O'zMU » Yangiliklar » Milliy universitet Kengashida

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining navbatdagi Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

         Yig‘ilish avvalida universitet rektori Abdurahim Abdushukurov Biologiya fakulьteti “Biotexnologiya” kafedrasi mudiri Dilbar Mirzarahmetovaga Texnika fanlari doktori diplomini tantanali ravishda topshirib, ilmiy-pedagogik ishlariga omadlar tiladi.

           Aytish o‘rinliki, Milliy universitetimizda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilayotgan katta ilmiy xodim izlanuvchilar va mustaqil tadqiqotchilar soni tobora ortib bormoqda.

Kengash raisi, universitet rektori Abdurahim Abdushukurovning “O‘zbekiston Milliy universitetida mustaqillik davrida amalga oshirilgan ishlar va oldimizda turgan muhim vazifalar to‘g‘risida”gi ma’ruzasini yig‘ilish ishtirokchilari katta qiziqish bilan tingladilar.

 

        Ma’ruzada ta’kidlanganidek, yurtimiz mustaqilligi yillarida ta’lim sohasiga, xususan, universitetimizga alohida e’tibor bilan qaraldi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Toshkent Davlat universitetiga SHarqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek) nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “O‘zbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu o‘quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo‘lgan va u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda.

         O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida oliy ta’lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishga keng jalb etish vazifalari ham belgilangan.

          Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘z faoliyati davomida bir necha bor “YOshlik” talabalar shaharchasiga tashrif buyurib, bu maskanning qiyofasini tubdan o‘zgartirishga, qator inshootlar bunyod etilishiga rahnamolik qilganlarini, talabalar bilan o‘tkazgan suhbatlarida yoshlar qalbida kelajakka yanada umid va ishonch uyg‘otganini bugun barchamiz entikib eslaymiz. YUrtboshimiz Milliy universitetimizga alohida ehtirom bilan qarar ekan, uni – mamlakatimizda Karvonboshi universitet, deya ta’riflagani professor-o‘qituvchilarimiz, olimlarimizga ruhan qanot baxsh etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 24 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat va ma’rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonini barcha ziyolilari qatori Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ham cheksiz quvonch va hayajon bilan kutib oldilar. Ushbu Farmonga binoan, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, milliy g‘oyani rivojlantirish, ma’naviyatimizni tiklash, o‘zligimizni anglash yo‘lida katta hissa qo‘shgan, yorqin iste’dodi va ijodi, ilmiy faoliyati, halol xizmati, yoshlarni ona yurtga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Fotonika” kafedrasi professori Valiev Uyg‘un Vohidovich “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” unvoni bilan taqdirlangan.

        O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan 27 avgust kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi katta majlislar zalida vazirlik huzuridagi markazlar hamda oliy ta’lim muassasalarining 140 nafar xodimini “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ular orasida O‘zbekiston Milliy universitetining o‘n nafar professor-o‘qituvchilari ham borligi bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Universitet rektori galdagi vazifalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

       Kengash kun tartibiga binoan O‘zMU O‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i Zafarjon Jabborov, Moliya va iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektor Otabek Jumaev, O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Fayzulla Agzamov, Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor vazifasini bajaruvchi Akrom Toshpo‘latov va boshqalar 2015-2016 o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar hamda 2016-2017 o‘quv yili rejalari, O‘zMU elektron jurnalini tashkil etish va boshqa muhim masalalar haqida so‘z yuritdilar. Kengash ishida O‘zMUning o‘quv-uslubiy, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, moliya va iqtisod, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha 2016-2017 o‘quv yili ish rejalari tasdiqlandi.

 

O‘zMU Axborot xizmati