O'zMU » Yangiliklar » Navro‘zdan shodon ko‘ngillar

Navro‘zdan shodon ko‘ngillar

 

Yurtimizda ko‘klam nafasi ufura boshlagani hamono Navro‘z nasimini his eta boshlaymiz. Istiqlol sharofati ila qadr topgan ko‘plab bayramlarimiz qatori Navro‘z ham asl qadriyatlarimizdan biriga aylangan.

Mamlakatimizda bu yilgi Navro‘z o‘zgacha tarovat kasb etmoqda. SHarqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg‘onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z mehr-oqibat, xayr-saxovat ifodasiga aylangan.

Bu qutlag‘ ayyom oldidan “YOshlik” shaharchasida hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilgani sezilib turibdi. Bog‘-rog‘lar, xiyobonlar, yo‘laklar toza va ozoda. Dov-daraxtlar oqlanib, ancha-muncha ishlovlar berilgan. Bunday serfayz maskanlarda sayl o‘tkazishning gashti ham o‘zgacha bo‘larkan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalar turar-joylari atrofida davom etayotgan Navro‘z sayli barchaga yanada ko‘tarinki ruh baxshida etmoqda.

 

 

 

UzMU Navro'z-2017 foto suratlar (to'liq)


Bayram sayli ochilish marosimida O‘zMU rektori Avazjon Marahimov, shu dargohda faoliyat ko‘rsatishayotgan akademiklar va faxriylar Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning “2017 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida qayd etilganidek, azal-azaldan xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlarini, uning olijanob orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o‘lmas meros sifatida bezavol o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylanib qolganini alohida ta’kidladilar.

Karnay-surnay sadolari ostida boshlangan saylda iste’dodli talabalar tomonidan Navro‘z tarixiga oid sahna ko‘rinishlari, har bir viloyat milliy urf-odatlariga oid chiqishlar hamda bahoriy taomlar va gullar, devoriy gazetalar tanlovlari bayramga o‘zgacha shukuh baxsh etayotir. Dasturxonlarga tortilgan sumalak, halim, ko‘k somsa kabi bahor taomlari barchani xushnud etadi. Bayram tadbirida universitet talabalar turar-joylarida istiqomat qiladigan yigit-qizlar milliy urf-odat va an’analarga, betakror qadriyatlarimizga hurmat, vatanparvarlik tuyg‘ulari aks ettirilgan sahna asarlarini namoyish etmoqdalar.

Iste’dodli talabalarning Navro‘zga atalgan she’rlari ona tilimiz bilan bir qatorda ingliz, rus, fransuz, nemis, ispan va boshqa xorijiy tillarda ham jaranglashi – millatlararo totuvlik, bag‘rikenglikni tarannum etish demakdir. Bunday ash’orlar o‘zaro mehr rishtalarini yanada mustahkamlab, insonlarni bir-biriga jigar-ko‘z qilib qo‘ysa ajabmas.

Bayram oldidan fakulьtetlar o‘rtasida «YUrtimizda Navro‘z!» va «Doimo e’zozdasiz muqaddas ayollar» mavzuiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar, “Mohir oshpazlar”, “Bahoriy gullar”, “Sumalak sayli” ko‘rik tanlovlari o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun maydonlarda tashkil etilgan shaxmat-shashka musobaqalari, armreysling, stol tennisi, arqon tortish, voleybol, milliy kurash kabi musobaqalar barchaga olam-olam zavq-u shavq baxsh etmoqda.

Navro‘z olam tinchlik va osoyishtalik hukmron bo‘lgan yurtimizga shu tariqa yanada fayz kiritmoqda. Agar bahor uzuk bo‘lsa, uning yoqut ko‘zidir Navro‘z!

 

Ulug‘bek Usmonov,

 

O‘zMU gazetasi muxbiri