O'zMU » Yangiliklar » Milliy universitetda Ozbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga bagishlangan Xotira darslari bolib otdi

             Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bosh binosi foyesiga o‘rnatilgan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov surati poyiga 4 sentyabr kuni erta tongdan minglab talaba-yoshlar va pedagog xodimlar gullar qo‘yishib, ta’zim bajo ayladilar.

 

 

             SHundan so‘ng o‘quv zallarida, keng va shinam auditoriyalarda boshlangan “Xotira darslari”ni talabalar qunt bilan tingladilar.

             Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Botir Usmonov, O‘zMU rektori Abdurahim Abdushukurov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov butun faoliyati davomida ta’lim sohasiga alohida e’tibor bilan qarab, uni davlat siyosati darajasiga ko‘targani, yosh avlod kamoloti yo‘lida muntazam g‘amxo‘rlik ko‘rsatganini alohida

ta’kidladilar.

 

 

 
            Aytish joizki, Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Toshkent Davlat universitetiga SHarqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek) nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “O‘zbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu o‘quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo‘lgan va u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda. Bu tarixiy Farmonda, Vatan va millat taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan jadid ziyolilarimizning buyuk xizmatlarini e’tirof etish, tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlar qalbida istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalash, umuminsoniy va milliy ilm-fan qadriyatlarini avlodlar ongiga teran singdirish, Toshkent Davlat universitetining azaliy yuksak mavqeini o‘z joyiga qo‘yish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 9 apreldagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 90 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan bu o‘quv dargohining yubileyi katta tantanalar bilan nishonlangani tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan bitilgan.

               O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida oliy ta’lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishga keng jalb etish vazifalari ham belgilangan.

             SHuni alohida ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari Islom Karimov o‘z faoliyati davomida bir necha bor “YOshlik” talabalar shaharchasiga tashrif buyurib, bu maskanning qiyofasini tubdan o‘zgartirishga, qator inshootlar bunyod etilishiga rahnamolik qilganlarini, talabalar bilan o‘tkazgan suhbatlarida yoshlar qalbida kelajakka yanada umid va ishonch uyg‘otganini bugun barchamiz entikib eslaymiz.

              YUrtboshimiz Milliy universitetimizga alohida ehtirom bilan qarar ekan, uni – mamlakatimizda Karvonboshi universitet, deya ta’riflagani professor-o‘qituvchilarimiz, olimlarimizga ruhan qanot baxsh etgan.

            Qariyb bir asr mobaynida respublikamizdagi o‘nlab universitetlar va institutlar mana shu oliy ta’lim muassasasi zaminida paydo bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 may kuni qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra o‘z faoliyatini boshlayotgan yangi universitet ham O‘zMUning o‘zbek filologiyasi fakulteti va boshqa ta’lim muassasalari negizida vujudga kelgan.

Bugungi talaba-yoshlar Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, butun jahonda “o‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida mangu qolayotganini teran anglaydilar.

         “Xotira darslari” davomida maxsus monitorda namoyish etilgan “Marra – bizniki” deb nomlangan film talabalarda katta taassurot qoldirdi.

 

 

 

To‘lqin ESHBEK,

O‘zMU Axborot xizmati rahbari