O'zMU » Yangiliklar » O‘zMUda ta’lim tizimi takomillashmoqda

Mamlakatimizda ta’lim tizimini takomillashtirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va ularni amalga oshirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 22 sentyabrь bo‘lib o‘tgan “Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ta’lim tizimi: islohotlar, yutuqlar va istiqbollar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida asosiy e’tibor ana shu masalalarga qaratildi.

O‘zMU YOsh olimlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan tashkil etilgan anjumanda respublikamizningqator oliy ta’lim muassasalaridan magistrlar, yosh tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.

– YAqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “YOshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining 25-moddasi“Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash” deb nomlanib, unda iqtidorli va iste’dodli yoshlarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda o‘qitish, qayta tayyorlash va amaliyotni o‘tash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy ishlarni o‘tkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan,– deydi universitet Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor vazifasini bajaruvchi Akrom Toshpo‘latov.– Bugungi ilmiy-amaliy anjuman ham o‘z oldiga ana shunday ezgu maqsadlarni qo‘ygan. Umid qilamizki, anjumanimiz ishtirokchilari bo‘lgan yosh tadqiqotchilar intellektual salohiyatlarini zamon talablari darajasida oshirib boradilar.

Anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqqan yosh olimlar va tadqiqotchilar davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan beqiyos imkoniyatlardan samarali foydalanish, pirovardida, ilm-fan va ta’lim sohasini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidladilar.

Ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari “Fizika-matematika fanlarining dolzarb muammolari”, “Tabiiy fanlarning dolzarb muammolari”, “Ijtimoiy-gumanitar fanlarning dolzarb muammolari”, “Ustoz va shogird maktabi” kabi mavzularda o‘zaro fikr almashdilar.

Anjuman ishtirokchilariga “Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ta’lim tizimi: islohotlar, yutuqlar va istiqbollar” deb nomlangan maqolalar to‘plami hamda faol ishtirokchilarga maxsus sertifikat taqdim etildi.

 

O‘zMU Axborot xizmati