O'zMU » Yangiliklar » Giyohvandlik – hayot kushandasi

Giyohvandlik – hayot kushandasi

 

Go`zal hayotimizga sovuq ko`lanka solib turadigan illatlardan biri – giyohvandlik hisoblanadi.

   Bunday illatlarga qarshi kurashning yorqin yo`llaridan biri – tushuntirish ishlarini muntazam ravishda olib borishdir. Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida o`tkazilgan davra suhbati “Giyohvandlik moddasi va unga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish” mavzusiga bag`ishlandi.

 

 

 

     – Endigina kamolot yoshiga yetayotgan soddadil yoshlar ongini zaharlash yo`li bilan ularni to`g`ri yo`ldan adashtiradigan kimsalar ham uchrab turadi,– dedi O`zMU Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo`yicha prorektori Davlatboy Jumaboyev.– Har qanday insonning ongini zaharlaydigan, tuzalmas balolarga giriftor etadigan illatlardan biri – giyohvandlik ekanini talabalarimiz ham yaxshi tushunadilar. Bunday botqoqqa botganlardan har qanaqa yovuzlik kutsa bo`ladi. Biz uchun bunday yot g`oyalarga faqatgina ma'naviyatimizni yuksaltirish orqali kurashish ijobiy samarasini berishi mumkin. Shunday ekan, bu mavzuda tez-tez suhbatlar, soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar o`tkazib turish maqsadga muvofiqdir.

       Tadbirda so`zga chiqqan Toshkent shahar Narkologiya dispanseri vrach-narkologi Nodira Abdullayeva, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi bo`lim boshlig`i Shuhratjon G`ulomov, universitet Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov va boshqalar giyohvandlikning zararlari, tamaki va alkolgol moddalarining girdobiga tushgan yoshlar organizmidagi salbiy o`zgarishlar, naslga, sog`liqqa, ong va tafakkuriga salbiy ta'siri haqida atroflicha so`z yuritdilar.

Tadbir ishtirokchilari “Zulmatga yo`l” videofilmini qiziqish bilan tomosha qildilar.

       – Osoyishta hayotimiz uchun giyohvandlik qanchalik zararli illat ekanligini bugungi ma'ruzalardan va ayniqsa “Zulmatga yo`l” videofilmidan teranroq his etdik,– deydi Jurnalistika fakul`teti talabasi Isfandiyor Burgutboyev.– Biz yaxshi yashash, orzularimizga erishish uchun intilamiz. Shunday ekan, ona Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligining qadriga yetish, giyohvandlik kabi yovuz illatlardan yiroq bo`lish, ta’bir joiz bo`lsa, unga qarshi kurashishni burchimiz, deb bilamiz. Bu borada bizga hafta davomida o`tkaziladigan “Axborot va murabbiylik” soatlari ham katta saboq bo`lmoqda.

Tadbir davomida talabalar bu mavzuda o`zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar.

 

Erkin Usmonov,

O`zMU gazetasi muxbiri