O'zMU » Yangiliklar » Kitobxon talabalar tanlovi

Kitobxon talabalar tanlovi

Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagiKitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risidagi farmoyishining ijrosini ta’minlash maqsadida ta’lim muassasalarida turli ko‘rik-tanlovlar, ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilgan «Kitobxon talaba» ko‘rik-tanlovi shulardan biri. Unda 50 nafardan ziyod talaba «Kitob – tafakkur xazinasi», «Eng faol badiiy asarlar targ‘ibotchisi», «Asarlardan videolavhalar», «Ijodkor talaba», «Asarlardan yaralgan navolar» yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.


Universitet prorektori Davlatboy Jumaboev, shoira Q.Rahimboeva va boshqalar davlatimiz tomonidan adabiyotni, kitob mahsulotlari chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasidagi muloqotni jonlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Tanlovda kitobxonlikning bugungi ahvoli va muammolari, kitob va kitobxonlik madaniyati, elektron kutubxonalar va xizmat ko‘rsatishning innovatsion yo‘nalishlari xususida ham fikr almashildi.

Universitetning jurnalistika fakulьteti birinchi kurs talabasi Zulxumor Orifjonova tanlovning «Eng faol badiiy asarlar targ‘ibotchisi» yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U Tog‘ay Murod qalamiga mansub «Otamdan qolgan dalalar» asarining yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, badiiy ahamiyatini keng jamoatchilik oldida targ‘ib etdi.

Bu tanlov nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki jahon adabiyotining nodir durdonalarini o‘qib, mutolaa qilishga, tengdoshlarimizga etkazishga undaydi,– deydi xorijiy filologiya fakulьteti talabasi Nosir SHerboev.– Men «Kitob – tafakkur xazinasi» esselar tanlovi yo‘nalishida ishtirok etdim. CHingiz Aytmatovning «Oq kema» asari asosida esse yozdim. Asarda hayot murakkabliklari, inson va tabiat munosabatlari, ezgulik va yovuzlik kurashi yuksak mahorat bilan tasvirlanadi. Bu asarning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati juda katta. Esseda asarning badiiy talqini, mazmun-mohiyati, adib aytmoqchi bo‘lgan yaxlit tushunchalarni yoritishga harakat qildim.

Tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Azima Qiyosova, O‘zA