O'zMU » Yangiliklar » O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va qonunchilik

Bugun universitetda “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va qonunchilik” mavzuida davra suhbati o’tkazildi. Unda O’zMU professor-o’qituvchilari va xodimlari ishtirok etdilar.

O’zMU Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig’i Qodirjon Abdurahimov, Ijtimoiy fanlar fakulteti Demokratik davlat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Akbar O’tamurodov va boshqalar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni haqida atroflicha so’z yuritdilar. 

Shuni ta’kidlash joizki, Markaziy saylov komissiyasi O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasining 96 va 117-moddalari, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi Qonunning 8-moddasi, “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to’g’risida”gi Qonunning 5 va 9-moddalariga muvofiq, 2016 yil 4 dekabr kunini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgiladi va 9 sentyabrdan saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilindi.

Saylov “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi, “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to’g’risida”gi Qonunlari va boshqa qonun hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasining 117-moddasi hamda O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi Qonuning 4-moddasiga asosan O’zbekiston Respublikasining 18 yoshga to’lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo’yicha ovoz berish yashirin bo’lib, fuqarolar tomonidan bevosita amalga oshiriladi. Fuqarolarning xohish-iroda bildirishlari ustidan nazorat etilishiga yo’l qo’yilmaydi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sudning hukmiga muvofiq ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashmaydilar.

O’zbekiston Respublikasi fuqarosining O’zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash va Prezidentlikka saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini erkin ravishda amalga oshirishiga zo’ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo’l bilan qarshilik ko’rsatuvchi shaxslar, shuningdek soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin noto’g’ri sanab chiqqan, ovoz berish yashirinligini buzgan yoki ushbu Qonun boshqacha tarzda buzilishiga yo’l qo’ygan saylov komissiyalarining a’zolari, davlat va jamoat organlarining mansabdor shaxslari qonunda belgilangan yo’sinda javobgar bo’ladilar. Nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga dog’ tushiradigan soxta ma’lumotlarni e’lon qilgan yoki boshqa yo’sinda tarqatgan, saylov komissiyalari a’zolariga nisbatan haqoratomuz munosabatga yo’l qo’ygan shaxslar ham javobgarlikka tortiladilar.

O’zbekiston Respublikasining O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko’rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadirlar. Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro’yxatga olingan taqdirdagina O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko’rsatishi mumkin.

O’ttiz besh yoshdan kichik bo’lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan hamda bevosita saylovgacha kamida o’n yil O’zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanish huquqiga ega.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bilan bog’liq xarajatlar O’zbekiston Respublikasining davlat mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni boshqa mablag’lar hisobidan moliyaviy ta’minlash va o’zga tarzda moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlash ta’qiqlanadi.

Xalqaro kuzatuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari majlislarida, saylov uchastkasida hozir bo’lish, saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish, ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining bayonnomasini tuzishda hozir bo’lish, saylov natijalari to’g’risidagi hujjatlarning nusxasini so’rab olish huquqiga egadir. 2015 yilda o’tkazilgan Prezident saylovidan keyin “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi Qonunning takomillashtirilgani ham muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Qonunda siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishida engillik berildi. Ya’ni O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko’rsatilgan nomzodni qo’llab-quvvatlovchi imzo varaqalari jami saylovchilarning umumiy soni kamida bir foizining, kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo’lgan saylovchilarning imzosini qamrab olgan bo’lishi kerak. Ilgari bu ko’rsatkich besh foiz edi. Taraqqiy etgan davlatlar qonunchiligida mavjud bo’lgan saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganda saylovoldi tashviqotiga yo’l qo’yilmasligiga doir norma ham qonunchiligimizga kiritildi. «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida»gi Qonunning 31-moddasiga ko’ra muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganda boshlanadi va saylovga bir kun qolganda tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o’tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanib, saylovchilar, kuzatuvchilar hamda OAV vakillarining e’tiboriga etkaziladi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida qamoqda saqlash joylarida sud hukmi chiqarilmagan shaxslarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratildi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o’tkazuvchi 14 saylov okrugi tuzildi, okrug saylov komissiyalari tomonidan 9 ming 378 saylov uchastkasi tashkil etildi. Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi shakllantirilib, ularning faoliyatiga 98 mingdan ziyod kishi jalb qilingan. Okrug saylov komissiyalari a’zolarining 56 nafari xotin-qizlardir, ularning 12 nafari saylov komissiyalarining rahbariyatidan joy egallagan. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida xotin-qizlar soni 47,4 foizni tashkil etadi. Uchastka saylov komissiyalari raislarining 26,7 foizi xotin-qizlardir.

Ushbu mavzudagi davra suhbati O’zMU fakultetlarida ham davom ettirilad