizni tanqidiy ko‘z bilan sarhisob qilish, oldimizga qo‘ygan oliy maqsad - eng taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishda, hech shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi». 
      Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan birida bo‘lib o‘tgan tadbir ham bevosita «Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday marralarni egallashimiz kerak?» mavzuiga bag‘ishlandi. Unda ishtirok etgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi To‘lqin Eshbek istiqlol yillarida betakror ma'naviyatimizni tiklash va uni keng targ‘ib etish bo‘yicha yurtimizda olib borilgan islohotlar, shuningdek, Prezidentimiz Islom Karimovning «Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish - eng oliy saodatdir» kitobi mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. 
      -- Ma'naviy boyliklarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbiga jo etish uchun avvalo ularning mazmun-mohiyatini teran anglamoq zarur,- deydi To‘lqin Eshbek.- Dunyodagi zo‘ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni o‘ziga tobe qilib, bo‘ysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo‘lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya'ni eng buyuk boyligi bo‘lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma'naviyatidan judo qilishga urinadi. Buning tasdig‘ini uzoq va yaqin tarixdagi ko‘pdan-ko‘p misollarda yaqqol ko‘rish mumkin. Chunki har qaysi millat yoki xalqning ma'naviyati uning bugungi hayoti va taqdirini, o‘sib kelayotgan farzandlarining kelajagini belgilashda shak-shubhasiz hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Katta avlod vakillariga ma'lum, mustabid tuzumi davrida milliy ma'naviyatimiz, madaniyatimiz, tilimiz mash'um xatarlarning jabrini tortdi. Millatimizni tilidan, iymon-e'tiqodidan, urf-odatlaridan, milliy qadriyatlaridan judo qilishga urinishdi. Bunday nohaqlikka qarshi bosh ko‘targan ziyoli ajdodlarimiz «xalq dushmani» tamg‘asi ostida yo‘q qilindi. Bularni eslash naqadar og‘ir… Shukr, yurtimiz muborak mustaqillikka erishdi - ajdodlarimizning asriy orzusi ushaldi. Dunyo xaritasida O‘zbekiston degan mustaqil davlat paydo bo‘ldi. Tilimiz o‘zimizniki, dinimiz o‘zimizniki! Milliy qadriyatlarimiz, ma'naviyatimiz, madaniyatimiz qayta tiklandi. Bu xalqimizning eng katta yutug‘idir. 
      Mustaqillik, milliy ma'naviyat haqida gap ketganda har gal Prezidentimiz Islom Karimovning «Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish - eng oliy saodatdir» kitobini albatta tilga olaman. Chunki mazkur kitobning bosh g‘oyasini «Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?» degan o‘zak fikr tashkil etadi. Kitobda mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan tarixiy yo‘li teran tahlil qilinib, bu hayotiy savollarga chuqur va haqqoniy javoblar berilgan. Milliy tafakkurimiz xazinasiga bebaho hissa bo‘lib qo‘shiladigan, bugungi va ertangi hayotimizning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu kitob biz uchun avvalo yangi va yaqin tariximizning hali biz to‘la anglab yetmagan ko‘plab qirralarini kashf etdi. Shu bilan bir qatorda bu asar jamiyatimiz taraqqiyot falsafasini, mamlakatimiz va xalqimiz kelajagi, uning ravnaqini belgilab beradigan muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Shunday ekan, ertangi kunga umid va ishonch tuyg‘usi bilan qaraydigan barcha zamondoshlarimiz, ayniqsa, dunyoqarashi munosib shakllanayotgan yoshlar davlatimiz rahbarining bu kitobini ziyraklik bilan o‘qib o‘rganishlari maqsadga muvofiqdir. 
      Tadbir davomida harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar oldilar. 
Kapitan Gulnora HOJIMURODOVA, 
«Vatanparvar» muxbiri. 
Erkin USMONOV, 
jurnalist.