O'zMU » Yangiliklar » Paralimpiya o’yinlari g’oliblari bilan uchrashuv

Bugun Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida bir guruh Paralimpiya o’yinlari g’oliblari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

O’zMU rektori Avazjon Marahimov, dzyudo bo’yicha terma jamoa murabbiysi Shuhrat To’raev va boshqalar XV yozgi Paralimpiya o’yinlari g’olib va sovrindorlarini samimiy qutlar ekan, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bu borada amalga oshirgan ishlarini alohida ta’kidladi. Sportchilarimiz Paralimpiya o’yinlarining 31 medalini ( 8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 bronza) qo’lga kiritib, umumjamoa hisobida 200 yaqin ishtirok etgan davlatlar o’rtasida 15-o’rinni (medallar soni bo’yicha 12-o’rin), Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida 1-o’rinni, MDH davlatlari o’rtasida 2- o’rin (1-o’rin Ukraina, 171 sportchi bilan ishtirok etgan), Osiyo davlatlari o’rtasida 2-o’rin (1-o’rin Xitoy, 326 sportchi bilan ishtirok etgan) qo’lga kiritgani, dzyudo sport turi bo’yicha umumjamoa hisobida 1-o’rinni egallashgani har bir yurtdoshimiz qalbiga cheksiz g’urur baxsh etadi. 

Sportchilarimiz tomonidan 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiya o’yinlari, 12 ta Osiyo rekordi o’rnatilgani talabalarimizni ham to’lqinlantirib yubordi, deydi O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboev.– Shu vaqtga qadar birorta davlat vakillari, ya’ni ishtirokchilar soni va qo’lga kiritilgan medallar soni bo’yicha bunday natija qayd etishmagan. Qayd etish lozim bo’ladiki, juda ko’p davlat delegastiyalari O’zbekiston erishgan yutuqlarga hayrat va havas bilan qarashmoqda. Bu yutuqlar zamirida xalqimizning qo’llab-quvvatlashi, duosi, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularga bo’lgan ishonch hamda sportchilarimiz va ularning murabbiylarining tinimsiz mehnati yotibdi. O’zbekiston va uning xalqining shunday Vatanni sevguvchi farzandlari bor ekan O’zbekiston bayrog’i doimo baland ko’tarilaveradi.

Uchrashuvda ishtirok etishgan engil atletika bo’yicha terma jamoa a’zolari Safiya Burxonova, Doniyor Soliev Aleksandr Svechnikov, Miran Saxatovlar o’sha kezlarda butun dunyo nigohida bo’lgan Rio-de-Janeyro maydonlarida erishgan yutuqlari, hayajonli onlari haqida so’zlab berdilar.

Samimiy muloqot tarzida o’tgan uchrashuv talabalarda katta taassurot qoldirdi.