O'zMU » Yangiliklar » Bolgariya Milliy va Dunyo xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlik

Madaniy-ma’rifiy aloqalar mamlakatimiz ta’lim taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.

        O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 26 maydagi “O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-1785-sonli Farmonida bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar aniq belgilab qo‘yilgan.

         Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida shu yil 13 sentyabrь kuni “Bolgariya–O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati boshqaruvi raisi, Bolgariya Respublikasining Sofiya shahrida joylashgan Milliy va Dunyo xo‘jaligi universiteti prorektori Krastev Toshko Angelo hamda mazkur do‘stlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Lem Dmitriy bilan o‘zaro muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zMU birinchi prorektori Fayzulla Agzamov xorijlik mehmonlar bilan uchrashuvda avvalo Milliy universitetimizning tarixi, yurtimiz mustaqilligi yillarida erishgan yutuqlari, qator xorijiy mamlakatlar universitetlari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro hamkorligi natijalari, bugungi kunda o‘quv jarayonlariga elektron ta’lim tizimi keng joriy etilayotgani, ilmiy salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. U O‘zMU Erasmus+ dasturlarida faol qatnashayotganligi, bu dasturlarning asosiy maqsadi Evropa va Markaziy Osiyo o‘quv muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, oliy ta’lim tizimi sifatini oshirish, ikki tomonlama fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

          Krastev Toshko Angelo ham o‘z navbatida Bolgariya Respublikasi oliy ta’lim tizimi, xususan, o‘zi faoliyat yuritayotgan universitetda o‘qitish usullari, dars jarayonlari, halqaro hamkorlik aloqalari haqida atroflicha so‘z yuritar ekan, bu borada ko‘plab ma’lumotlar jamlangan diskini taqdim etdi.

        Nufuzli mehmon o‘z so‘zida O‘zbekiston-Bolgariya aloqalari o‘zaro do‘stlik, hamkorlikka asoslanganligi va ta’lim sohasida erishilayotgan natijalarni ijobiy baholadi. U mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar jahon andozalariga mos ekanligini e’tirof etdi.

         O‘zaro muloqot chog‘ida O‘zMU bilan Bolgariya Milliy va Dunyo xo‘jaligi universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama ilmiy xodimlar, yosh tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilarning o‘zaro tajriba almashishi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikrlashib olindi. Kelgusida bu borada tegishli shartnomalar imzolanib, amaliy ishlarga kirishiladi.

 

Gulbahor Alimova,

O‘zMU Xalqaro aloqalar bo‘limi uslubchisi