O'zMU » Yangiliklar » Ona tilim jilolari

 

O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani qanchalik baxt bo`lsa, unga Ona degan eng ulug` siymo nomini payvasta qilib ulug`lashimiz zamirida ham olamcha ma`no mujassam.

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakul`teti talabalari istiqomat qilishadigan 5-Talabarlar turar-joyida o`tkazilgan navbatdagi ma`naviy-ma`rifiy tadbir “Ona tilim jilolari” deb nomlandi.

 

 

21 oktyabr` – O`zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Ijtimoiy fanlar fakul`teti Pedagogika kafedrasi mudiri Mamadjon Mavlonov, professor-o`qituvchilar Shukrullo Mardonov, Zebo Ahrorova, Erkin Ro`zimatov, Shoira Sodiqova, Ulug`bek Sodiqov, Mo`minjon Xo`jaev, Muqaddas Rahmonova va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida o`zbek tili xalqimiz, jamiyatimiz ma`naviy rivojida, ilm-fan taraqqiyotida qanchalik muhim o`rin tutgani haqida atroflicha so`z yuritdilar.

Darhaqiqat, o`tgan yillar mobaynida ona tilimizda ko`plab lug`atlar, qomuslar va darsliklar nashr etildi. Barcha shahar-u mahallalarimiz ko`chalari, xiyobonlari va boshqa jamoat joylarida ona tilimizda bitilgan (shiorlar, reklama va boshqa yozuvlar) yurtdoshlarimizga milliy ruh baxsh etadi.

O`zMU Axborot xizmati rahbari, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi To`lqin Eshbek har bir so`zimiz durdona ekani, uni qaerda bo`lmasin albatta to`g`ri yozish, o`zaro so`zlashuv jarayonida ham bexato qo`llash zarurligini qator misollar vositasida izohlab berdi.

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas`ul kotibi, shoir Muhiddin Abdusamat, “Sog`lom avlod” gazetasi Bosh muharriri, shoir Faxriddin Hayitning ona Vatan, milliy tuyg`ular, sevgi-muhabbat, ona tilimizni madh etuvchi she`rlari barchada katta taassurot qoldirdi.

 

Ulug`bek Usmonov,

O`zMU gazetasi muxbiri