O'zMU » Yangiliklar » Iftixorim bayrog’im

«Davra suhbati»ni kirish so’zi bilan ochgan Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatova milliy bayrog’imiz har bir fuqaromiz, talaba-yoshlarimiz qalbiga iftixor tuyg’ularini baxsh etishi haqida so’z yuritar ekan, jumladan shunday dedi:

O’zida juda katta ma’no-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, butun O’zbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, g’ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo’stlikni, ajdodlar yodi hamda millat g’ururini mujassam etgan bayrog’imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.

Jamoatchilik bilan aloqalar nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dostenti, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Oltin qalam» mukofoti sovrindori To’lqin Eshbek yurtimiz mustaqillikka erishgan yili yuz bergan voqealar hamda davlatimiz bayrog’i haqida atroflicha so’z yuritdi:

— 1991 yil 18 noyabr kuni O’zbekiston Respublikasining «O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risida»gi qonuni qabul qilingan. Shu bilan Davlat bayrog’imiz huquqiy maqomga ega bo’lgan. Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O’zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o’zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g’urur, faxr va iftixor bag’ishlaydi. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, ozod O’zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari – Davlat gerbi, Davlat bayrog’i, Davlat madhiyasi azizdir. Ular ma’naviyatning eng muhim timsollaridir. Shu bois, bayrog’imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruxan jo’shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g’urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg’usini his etamiz. O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o’n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Oq rangli yangi oy va o’n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o’rtasidan 70×30 santimetrga teng to’g’ri to’rtburchakka sig’adigan qilib joylashtirilgan. Oq rangli yangi oy vertikal holatda do’ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo’lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig’adi. O’n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig’adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o’rta qatorda to’rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi. Bugun milliy bayrog’imiz davlat idora va muassasalari, o’quv yurtlari, O’zbekiston a’zo bo’lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog’imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g’ururini yorqin aks ettirmoqda. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g’alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog’i baland ko’tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan g’ururlanamiz. Xulosa o’rnida aytish lozimki, davlatimiz bayrog’i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug’ kelajagimizga bo’lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz, ayniqsa, yosh avlod yodda tutishi maqsadga muvofiqdir.

Bo’lg’usi jurnalistlar milliy iftixorimiz ramzlaridan biri bo’lgan bayrog’imiz haqidagi dil so’zlarini bayon etdilar.

 

 Bo’lg’usi jurnalistlar milliy iftixorimiz ramzlaridan biri bo’lgan bayrog’imiz haqidagi dil so’zlarini bayon etdilar.