O'zMU » Yangiliklar » Qonunni o‘rgangan yoshlarning kelajagi porloqdir

Hayotimizda har bir qonunning o‘z o‘rni bor. Ularni puxta o‘rganganlar avvalo o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladilar. Huquqiy madaniyati yuksak inson shunga yarasha farovon hayot kechiradi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 26 sentyabrь kuni “O‘zbekiston Respublikasining “YOshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni – talaba-yoshlar hayotining huquqiy kafolatlari” mavzuiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumanida bu haqda atroflicha fikr yuritildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “YOshlik” Talabalar shaharchasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan tashkil etilgan anjumanda professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar ishtirok etdilar.

Unda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Abdurahim Abdushukurov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi mutaxassisi Ikrom CHoriev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi SHavkat Mirziyoev tomonidan 2016 yil 14 sentyabrь kuni imzolangan va rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “YOshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni talaba-yoshlarimiz hayotida, chunonchi, jamiyatimiz taraqqiyotida qanchalik muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladilar.

Anjuman ishtirokchilari yuridika fanlari doktori Feruza Muhitdinovaning “YOshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni”, O‘zMU Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirovning “Talaba-yoshlarni barkamol inson qilib tarbiyalashda “YOshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning ahamiyati”, O‘zMU Jurnalistika fakulьteti dotsenti, Axborot xizmati rahbari To‘lqin Eshbekning “Ommaviy axborot vositalarida qonunlar va ularga sharhlarning yoritilishi hamda talabalarning fikrnomalari” mavzuidagi ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tingladilar.

Ma’ruzalarda qayd etilganidek, mazkur qonunda o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar – yoshlar (yosh fuqarolar), oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini bitirgan, ta’lim muassasasini bitirganidan so‘ng olgan ixtisosligi bo‘yicha uch yil ichida ishga kirgan va ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan ixtisosligi bo‘yicha ishlayotganiga uch yildan ko‘p bo‘lmagan o‘ttiz yoshdan oshmagan xodim – yosh mutaxassis deb e’tirof etilishi izohlab berildi.

– Mazkur anjumanda biz iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, fan, madaniyat va san’at sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablar, ta’lim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar faoliyatini tashkil etilishining qonuniy kafolatlari haqida etarli darajada tushunchaga ega bo‘ldik,– deydi Tarix fakulьteti talabasi Nasiba Narzullaeva.– Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar, festivallar, ko‘riklar, konsertlar, simpoziumlar, o‘qishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etilishi, yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda o‘qitish, qayta tayyorlash va amaliyotni o‘tash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini ta’minlash borasida shunchalik keng imkoniyatlar yaratilishi barchamizni yanada ilhomlantiradi, kelajakka umid hamda ishonch uyg‘otadi.

Anjumanda tinglovchilar mazkur qonun yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar.

 

 

Ulug‘bek Usmonov,

jurnalist