O'zMU » Yangiliklar » Xalqaro aloqalar Germaniyalik olimlar bilan uchrashuv

   Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dunyodagi eng rivojlangan davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirmoqda.

    O‘zMU Xorijiy filologiya fakulьteti Nemis filologiyasi kafedrasi 1994 yildan buyon Germaniyaning Vilgelm nomidagi Vestfaliya universiteti bilan ilmiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bu boradagi o‘zaro manfaatlar tobora takomillashib, 2003 yildan buyon talabalar, ilmiy tadqiqotchilar almashinuvi amalga oshirilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida ko‘plab darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va badiiy asarlar nemis tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan nemis tiliga bevosita tarjima qilindi va bu jarayon hamon davom ettirilmoqda. O‘zMUning o‘nlab talabalari va tadqiqotchilari Germaniyada bilim va malakalarini oshirgan bo‘lsalar, germaniyalik mutaxassislar va talabalar Milliy universitetda ta’lim hamda tadqiqot ishlarini davom ettirdilar.

       SHu yil 8 sentyabrь kuni O‘zMU rektori Abdurahim Abdushukurov bilan Germaniyaning Vilgelm nomidagi Vestfaliya universiteti professori Kordula Schulze o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatda asosiy e’tibor ana shu hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirishga qaratildi.

Kordula Schulze xonim O‘zbekiston Milliy universiteti bilan ilmiy hamkorliklar ijobiy samarasini ko‘rsatayotganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, universitetlarimiz o‘rtasida amalga oshirilayotgan talabalar almashinuvi yoshlar o‘rtasida do‘stlik, mehr rishtalarini mustahkamlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi.                     Albatta, bu yoshlar bir kun ulg‘ayib, etuk mutaxassis bo‘lib etishganlarida ana shu do‘stlik aloqalarini har tomonlama davom ettirishlariga umid qilsa bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bu yil 5 nafar germaniyalik talabalar Milliy universitetimizda o‘qishni davom ettirishsa, O‘zMU talabalaridan Faridjon Usmonov va Sabina Gaynutdinovalar Germaniyada tahsil oladilar.

Suhbat davomida universitetlararo ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, bu boradagi yangi loyihalar xususida fikrlashib olindi.

 

Erkin USMONOV,

O‘zMU gazetasi muxbiri