O'zMU » Yangiliklar » Sertifikatlar topshirildi

Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish – etuk kadrlar tayyorlash jarayonining muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Ayni paytda bu borada qator vazifalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 26 sentyabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 278-son qarori bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Mintaqaviy markazi tashkil etilgan.

Mazkur markazda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan Markazda ta’lim jarayoni yangi metodik baza asosida yo‘lga qo‘yilgan. Binobarin, malaka talablarini to‘laqonli amalga oshirish maqsadida yuqori samarali, zamonaviy ta’lim va innovatsiya texnologiyalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalar keng joriy etilmoqda. SHunga monand o‘quv rejalari, dastur va uslublari tubdan yangilandi. O‘quv dasturlari, yangi o‘quv-uslubiy majmualar xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda yaratildi.

Respublikamizda 2020 yilga qadar fan yo‘nalishlari bo‘yicha xorijiy adabiyotlarni markazlashgan holda sotib olish yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada qator imtiyozlar joriy etilgan.

SHu yil 22 avgustdan 12 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazida oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida trenerlar tayyorlash kurslari tashkil etildi. Bu dargohda mashg‘ulotlar yuksak saviyada o‘tkazildi. Rejaga ko‘ra mashg‘ulotlar O‘zMU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida davom ettirildi.

Mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan O‘zMUning 42 nafar professor-o‘qituvchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi.

 

O‘zMU Axborot xizmati