O'zMU » Yangiliklar » Olmazor tumanidagi 15-Oilaviy poliklinikada O‘zMU professor-o‘qituvchilari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Istiqlol bayrami shifokorlarga olam-olam quvonch baxsh etmoqda

 

Olmazor tumanidagi 15-Oilaviy poliklinikada O‘zMU professor-o‘qituvchilari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

 

             Inson salomatligi yo‘lida uzzu-kun faoliyat ko‘rsatayotgan shifokorlar hayotga teran nigoh bilan qaraydilar. Ular ma’nan yuksak, bilimli, dunyoqarashi keng bo‘lishini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak. SHul bois bu maskanda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yuksak saviyada o‘tadi. Olmazor tumanidagi 15-Oilaviy poliklinikada O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligi bayrami oldidan o‘tkazilgan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Tadbirning kirish qismida Olmazor tuman hokimligi Ma’naviyat targ‘iboti bo‘limi bosh mutaxassisi Muazzam Aliboeva, shifoxona bosh shifokori SHahzoda Tursunmetova, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Olmazor tuman kengashi raisi Kamoliddin Akromov, “Vatanparvar” tashkiloti Olmazor o‘quv sport texnika klubi Ma’naviyat, tashkiliy ommaviy ishlar va harbiy vatanparvarlik targ‘iboti bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Azizjon Qayumov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida bayon etilgan ulug‘vor g‘oyalarning tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Aytish joizki, jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasi o‘zining mustaqil rivojlanish yillarida asrlarga teng yo‘lni bosib o‘tdi. Tarixan qisqa bu davrda shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz qiyofasi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar butunlay o‘zgardi. Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida barqaror o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Eng muhimi, xalqimiz qalbida o‘z yurtiga egalik hissi, shu ulug‘ Vatanning bugungi va ertangi kuni uchun mas’uliyat va daxldorlik tuyg‘usi ortib, uning ongu tafakkuri va dunyoqarashi yuksalib bormoqda.

         Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi a’zosi To‘lqin Eshbek xalqimizga mustaqillik bergan ne’matlar haqida so‘z yuritar ekan, avvalo o‘nlab buyuk ajdodlarimizning muborak nomlari tiklangani va ularning bebaho meroslari ham chinakam qadr topayotganini, jumladan, tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sinoning dunyoga mashhur “Tib qonunlari” va boshqa kitoblari ona tilimizda qayta-qayta nashr etilayotganini izohlab berdi.

         Ma’ruzachi yurtimiz istiqloli yillarida betakror ma’naviyatimiz haqidagi eng yorqin va teran fikr-mulohazalar davlatimiz rahbari Islom Karimovning “YUksak ma’naviyat – engilmas kuch” asarida o‘z ifodasini topganini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, bu asarni tom ma’noda zamonamiz ma’naviyatining gultoji desak arziydi. Ma’naviy boyliklarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbiga jo etish uchun avvalo ularning mazmun-mohiyatini teran anglamoq zarur, dedi ma’ruzachi. Bu borada “YUksak ma’naviyat – engilmas kuch” asari g‘oyat muhim manba va ta’bir joiz bo‘lsa – ishonchli qo‘llanma, deyish o‘rinlidir. Bu asarni qanchalik chuqur o‘rgansangiz, shu qadar ma’naviy yuksaklikka erishaveraverasiz, dedi ma’ruzachi. U mazkur asar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritar ekan, asrlar davomida ne-ne bosqinlarni ko‘rgan ajdodlarimizni hech kim tilidan, iymon-e’tiqodidan, urf-odatlaridan, milliy qadriyatlaridan judo qila olmaganini qator misollar vositasida izohlab berdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, eng qudratli, engilmas KUCH – yuksak ma’naviyat bo‘lgan ekan!

        Suhbat davomida yozuvchi YOvdod Ilyosovning “So‘g‘diyona” romanida ana shunday bosqinlar haqida qiziqarli ma’lumotlar bayon etilgani, alalxusus, bir zamonlar Aleksand Makedonskiy o‘z armiyasi bilan qay tariqa bostirib kelgani, zaminimizni vayron qilgani, “Avesto”dek nodir asarimizning katta qismini o‘tga tashlatib yondirgani, nihoyat o‘zi ham ayanchli qismatga duchor bo‘lgani haqida atroflicha so‘z yuritildi.

       Eng qizig‘i, o‘sha bosqinchilar ham buyuk ajdodlarimizning yuksak ma’naviyati ta’sirida asta-sekin tub erli mahalliy xalq bag‘riga singib ketgani tarixiy haqiqatdir.

