O'zMU » Yangiliklar » Eng iqtidorli o’quvchilar saralanmoqda

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis palatalarining qo’shma majlisidagi (2016 yil 14 dekabr) nutqida ta’kidlanganidek, “Yoshlarimiz haqli ravishda Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo’lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g’urur va iftixor bag’ishlaydi. Bu sohada olib borayotgan keng miqyosli ishlarimizni, xususan, ta’lim-tarbiya bo’yicha qabul qilingan umummilliy dasturlarimizni mantiqiy yakuniga etkazishimiz zarur”. Bu borada mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilishi zarur bo’lgan ishlar ko’lami juda keng. Davlatimiz rahbarining “Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo’lib, dunyo miqyosida o’z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo’sh kelmaydigan insonlar bo’lib kamol topishi, baxtli bo’lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz” degan da’vatkorona so’zlari barcha ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog xodimlari zimmasiga ulkan mas’uliyatlar yuklaydi.

Birinchi galda, har bir o’quvchining iqtidori, fanlarga, kasb-hunarga bo’lgan qiziqishlarini o’rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Shul bois mamlakatimiz umumta’lim maktablari, akademik listey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim-tarbiya olayotgan iqtidorli o’g’il-qizlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular kelgusida komil inson, etuk mutaxassis bo’lib kamol topishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti va O’zbekiston Respublikasi iste’dodli yoshlarni qo’llab-quvvatlash “Ulug’bek” jamg’armasi hamkorlikda qator viloyatlar kesimida shu yil aprel-may oylari davomida matematika, fizika, biologiya va kimyo fanlaridan universitet olimpiadalari o’tkazilmoqda.

Shu yil 8 aprel kuni Samarqand davlat universitetida boshlangan mazkur olimpiadada Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari, 15 aprel kuni Qarshi davlat universitetida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, 22 aprel kuni Qo’qon davlat pedagogika institutida Namangan, Andijon, Farg’ona viloyatlari umumta’lim maktablari, akademik listey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari ishtirok etishib, eng iqtidorli o’quvchilar saralandilar.

29 aprel kuni Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida yuksak saviyada o’tkazilgan olimpiadada Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari umumta’lim maktablari, akademik listey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari ishtirok etdilar.

– Shu asnoda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti va mamlakatimiz umumta’lim maktablari, akademik listey va kasb-hunar kollejlari o’rtasida o’zaro hamkorlik keng yo’lga qo’yiladi,– deydi O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboev.– Universitet olimpiadalarida umumta’lim maktablaridan ishtirok etgan o’quvchilardan hududlar bo’yicha 1-, 2-, 3-o’rinlarga sazovor bo’lgan iste’dodli o’quvchilar O’zMU qoshidagi Sag’di Sirojiddinov nomidagi akademik listeyga imtiyozli ravishda o’qishga qabul qilinadilar. Shuningdek, akademik listey va kasb-hunar kollejlaridan hududlar bo’yicha 1-, 2-, 3-o’rinlarga munosib ko’rilganlar O’zbekiston Respublikasi iste’dodli yoshlarni qo’llab-quvvatlash “Ulug’bek” jamg’armasi tomonidan maxsus sovg’alar bilan taqdirlanadilar. Mazkur olimpiada g’oliblari O’zMU tomonidan tashkil etiladigan yozgi maktab o’quv-seminarlariga taklif etiladilar.

Universitet olimpiadasi 6 may kuni Urganch davlat universitetida davom ettirilishi rejalashtirilgan. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi umumta’lim maktablari, akademik listey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilari ishtirok etadilar.


 

Ulug’bek Usmonov,

 

O’zMU gazetasi muxbiri