O'zMU » Yangiliklar » Tinchligingga jonim fido, muqaddas Vatan

Universitet rektori Avazjon Marahimov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi va sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir, yuksak talab va standartlarga to’la javob beradigan, zamonaviy qurol-yarog’ hamda texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz shakllantirilganini alohida ta’kidladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 20 dekabrdagi farmoyishiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni O’zbekiston Milliy universitetida ham yuksak saviyada nishonlanmoqda.Yig’ilishda mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani, harbiy qismlarda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, harbiy xizmatga yoshlarimizning qiziqish va intilishi ortib, Vatan himoyasi shon-sharaf ishiga aylanayotgani haqida so’z bordi.

Mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar aks etgan videorolik namoyish etildi. Mudofaa vazirligi ashula va raqs ansambli, iqtidorli talabalarning badiiy chiqishlari yig’ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.Tadbirda O’zbekiston Milliy universiteti talabalari o’rtasida tashkil etilgan "Shunqorlar" harbiy-sport musobaqasi g’oliblari e’lon qilindi va ularga esdalik sovg’alari topshirildi.

 

Azima Qiyosova, O’zA

Talabalar jamoalari o’rtasida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi o’tkazildi

 Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti harbiy kafedrasi va sport majmuasida talabalar jamoalari o’rtasida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi bo’lib o’tdi. Musobaqa Prezidentimizning 2016 yil 20 dekabrdagi Vatan himoyachilari kuni va O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risidagi farmoyishi ijrosi doirasida “O’zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g’ururimiz!” shiori ostida o’tkazildi.

 Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov va boshqalar mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada oshirish, milliy armiyamizga har tomonlama etuk yoshlarni jalb etish, ularda mardlik, ishonch tuyg’ularini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

 Ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan turli harbiy-sport musobaqalari yoshlarning irodasini mustahkamlash, ularni harbiy xizmatga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur bellashuv ham yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg’usini, mardlik, qat’iyatlilik fazilatlarini yanada mustahkamlash, ularni milliy armiyamiz saflarida xizmatga tayyorlash, Vatanimiz tarixini, ajdodlarimizning boy merosi va an’analarini o’rganishiga ko’maklashish maqsadida tashkil etildi. Bahslarda 11 jamoa qator sport turlari bo’yicha jismoniy tayyorgarligi, harbiy sohaga oid bilim va ko’nikmalarini sinovdan o’tkazdi.

 Musobaqada harbiy sohaga oid bilim va jismoniy tayyorgarligimizni namoyish etdik,– deydi jurnalistika fakulteti jamoasi a’zosi Jasurbek Ashurov.– Oliy o’quv yurtimizda biz, yoshlarning zamonaviy ta’lim olishimiz, jismoniy chiniqishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Shu bilan birga, darsdan bo’sh vaqtimizni samarali o’tkazishimiz uchun turli sport musobaqalari muntazam tashkil etilmoqda.

Universitet ijtimoiy fanlar fakultetining «Fidoiylar» jamoasi birinchi o’rinni qo’lga kiritdi. Matematika fakultetining «Lochin» hamda geologiya va geografiya fakultetining “Burgut” jamoalari keyingi o’rinlarga munosib ko’rildi.

Tadbir so’ngida g’olib va sovrindorlarga esdalik sovg’alari topshirildi. Konstert dasturi namoyish etildi.

 Nurillo Nasriev, O’zA

O’zMU o’tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni keng yoritishgan O’zA muxbirlari Azima Qiyosova va Nurillo Nasrievlarga samimiy minnatdorchilik izhor etamiz.