Atoqli adiblar Pirimqul Qodirov, Odil YOqubov, Mirtemir, Maqsud Qoriev, Muhammad Ali va boshqalarning tarixiy mavzudagi asarlarida yurtimizga tig‘ ko‘tarib kelishgan eroniylar, arablar, mo‘g‘ullar va boshqa bosqinchilarning ham qismatlari shunday yakun topgani haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirilgani haqida ma’ruzachi atroflicha so‘zlab berdi.

      “YUksak ma’naviyat – engilmas kuch” asarida bayon etilganidek, el-yurtimiz o‘zining ko‘p asrlik tarixi davomida bunday mash’um xatarlarni necha bor ko‘rgan, ularning jabrini tortgan. SHunday asoratlar tufayli tilimiz, dinimiz va ma’naviyatimiz bir paytlar qanday xavf ostida qolganini barchamiz yaxshi bilamiz. Ana shu fojiali o‘tmish, bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘limiz barchamizga saboq bo‘lishi, bugungi voqelikni teran tahlil qilib, mavjud tahdidlarga nisbatan doimo ogoh bo‘lib yashashga da’vat etishi lozim. O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q. Bu haqiqat kishilik tarixida ko‘p bora o‘z isbotini topgan.

        Ma’lumki, biz boshimizdan kechirgan sobiq mustabid tuzum davrida milliy ma’naviyatni rivojlantirishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmagan. Aksincha, xalqimizning tabiati, yashash tarziga yot bo‘lgan kommunistik mafkurani har qanday yo‘llar va zo‘ravonlik bilan joriy etishga harakat qilingan.

        Tilimizdagi mehr-oqibat, mehr-muhabbat, mehr-shafqat, qadr-qimmat degan, bir-birini chuqur ma’no-mazmun bilan boyitadigan va to‘ldiradigan iboralarni olaylik. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, bu iboralarni boshqa tillarga aynan tarjima qilishning o‘zi mushkul bir muammo.

Dunyodagi zo‘ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni o‘ziga tobe qilib, bo‘ysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo‘lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya’ni eng buyuk boyligi bo‘lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga urinadi. Buning tasdig‘ini uzoq va yaqin tarixdagi ko‘p-ko‘p misollarda yaqqol ko‘rish mumkin. CHunki har qaysi millat yoki xalqning ma’naviyati uning bugungi hayoti va taqdirini, o‘sib kelayotgan farzandlarining kelajagini belgilashda shak-shubhasiz hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

 

          Bugun Vatanimizning obro‘sini yanada yuksaltirib, ko‘pchilik mamlakatlarni qoyil qoldirayotgani va ularning havasini uyg‘otayotgan voqeliklar juda ko‘p. Oldin tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan bunday olamshumul natijalarning asosiy omilini avvalambor taraqqiyot yo‘limizda to‘siq bo‘lgan turli qiyinchilik, etishmovchilik, og‘ir va mashaqqatli sinovlarni engib o‘tishda odamlarimiz, butun xalqimizning dunyoqarashi, mehnatga, hayotga munosabati o‘zgarib, ularning siyosiy ongi, ijtimoiy faolligi, yon-atrofdagi voqealarga daxldorlik hissi tobora kuchayib borayotganida ko‘rish darkor.

Eng muhimi, ertangi kunimizning tayanchi va suyanchi bo‘lmish yosh avlodimizning yangicha, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, shu yurtning haqiqiy egasi, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir insonlar bo‘lib voyaga etayotganini alohida ta’kidlash zarur. Ayni shunday yoshlarni, aytish mumkinki, hal qiluvchi kuch sifatida tayyorlashni o‘zimizning ustuvor vazifamiz deb kun tartibiga qo‘yganimiz vaqt o‘tishi bilan naqadar uzoqni ko‘zlagan tarixiy qadam bo‘lgani tobora ayon bo‘lmoqda.

Ma’ruzachi ona Vatanimiz mustaqilligidan xalqimizga qanchalik baxtli-baxtiyor ekanligi, har yili qo‘lga kiritilayotgan tengsiz yutuqlarimiz haqida to‘lqinlanib so‘zladi. Bu yil Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan sportchilarimiz 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qo‘lga kiritganlarini, Andijon va Buxoroga tezyurar poezdlarimiz etib borganilari va ular karnay-surnaylar sadolari ostida kutib olinganini, bularning barchasi davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar samarasi ekanini alohida ta’kidlab, bunday yutuqlar bilan barchani samimiy tabrikladi.

         Tadbir so‘nggida inson salomatligi yo‘lida uzoq yillardan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelishayotgan bir guruh shifokorlar “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

 

 

Ra’no Abdurahimova,

Muharram Kamolova,

Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 15-Oilaviy poliklinika shifokorlari,

Erkin Usmonov,

“O‘zbekiston Milliy universiteti” gazetasi muxbiri