O'zMU » Yangiliklar » Kitobdan baxt topgan Akademik

Kitobdan baxt topgan Akademik

 

Ilk bora qo‘liga kitob tutgan bolakay shu qadar baxtga erishishini tasavvur qilganmikin?

Bugun Akademiklik darajasiga yetganida uning o‘sha kitobga munosabati qay darajada ekan?

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakultetida AkademikBaxtiyor Nazarov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda talabalar bu mavzuda juda qiziqarli va sermazmun fikrlardan bahramand bo‘ldilar.

– Hayotimni kitobsiz tasavvur qila olmayman,– deydi Akademik ustoz.– Ilk bora rasmli ertak kitoblarni varaqlab hayratga tushgan bo‘lsak, bugun haqiqatga aylangan afsonalarni ko‘rib hayajonlanamiz. Bolaligimiz kechgan davr bilan qiyoslaganda hozir yashab turgan kunlarimiz chindan ham afsonaga o‘xshaydi. Demak, bugun kitobga oshno bo‘lgan yoshlar kelgusida orzu-umidlariga, ezgu niyatlariga shu qadar erishadiki, go‘yo ertaklar hayot voqeligiga aylangandek bo‘ladi. Kitob sehri shundayki, undan hayot yo‘lingni topasan. Ko‘p kitob o‘qigan ziyoli inson albatta o‘zi ham kitoblar yozadigan olim yo adibga aylanib qolishi hech gapmas. Talabalar uchun qiziqarli tuyuladigan bir ajib voqea: turmush o‘rtog‘im bilan kutubxonada tanishganmiz. Hozir ham asosiy suhbatimiz oilaviy kutubxonada davom etmoqda...

Ulug‘ ustozning yoshlik, talabalik yillarida, so‘ng ilmiy faoliyati davomida kitobga qanchalik oshno bo‘lgani haqidagi xotiralari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

Filologiya fanlari doktorlari, professorlar Hamidulla Boltaboev va Abdi Mamatov, O‘zMU Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov, Xorijiy filologiya fakulteti dekani Iroda Jo‘raeva taniqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professorBaxtiyor Nazarov hayoti va ilmiy faoliyati haqida so‘z yuritdilar.

Ma’ruzachilar ta’kidlashganidek, ustozning hayot yo‘li, jo‘shqin faoliyati o‘zi ibrat maktabidir. Zero, 1966 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan yosh iste’dod sohibi mehnat faoliyatini Toshkent viloyati YUqori CHirchiq tumanidagi 36 o‘rta maktabda dars berishdan boshlagan.So‘ng qator yillar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti qoshidagi O‘zbek ensiklopediyasi bo‘limida laborant, ilmiy muharrir bo‘lib ishlagan. 1969-1972 yillarda O‘zFA Til va adabiyot instituti aspirantida tahsil olgan yosh tadqiqotchi “O‘zbekistonda adabiy tanqidning qaror topishida Oybekning roli” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagach, mazkur dargohda kichik ilmiy xodim, ilmiy kotib, bosh ilmiy kotib o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda faoliyatini davom ettirgan.

O‘tgan asrning so‘nggi yillari qanchalik murakkab, tahlikali bo‘lganini yaxshi bilamiz. Ana shu dolg‘ali davrda faoliyat ko‘rsatgan ziyolilar haqida hali ko‘p tadqiqotlar olib borilsa ajabmas. Baxtiyor Nazarovning jo‘shqin faoliyati ham ko‘proq ana shu davrga to‘g‘ri kelgan. U 1984 yilda “O‘zbek adabiy tanqidchiligi metodologik prinsiplarning shakllanishi va qaror topishi” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgach, qator yillar shu dargohda turli lavozimlarda ishlagan. 1986-1994 yillarda “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali bosh muharriri, mamlakatimiz uchun g‘oyat murakkab bo‘lgan davr – 1990-1992 yillarda O‘zbekiston Prezidenti davlat maslahatchisi, 1992-1994 yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, 1999-2000 yillarda O‘zFA vitse-prezidenti vazifasini bajaruvchi kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Suvon Meli yozganidek, “Baxtiyor Nazarovning totalitar tuzum sharoitida ona tilimizning qonuniy maqomini tiklashdagi sa’y-harakati, mehnatu g‘ayratini jasorat sifatida baholagim keladi. Bu o‘sha paytda xavfli amal edi, hech bo‘lmasa amal kursisi uchun xavfli amal edi. SHaxsan men, keyinchalik ham Baxtiyor Nazarov faoliyatida bunday qat’iylikni kuzatmadim. Bu narsa yana bir bor ona tilimizning, yaratuvchilik va jasorat ato etgich quvvatini ta’kidlab turgandek bo‘ladi. Buni men ona til ato etgan jasorat degim keladi”.

Ustozning ilmiy rahbarligi haqida atoqli olim Naim Karimov “Olim bo‘lish baxti va mashaqqati” saravhali maqolasida shunday yozadi: “Uning ilmiy rahbarligida 1988-1999 yillarning o‘zidayoq 15 ta yosh adabiyotshunos fan nomzodi va 4 ta adabiyotshunos fan doktori diplomini olishga muyassar bo‘ldi”. U O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi a’zosi sifatida ko‘plab ijodiy kengashlar faoliyatini takomillashtirishga ham samarali hissa qo‘shgan. Atoqli adabiyotshunos olimning ko‘plab darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari filologiya fakultetlarida o‘rganilmoqda. U milliy istiqlol g‘oyasi bilan sug‘orilgan, yangi tipdagi darsliklar (o‘rta maktabning 9, 11-sinflari uchun «O‘zbek adabiyoti», oliy maktab uchun «XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi»)ning mualliflaridan biri.

Baxtiyor Nazarovning ilmiy ishlari 20-asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti, xususan, tanqidchilik va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari, adabiyot nazariyasi va adabiy aloqa masalalariga bag‘ishlangan. Tadqiqotlarida Fitrat, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov kabi atoqli shoir va adiblarning ijodiy mahoratlari keng tadqiq etilgan. Oybekning 20 jildli mukammal asarlar to‘plamini nashrga tayyorlashda adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarovning xizmatlari alohida.

Mana shunday sharafli yo‘lni bosib o‘tish aslida har bir talabaning asl orzusidir. Bunday orzuga erishish uchun esa Akademik ustozdan ibrat olsa kifoya!

 

Ulug‘bek Usmonov,

 

O‘zMU gazetasi muxbiri