O'zMU » Yangiliklar » Mo’’jizalar shunday bo’lmaydi yoki Facebookdagi oddiy qoraqalpoq yigiti, Milliy universitet bitiruvchisi Aziz Murtazaevning omadi kaliti nimada?

 

Kasb taqozosi, yoshlar bilan ko’p muloqotda bo’laman. Darsda, turli tadbirlarda ular bilan hamsuhbat bo’lishdan rosa kup zavqlanaman. Bilimga tashna, qiziquvchan yigit-qizlar bilan munozaralardan ruhlanaman. Ko’p hollarda ularni muvaffaqiyatga erishish uchun nima qilish kerak, degan savol qiynaydi. Unga javob tariqasida universitetimiz bitiruvchisi, oddiy qoraqalpoq yigiti Azizning muvaffaqiyat yo’li haqida so’zlab beraman.

Aziz asli nukuslik. Ofisda ishlaydi. Yo’q, uning muvaffaqiyati bunda emas, balki shu ofis QAYSI kompaniyaga qarashli ekanligida.

Aziz ishlaydigan ofis Facebook xalqaro ijtimoiy tarmog’iga tegishli. Mana ikki yildirki, u janob Stukerberg asos solgan kompaniyaning Angliyadagi bosh ofislaridan birida dasturchi sifatida ishlab kelmoqda.

Ha, Siz vaqt o’tkazadigan ijtimoiy tarmoqni takomillashtirish ustida yurtdoshingiz, oddiy qoraqalpoq yigiti ham ishlayapti. Siz hafsala bilan lenta aylantirayotganingizda u ishi uchun yaxshigina haq olayapti.

Sababi, Siz Playstation o’ynab o’tirgan yoki do’stlaringiz bilan ko’ngil yozish bilan mashg’ul bo’lganda Aziz matematika va ingliz tilidagi bilimlarini mukammallashtirish bilan band bo’ldi.

Aziz – O’zbekiston Milliy universiteti talabasi. Qizig’i, u bu dargohga o’qishga kirayotganda iqtisodchi bo’lishni maqsad qilgan edi, biroq tahsilni dasturchi sifatida tamomladi.

Azizni axborot-texnologiyalar olamiga olib kirgan voqea iqtisod fakultetidagi tahsilning 3-bosqichida sodir bo’ldi. Dasturlash bo’yicha bepul kurslar haqida eshitgan Aziz taqdim etilgan imkoniyatdan ikkilanmay foydalanishga qaror qildi.

Talabalik davrida va bakalavriatdan so’ng Aziz yirik xalqaro tashkilotlarning poytaxtdagi vakilliklarida stajirovka o’tadi, mehnat faoliyatini olib bordi.

Dasturlash sohasida anchagina tajriba orttirgach, amaliy ko’nikmalarni nazariy bilimlar bilan mustahkamlash maqsadida u Koreya Respublikasining Achju universiteti magistratura bosqichida tahsilini davom ettirdi.

Magistr diplomiga ega bo’lgach, Aziz 3 yil davomida mashhur Samsung xalqaro kompaniyasida ishladi, turli loyihalarda ishtirok etdi.

Yosh mutaxassisga dunyoning etakchi kompaniyalaridan ish taklif qila boshlashdi. Ular orasida Amazon i Facebook singari mashhurlari ham bor edi. Aziz dongdor Internet-do’konni emas, dunyoda birinchi raqamli ijtimoiy tarmoqni tanladi.

- Vaqtini behuda sarflaydigan yoshlar ko’p. Ammo chet elllik tengdoshlari bilan raqobatlashib, katta yutuqlarga erishib kelayotgan o’zbekistonlik yigit-qizlar ham talaygina, - deydi menga Aziz. – Kim bilsin, balki ularning muvaffaqiyatga erishish yo’li OAVda yoritilsa, vaqtining qadriga etmayotgan yoshlarda kerakli motivastiya paydo bo’larmidi. Milliy OAVda bunday ilhombaxsh materiallarni kam uchrataman. Ayniqsa, STEM, startup’lar, tadbirkorlik sohalarida muvaffaqiyatga erishgan yoshlar haqida juda kam yozishadi. Vaholanki, bundaylar oramizda juda ko’p.

Aziz Murtazaev – o’z davrining dahosi emas. U oddiygina yigit. Oddiy maktabda umumta’lim fanlarini o’rgangan. Xuddi siz-u biz kabi. Uning muvaffaqiyati siri ham juda oddiy – Aziz yangi bilimlar uchun ochiq, berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalana oladigan inson. Albatta, matematikani yaxshi bilishi, ATni tushunishi va xorijiy tilda erkin muloqot qilishi ham bor. Biroq muhimi bu emas.

Azizga o’xshashni xohlaysizmi? Buning uchun Sizda barcha imkoniyatlar mavjud. Muvaffaqiyat yo’lingizni kichik yutuqlardan – masalan, chet tilida kuniga 10 ta so’z yodlashdan boshlang. Muhimi, oldingizda katta maqsad va o’zingizga ishonch bo’lsin.
Zotan xozir yurtimizga Aziz kabi shunday saloxiyatli va kuchli yoshlar judayam kerak. 
Omad va mexnatdan charchamang, kuch-kudrat Sizlarga aziz yoshlar.. 

Cho’qqilarni zabt etishda zavq aslo tark etmasin! Buning uchun Garvardlarni bitirish shart emas ekan)))

Sherzodxon KUDRATXODJAEV 
"Matbuot nazariyasi va amaliyoti kafedrasi"

 

mudiri, PhD