O'zMU » Yangiliklar » Abdulla Oripov xotira kechasi

O’zbekiston qahramoni, xalq shoiri, O’zMU faxriy professori Abdulla Oripov bilan vidolashgan bo’lsak-da, buyuk shoir o’lmas she’rlari, dostonlari va boshqa asarlari bilan hamisha barhayotdir.

Atoqli shoirning «Mitti yulduz» (1965), «Ko’zlarim yo’lingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «O’zbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «Haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003) singari she’riy kitoblari, «Jannatga yo’l» (1978), «Hakim va ajal» (1980), «Ranjkom» (1988) kabi dostonlari, «Sohibqiron» she’riy dramasi (1998) yurtimizda kirib bormagan xonadon topilmasa kerak. Shoirning betakror she’rlari allaqachon she’riyat shaydolarining qalblariga muhrlangan.

Abdulla Oripov O’zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasining matni muallifi ekani bilan ham xotiralarda saqlanib qoladi. U Navro’z va Mustaqillik bayramlarini o’tkazish bo’yicha yozilgan aksariyat sstenariylar muallifidir.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq (mintaqaviy) markazida mamlakatimizning turli oliy ta’lim muassasalaridan kelib malaka oshirayotgan pedagog xodimlar tomonidan tashkil etilgan xotira kechasida buyuk shoirning ibratli faoliyati, o’lmas merosi haqida so’z yuritildi. 

Mintaqaviy markaz direktori Bahodir Xolboev, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O’zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori Abdulxay Sobirov, O’zMU Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri, shoir Sirojiddin Rauf, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi, shoir Muhiddin Abdusamat, adabiyotshunos Uzoqboy Jo’raqulov, yozuvchi Baxtiyor Ollomurod va boshqalar ustoz shoir hayoti va ijodi, turli ijodiy muassasalarda qilgan hamkorliklari haqida so’zlab berdilar. 

She’riyat shaydolari atoqli shoirning diltortar she’rlaridan o’qidilar.

Xotira kechasi barchada katta taassurot qoldirdi.