O'zMU » Yangiliklar » Odam savdosi – mudhish jinoyat

Taraqqiyotning beqiyos cho‘qqilarini ko‘rayotgan zamondoshlarimizbaxt va baxtsizlik “chegarasi”da odam savdosidek mudhish jinoyatlarga ham guvoh bo‘lib turishibdi. Kimlardan uning qurboniga aylanmoqda…Bunday jinoyatlarning oldini olish uchun keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish maqsadga muvofiqdir. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida shu yil 6 oktyabrь kuni o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir “Odam savdosi – hudud, chegara, millat tanlamaydigan mudhish jinoyatdir” mavzusiga bag‘ishlandi.

 

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Davlatyor Jumaboev, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining fuqarolarni chet elda ishlashga yollash va ishga joylashtirish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Abduqahhor Hakimov va boshqalar mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurash ishlari, respublika Idoralaro komissiyasining 2015-2016 yillarga mo‘jallangan chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosi haqida so‘z yuritdilar.

Bunday qabih ishlarga, biz uchun yot g‘oyalarga qarshi kurashda talaba-yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ularni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Ogohlik – davr talabiga aylanganini har bir yigit-qiz teran anglamog‘i lozimdir.

Uchrashuvda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi xodimi Azim Ahmatov odam savdosi qurboniga aylanayotgan ayrim kimsalar haqida gapirar ekan, bunday illatlarning asl mohiyatini, soddadil, ishonuvchan yoshlarning turli aldov yo‘llari bilan tuzog‘iga ilintirgan vahshiylar ulardan yovuz maqsadlari yo‘lida foydalanishini izohlab berdi.

Tadbir ishtirokchilariga “Adashmang! To‘g‘ri yo‘lni tanlang!” mavzusidagi plakatlar majmui va tarqatma bukletlari taqdim etildi.

Talabalar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar.

 O‘zMU Axborot xizmati