O'zMU » Yangiliklar » Tarix zarvaraqlarida zarhal bitiklar

Bir necha kun mobaynida jahon jamoatchiligi nigohi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlariga qaratildi.

O‘zbekistonlik sportchilar o‘yinning dastlabki kuniyoq 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalga sazovor bo‘lgani barcha yurtdoshlarimizni hayajonga soldi. O‘sha lahzalardan to bugungi kunga qadar biror o‘zbekistonlikning ko‘zi televizor yoki internet saytlaridan uzilmay qoldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

SHunga yarasha sportchilarimiz jumlai jahonni hayajonga solib, ketma-ket oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritishda davom etdilar. Ular dunyoning 160 dan ziyod davlatidan to‘rt mingdan ortiq sportchi ishtirok etishgan nufuzli musobaqada dzyudo, suzish, engil atletika, o‘q otish va pauerlifting bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qildilar.

Tajribali sportchimiz oltin medal sohibi Husniddin Norbekov disk uloqtirish bahslarida 59,75 metr natija qayd etib, jahon va Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi.

G‘olib sportchilarimiz sharafiga har gal O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida kurrai zaminning bu tarafida millionlab vatandoshlar faxr-iftixor bilan qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yib turdilar, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

 

 

SHunday qilib, sportchilarimiz Paralimpiya o‘yinlarida 8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritdilar. Bu bilan ular umumjamoa hisobida 15-o‘rinni (medallar soni bo‘yicha 12-o‘rin), Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida 1-o‘rinni, MDH davlatlari o‘rtasida 2-o‘rin (1-o‘rin Ukraina, 171 sportchi bilan ishtirok etgan), Osiyo davlatlari o‘rtasida 2-o‘rin (1-o‘rin Xitoy, 326 sportchi bilan ishtirok etgan), dzyudo sport turi bo‘yicha umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladilar.

Sportchilarimiz tomonidan 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiya o‘yinlari, 12 ta Osiyo rekordi o‘rnatildi. SHu vaqtga qadar birorta davlat vakillari, ya’ni ishtirokchilar soni va qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha bunday natija qayd etishmagan. Bu yutuqlar zamirida davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularga bo‘lgan ishonch hamda sportchilarimiz va murabbiylarining tinimsiz mehnatlari yotibdi. Ona YUrtimiz va xalqimizning shunday Vatanni sevguvchi farzandlari bor ekan, O‘zbekiston bayrog‘i doimo baland ko‘tarilaveradi.

Rio-de-Janeyroda shahrida o‘tkazilgan yozgi XV Paralimpiya o‘yinlaridan g‘oliblarcha qaytib kelishgan sportchilarimizni katta shodiyonalar bilan kutib olish maqsadida minglab yurtdoshlarimiz, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, professor-o‘qituvchilar, san’atkorlar, sportchilar, paralimpiyachilarning ota-onalari, oila a’zolari 21 sentyabrь kuni erta tongdanoq Toshkent xalqaro aeroportiga to‘plandilar.

G‘olib sportchilarimiz qo‘llarida Vatanimiz bayrog‘ini mag‘rur ko‘targancha karnay-surnay sadolari ostida chiqib keldilar.

Tantanali kutib olish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov, O‘zbekiston xalq artisti M.Azizov, ota-onalar nomidan R.Qo‘chqorova paralimpiyachilarimizning bu yuksak g‘alabasi xalqimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlaganini, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizda mustaqillik yillarida sportni rivojlantirishga, bu jarayonda jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning ulkan samarasini butun dunyoga namoyon qilganini alohida ta’kidladilar. G‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqqan SH.Namozov, H.Olimova, M.Tursunxo‘jaev xalqimizning ishonchi, davlatimizning yoshlarga qaratayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirdilar.

Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari, ishtirokchilari, ularning ota-onalari va yaqinlari usti ochiq avtobusga o‘tirib yo‘lga chiqdilar. Toshkent xalqaro aeroportidan O‘zbekiston Paralimpiya assotsiatsiyasi binosiga qadar muzaffar sportchilarimizni barcha birdek olqishlab turdilar.

Kutib olish marosimi asnosida biz bir guruh tadbir ishtirokchilarining dil so‘zlarini qog‘ozga tushurdik.

Abdurahim Abdushukurov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori:

– O‘zbekiston sportchilarining Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi XV Paralimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan g‘alabalari talaba-yoshlarimiz qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat, iftixor tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirmoqda. Bu g‘alabalar mamlakatimizda yosh sportchilarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlarning samarasi, deyishimiz mumkin. Iqtidorli yoshlarimiz sport bilan bir qatorda xalqaro fan olimpiadalarida ham shunday natijalarga erishayotganlari barchamizga g‘urur baxsh etadi. SHuni quvonch bilan aytishimiz mumkinki, iqtidorli talabalarimiz g‘olib sportchilarimiz kabi xalqaro fan olimpiadalarida ham oltin, kumush, bronza medallari sohiblariga aylanmoqdalar.

O‘ktam Mirzayor, O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi Publitsistika kengashi raisi:

– Jahon nigohida – XV Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonning 32 nafar sportchisi Vatanimiz sharafini himoya qilib, 31 ta medalni qo‘lga kiritgani qaysi ijodkorni ilhomlantirmaydi! Bu yil barcha sportchilarimiz erishgan g‘alabalari haqida ocherk, badialar yozsak, shuning o‘zi salmoqli kitobga aylanishi aniq. O‘ylaymanki, faol ijodkorlarimiz ana shu ezgu ishga ham qo‘l uradilar.

Abror Xidir, tarixchi olim:

– Tarix asli bugundan boshlanadi, degan gap bejiz aytilmagan. Bugun biz tom ma’nodagi tarixiy voqealar ichra turibmiz. Ajdodlari buyuk millatning avlodlari shunday buyuk ishlarga qodirligini, yurtimiz yoshlarining mardlik va jasoratda, iqtidoru iste’dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan ustun ekanini isbotladi. Sportchilarimizning XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida xalqqa ulashgan, elning qaddini, g‘urur-iftixorini tog‘dek ko‘targan muzaffar onlarining hovuri bosilmay turib, yana g‘alaba nashidasi, baxtiyor lahzalar shukuhi qalblarimizni chulg‘ab oldi. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz erishgan natijalar ana shunday tuyg‘ularni baxsh etdi. O‘ylaymanki, yosh tadqiqotchilarimiz bugungi voqeliklarni ham o‘z ilmu ijodlari orqali tarix zarvaraqlariga zarhal harflar ila muhrlaydilar.

 

O‘zMU Axborot xizmati