O'zMU » Yangiliklar » Otam davlatim, onam jannatim

 

Ota-onamiz biz uchun eng aziz va jonsarak insonlardir. Hayotda ular kabi bizga g‘amxo‘r va mehribon insonni topib bo‘lmaydi. Biz talabalarni shu kungacha voyagacha etkazib, kamolotga erishtirgan insonlar ham shu zotlardir. SHunday ekan, hayotimizdagi har bir yutug‘imiz va muvaffaqiyatlarimiz aynan ushbu zotlarga tegishlidir. 
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakulьtetida “Otam davlatim, onam jannatim” mavzusida ota-onalar va talabalar yig‘ilishida murabbiylar faoliyatini yanada yuksaltirish hamda ota-onalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish haqida so‘z yuritildi. 
– Bugungi kunda universitetda ta’lim bilan birgalikda tarbiya berish jarayoni ham izchil amalga oshirib borilmoqda,– deydi fakulьtet dekani Xojiakbar Daliev.– Har bir ota-ona o‘z farzandining xulqi va tarbiyasiga qiziqishi, fanlardan o‘zlashtirishi, baholariga bee’tibor bo‘lmasligi lozim. SHu sababdan fakulьtet rahbariyati bilan maslahatlashgan holda ushbu yig‘ilishni tashkillashtirdik. Mazkur tadbir shu yo‘nalishda amalga oshirayotgan ishlarimiz debochasi bo‘lsa ajab emas. 
Tadbirda so‘zga chiqqan ikkinchi kurs murabbiysi Dilfuza Begmatova talabalarning o‘zlashtirishi, odobi va jamoatchilik ishlaridagi faolligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. 
Ochiq davra suhbatida tinglovchilar e’tiboriga talabalarning chiqishlari hamda dil izhorlari ifoda etilgan she’rlar taqdim etildi. 
Ikkinchi bosqich talabasi SHohruh Tuplievning ibratli qo‘shiq ijrosi barchaga manzur bo‘ldi. Birinchi bosqich talabalari tomonidan tayyorlangan “Parvona” spektaklidan parcha tomoshabinlarga zavq ulashdi. 
Yig‘ilishga tashrif buyurgan ota onalarning dil so‘zlari talabalar qalbini to‘lqinlantirib yubordi. 
– Universitetga kirib kelishim bilan bu erda ilm nafasi ufurib turgani darhol sezildi,– deydi Olim Amanov (ikkinchi bosqich talabasi Otabek Amanovning otasi).– Talabalar nigohidagi shijoat va g‘ayratni ko‘rib, yoshligim yodimga tushdi. Siz talabalarga bunda hamma sharoit yaratilgan. Sizning vazifangiz esa faqat va faqat o‘qishdir. So‘zim oxirida, mana shu sharoitni yaratib bergan davlatimiz rahbarlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. 
Yig‘ilish talabalarda ham katta taassurot qoldirgani ularning nigohidan sezilib turibdi. 
– Bugun men ushbu oliygohda tahsil olayotganimdan yana bir bor faxrlanib ketdim,– deydi Guljahon Xayrullaeva.– Meni shu darajaga etishimda eng katta mehnat qilgan insonlar ota-onamga rahmat aytaman. Ilohim, biz farzandlarining baxtiga hamisha sog‘ omon bo‘lishsin, bizning kelajakdagi muvaffaqiyatlarimizni faxr bilan qarshi olishsin. Hammalariga ming bor tashakkur! 
Yig‘ilishda ishtirok etgan ota-onalarga e’tibor berar ekansiz, ko‘z oldingizga o‘z padari buzrukvoringiz, mushtipar onangiz keladi. Ular bizdan ancha olisda, minglab kilometr narida. Lekin ularning muhabbati, mehrining qaynoq tafti bizni bir zumga bo‘lsada tark etgani yo‘q. 
Aziz tengdoshim, bir o‘ylab ko‘ring, olisda biz uchun ter to‘kib mehnat qilayotgan azizlarimiz ishonchini oqlayapmizmi?.. Ular orzu qilgandek farzand bo‘la olyapmizmi?..
Dil so‘zlarim she’riy satrlarga ulanib ketdi: 
Do‘ppi tushmas aslo boshidan,
Mushti og‘ir toshlar toshidan,
Pashsha chiqmas egan oshidan,
Hayot bo‘lsa kimning otasi.
Qo‘li tushmas doim duodan,
Saqla deydi balo qazodan,
Umr so‘rar senga Xudodan,
Hayot bo‘lsa kimning onasi.
Fazilat Rasulova,
O‘zMU Fizika fakulьteti talabasi