O'zMU » Yangiliklar » Tarjimashunoslar anjumani

Anjumanda mamlakatimizning qator oliy ta’lim muassasalaridan atoqli tarjimashunos olimlar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar.

O’zMU rektori Avazjon Marahimov va boshqalar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 30 dekabr kuni mamlakatimizning etakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvida ilgari surilgan g’oyalar, 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o’tkazilayotgan bunday anjumanlar amalda ta’lim rivojiga, yoshlarning intellektual salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

– Bugungi globallashuv davrida ayniqsa yoshlarning jahon tillarini mukammal o’rganishlari g’oyat muhim o’rin tutadi, bu borada tarjimashunoslikning o’rni beqiyos,– deydi O’zMU Xorijiy filologiya fakulteti Ingliz filologiyasi kafedrasi mudiri Jamila Jumaboeva.– Anjumanda atoqli olim, filologiya fanlari doktori, professor G’aybulloh as-Salomning madaniyatimiz va fanimiz taraqqiyotiga qo’shgan ulushi, birinchi navbatda, uning o’zbek tarjimashunosligi maktabini asoslab, bu ilm sohasini ham nazariy jihatdan puxta ishlab chiqqani, ham uni tahsil-ta’lim jarayoniga amaliy tatbiq etgani haqida muxtasar fikrlar bildirildi. Ustozning tarjimashunoslik maktabidan saboq olayotgan talabalar, yosh tadqiqotchilar hozirdanoq ma’naviy olamimizni jahon adabiyoti durdonalari bilan boyitishayotgani, shu bilan bir qatorda o’zbek tilidagi sara asarlarni bevosita ingliz, franstuz, nemis, rus va boshqa tillarga tarjima qilishayotgani e’tiborga molikdir.

Aytish joizki, adabiyot ixlosmandlari atoqli tarjimashunos olimning “Maqol, matal va idiomlar tarjimasi”, “Badiiy tarjimaning leksik-frazeologik masalalari”, “Rus tilidan o’zbek tiliga maqol-matallar tarjimasi” risolalari, “Til va tarjima”, “Tarjimon mahorati”, “Do’stlik ko’priklari”(hammualliflikda), “Badiiy tarjima va adabiy tahrir problemalari”, “Tarjima tashvishlari”, “Adabiy an’ana va badiiy tarjima problemalari”, “Tarjima nazariyasiga kirish”, “Tarjima nazariyasi asoslari” deb nomlangan monografiya va darsliklarini katta qiziqish bilan mutolaa qiladilar. Anjumanda ana shu nodir asarlar haqida ham muxtasar fikrlar bildirildi.

Ustoz olimning qizi Nazira as-Salom otasining ilmiy-pedagogik faoliyati haqida so’z yuritar ekan, bugun uning ruhini shod etib, ilmiy merosini shu qadar e’tibor bilan o’rganayotgan barcha tadqiqotchilarga, ushbu anjumanni tashkil etgan O’zMU jamoasiga samimiy minnatdorchilik izhor etdi.

Anjumanga taqdim etilgan ilmiy maqolalar va ma’ruzalar alohida to’plam holida nashr etildi.

 

 

Mohichehra Jumaeva,

 

jamoatchi muxbir