O'zMU » Yangiliklar » Erkin Vohidov ijodi va milliy ma’naviyat

Unda universitet professor-o’qituvchilar, shoir va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari, talabalar va Erkin Vohidovning farzandlari ishtirok etdilar.

O’zMU rektori Avazjon Marahimov, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o’rinbosari Sirojiddin Sayyid va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 7 dekabrdagi “O’zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to’g’risida”gi qarorini barcha kitobxonlar, adabiyot muxlislari g’oyat mamnuniyat, ko’tarinki ruh bilan kutib olganlarini, bu qaror mamlakatimizda adabiyotga, ma’naviyatga bo’lgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo’lganini ta’kidladilar.

 

Erkin Vohidov 1936 yilda Farg’ona viloyatining Oltiariq tumanida ziyoli oilasida tug’ildi. O’rta maktabni tugallab, ToshDU (hozirgi O’zMU) filologiya fakultetida tahsil oldi. 1960 yilda universitetni bitirgach, "Yosh gvardiya" nashriyotida bosh muharrir, keyinchalik Fafur Fulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bosh muharrir va direktor bo’lib ishladi. 1982-1985 yillarda "Yoshlik" jurnali bosh muharriri vazifasida faoliyat ko’rsatdi.
1990 yildan Erkin Vohidov davlat-jamoatchilik faoliyati bilan shug’ullandi. 1990-1995 yilarda O’zbekiston Oliy Kengashi qo’mitasi raisi, 1995-2005 yillarda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo’mitasi raisi, 2005-2008 yillarda Oliy Majlis Senatining madaniyat va sport, fan, ta’lim masalalari qo’mitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi. Erkin Vohidovga O’zbekiston Qahramoni, O’zbekiston xalq shoiri unvonlari berilgan.

Ulug’ shoirning "Tong nafasi", "Aql va yurak", "Mening yulduzim", "Zangori shu’lalar", "Biz ishlayapmiz", "Manfaat falsafasi", "Unutish qo’shig’i", "Temirtan daholar", "Nido", "Ruhlar isyoni", "Hozirgi yoshlar", "Bedorlik", "Sharqiy qirg’oq", "Tirik sayyoralar", "Muhabbatnoma", "Sadoqatnoma", "O’zbegim" kabi she’rlari, dostonlari, to’plamlari va boshqa o’nlab asarlari kitobxonlar ko’ngil mulkining ma’naviy xazinasiga aylangan. Uning 1969 yilda nashr qilingan "Yoshlik devoni" mumtoz o’zbek adabiyoti g’azal janri merosini bebaho durdonalar bilan boyitdi va shoirga katta shuhrat keltirdi. Shoir ijodida uning hajviy va komediya janridagi asarlari ham alohida o’rin tutadi. Jumladan, "Donish qishloq latifalari", "Matmusaning hangomalari" turkum quvnoq hajviy she’rlari, "Oltin devor" pesasida hayotimizda uchraydigan salbiy holatlar, kulgili voqealar, hangomalar beg’ubor yumor bilan qalamga olinadi.

– Bugun biz sevimli shoirimiz, O’zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash arafasida uchrashib turibmiz,– dedi Avazjon Marahimov.– Bu yil mamlakatimizda yuz bergan katta judoliklardan biri – ulug’ shoirimizni so’nggi manzilga kuzatgan edik... Biroq, ulug’ shoir o’zining o’nlab kitoblari bilan umriboqiy, qalbimizda barhayotdir. Bugun atoqli shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida sermazmun xotiralardan tinglaymiz, albatta.

Erkin Vohidov mana shu dargohda tahsil olganini g’urur bilan eslaymiz. U O’zbekiston Qahramoni darajasiga etib, qator yillar Oliy Majlis deputati, Senat a’zosidek yuksak lavozimlarda faoliyat ko’rsatsa-da Milliy universitetimizdan uzoqlashmagan edi. Ulug’ shoirimizning 50, 60, 70 yillik yubileylarini shu dargohda munosib nishonlaganimiz o’sha davrda o’qigan talaba-yoshlar qalbida ham bir umrga muhrlanib qolgan.

Erkin Vohidovning muborak 70 yilligi munosabati bilan unga Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti faxriy fan doktori degan sharafli unvon ham berilgan!

Har bir davrning o’z adabiy-madaniy muhiti bo’ladi. Biz o’tgan asrning 80-yillarida talaba bo’lgan avlod uchun Erkin Vohidov nomi o’zgacha jaranglab eshitiladi. Uning “Sadoqatnoma”, “Muhabbatnoma” kabi mo’’jaz kitoblarini talabalarning yostiqlari tagidan topish mumkin edi. Ulug’ shoirning har bir she’ri o’quvchilarni ulug’vorlikka chorlaydi. E’tibor bering:

 

Men she’r yozsam,

O’qisam uni.

Tinglaganlar qarsak chalmasa.

Biror kimsa biror so’zini,

Yodida ham saqlab qolmasa.

Faqat bittagina bo’z o’g’lon,

Uyga qaytgach, yig’lasa to’lib.

Yig’lab-yig’lab tong bo’zargan on,

Uyg’onsa u Alpomish bo’lib.

 

Qarang, bu she’r bugungi Alpomishlarimizni ham kamolga etishiga undagani sezilib turibdi. Vatan himoyachilaridan tortib xalqaro sport maydonlarida O’zbekiston bayrog’ini baland ko’tarayotgan Alpomishlar ham shu she’rdan ruhiy quvvat olganiga ishonaman. Erkin Vohidov asarlari talabalarimiz uchun ham ulkan saboqdir.

Umid qilamanki, bugungi anjumanimizda talaba-yoshlarimiz qanchalik ilhom va ulug’ shoirimizning hayot yo’lidan ibrat olsalar, Erkin Vohidov ruhlari ham shu qadar shod bo’ladi!

O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboev, shoir Sirojiddin Sayyid, adabiyotshunos olimlar Hamidulla Boltaboev, Nurboy Jabborov, Jurnalistika fakulteti dostenti To’lqin Eshbek, shoirning o’g’li Xurshid Vohidov o’z so’zlarida Erkin Vohidov ijodiy faoliyati haqidagi xotiralarini o’rtoqlashdilar.

Tadbirda O’zMU talabalari atoqli shoirning she’rlaridan namunalar rus, ingliz, franstuz, nemis va boshqa xorijiy tillarda ham o’qidilar.