O'zMU » Yangiliklar » Tanlov g‘oliblari taqdirlandi

 

Talabalik – oltin davr, deydilar. 
Bu davrning qanchalik oltinga tengligi – o‘qish, bilim olish bilan bir qatorda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va boshqa voqeliklar bilan izohlanadi. 
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan yigit-qizlar hayotida unutilmas voqealar ko‘p bo‘ladi. Kunda-kunora universitetda, talabalar turar-joylarida va boshqa maskanlarda o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar ularning qalblariga bir umrga muhrlanib qolayotgan bo‘lsa ajabmas. 
Ana shunday tadbirlardan biri – 1-bosqich talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida taqdimotlar tanlovi bo‘ldi. 
– Tanlovning dastlabki fakultet bosqichida 120 ga yaqin talabalar ishtirok etgan bo‘lsa, demak, shuncha iste’dod sohiblari kashf etildi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz,– dedi hakamlar hay’ati raisi, O‘zMU prorektori Davlatboy Jumaboev.– Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad – talaba-yoshlarni ma’nan kamol toptirish, mustaqilligimizning shonli yutuqlarini yoshlar qalbiga chuqur singdirish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini chuqurroq bilish, mustaqil va erkin fikrga ega iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli qarorida bunday tadbirlar yuksak saviyada o‘tkazilishi alohida ta’kidlangan. Albatta, tanlovga tayyorgarlik jarayonidayoq o‘nlab yoshlar chinakam iste’dodlarini namoyon etdi. Har bir fakultetda boshlangan tanlovning dastlabki bosqichi risoladagidek o‘tdi. “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan bitiklar oddiy shior emas, balki, talaba-yoshlar qalb daftariga umrbod muhrlangan eng otashin kalomlarga aylanib qoldi. Ular endi ana shunday ruhda kamolga etadilar! 
Tanlovning universitet bosqichida ishtirok etgan 9 nafar yosh iste’dod sohibi o‘z taqdimotlarini havola etdilar. 
Hakamlar hay’ati mavzuning to‘laqonli ochib berilganligi, mavzuni yoritishda adabiyotlardan foydalanganlik darajasi, hayotiy misollar teran nigoh bilan ochib berilganligi, dolzarb masalalar va ularning echimlari, takliflari hamda ijodiy ishlar uslubiy va imloviy to‘g‘riligiga qarab baholadilar. 
YUksak saviyada g‘oyat qiziqarli o‘tgan tanlovda Kimyo fakulteti talabasi Umida Hakimova 1-o‘rin, Jurnalistika fakulteti talabasi Dildora Tosheva 2-o‘rin, Tarix fakulteti talabasi Mavluda Rahmonova 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.  G‘oliblar universitet faxriy yorliqlari, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. 
***
SHu o‘rinda aytish joizki, 2016 yil yoz oylarida universitetimiz talabalari turli tanlovlarda ishtirok etishib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildilar. 
Jumladan, 21 iyun kuni o‘tkazilgan “Kecha kim edigu, bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday marralarni egallashimiz kerak?” mavzusidagi maqolalar tanlovining respublika bosqichida Iqtisodiyot fakulteti 3-bosqich talabasi Dilnoza Nishonova 2-o‘rinni egalladi. 
24 iyun kuni o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichida Jurnalistika fakulteti 2-bosqich talabasi Isfandiyor Burgutboev “Eng yaxshi insho” nominatsiyasi bo‘yicha 3-o‘ringa munosib ko‘rildi. 
29 iyun kuni o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi insholar tanlovining respublika bosqichida Ijtimoiy fanlar fakulteti 3-bosqich talabasi Nozima Rustamova 1-o‘rinni, “Biz terrorizmga qarshimiz” mavzusidagi insholar tanlovining respublika bosqichda Geologiya va geografiya fakulteti 3-bosqich talabasi SHahnoza Alimahamatova 2-o‘rinni, “O‘zbekiston tarixining bilimdoni” tanlovining respublika bosqichda Tarix fakulteti 3-bosqich talabasi Rustamov Sardor Avaz o‘g‘li 1-o‘rinni qo‘lga kiritdilar. 
“Qashqadaryo viloyatidagi “Lochin” oromgohida 20-23 avgust kunlari o‘tkazilgan “YUrt kelajagi” respublika iqtidorli yoshlar tanlovining mamlakat bosqichida Jurnalistika fakulteti 1-bosqich magistranti Ulug‘bek Rahmonqulov “Jurnalistika” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.
Milliy universitetimizga munosib iqtidorli, bilimli va faol talabalarimizni erishgan yutuqlari bilan yana bir bor samimiy qutlab, kelgusi ishlarida yangi zafarlar tilab qolamiz. 
Jaloliddin YUsubov,
O‘zMU iqtidorli talabalar bilan ishlash sektori rahbari