O'zMU » Yangiliklar » Odam savdosi – davr fojeasi

Tadbir “Odam savdosi – davr fojeasi” filmini namoyish etish bilan boshlandi.

O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboev, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi Ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi bosh mutaxassisi Norim Rahmonov, respublika Ma’naviyat targ’iboti markazi eksperti Barno O’ngboeva, Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimi Jamoliddin Yusupov va boshqalar muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli tahdid va illatlardan, xususan, odam savdosidan asrashga doimiy e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidladilar.

Ma’ruzalarda, mamlakatimizda fuqarolarning ushbu jinoyat qurboniga aylanib qolishining oldini olish, undan jabr ko’rganlarni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilish bo’yicha keng ko’lamli ishlar amalga oshirilayotgani, O’zbekiston Respublikasining "Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida”gi qonuni bu borada mustahkam huquqiy asos bo’lib xizmat qilayotgani haqida so’z yuritildi.

Darhaqiqat, odam savdosi hudud-chegara bilmaydigan global muammodir. Qalbida ona Vatanga muhabbat tuyg’usi jo’sh urayotgan talaba-yoshlar endi oq bilan qorani yaxshi farqlay oladilar. Ular dunyoni tahlikaga solayotgan yovuz kuchlarga qarshi tinchlikparvar insonlarning munosabatlari qanday bo’lishi zarurligini biladilar. Ona O’zbekiston buyuk allomalari, betakror tarixiy shaharlari, beqiyos ma’naviy xazinalari bilan mashhurligini ortiqcha izohlashga hojat yo’q. Biz ham buyuk ajdodlarimizning ulug’vor ishlarini davom ettirgan holda ilm bo’stonida erishgan yutuqlar bilan dunyoni hayratga solishimiz mumkin. Qancha iqtidorli talabalarimiz xalqaro fan olimpiadalari va boshqa anjumanlarda o’zligini namoyon qilayotganlari barchamizga g’urur baxsh etadi.

Shunday dorilomon zamonda yurtning qadriga etmaydigan ayrim kimsalar qanday buzg’unchi g’oyalarga aldanib qolayotganlari tashvishli hol. Eng achinarlisi, ular o’zlarini qurbon qilganlari etmagandek, ota-onalari, qarindoshlarining ham yuzlarini erga qaratib, badnom qilib ketayotganlarini hech narsa bilan oqlab bo’lmaydi.

Bu borada bayon etilgan fikrlar talabalarda katta qiziqish uyg’otdi.

 

Erkin Usmonov,

O’zMU gazetasi muxbiri