O'zMU » Yangiliklar » Badiiy asarlarda yurt ozodligi va obodligi mavzulari talqini

Navbatdagi ijodiy uchrashuv “Tog’ay Murod romanlarida ozodlik talqini” mavzuiga bag’ishlandi. Unda O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboev, Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov, adabiyotshunos olimlar Bahodir Karimov, Uzoqboy Jo’raqulov,O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Nazira as-Salom, Ma’suma Ahmedova, Vafo Fayzullo va boshqalar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ibot qilish bo’yicha komissiya tuzish to’g’risida”gi farmoyishi ma’naviy hayotimizda juda ulkan voqelik bo’lganini alohida ta’kidladilar.

Darhaqiqat, mazkur Farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida O’zMUda ko’plab kitobxonlik kunlari, ijodiy uchrashuvlar o’tkazilmoqda. Har bir shoir va yozuvchi ijodiga bag’ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar ham talabalarimizda qiziqish uyg’otmoqda. Atoqli yozuvchi Tog’ay Murod ijodiga bag’ishlangan sermazmun ma’ruzalar, adib zamondoshlarining xotiralari ham talabalarda katta taassurot qoldirdi.

O’tgan asrning so’nggi o’n yilliklari mobaynida yaratilgan badiiy asarlarda ona yurtimiz ozodligi va obodligi yo’lidagi ulug’vor sa’y-harakatlar bosh mavzuga aylangandi. Buni Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, O’tkir Hoshimov, Tog’ay Murod, Shukur Xolmirzaev, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf kabi o’nlab atoqli yozuvchi va shoirlar ijodi misolida ko’rish mumkin.

Ular orasida yozuvchi Tog’ay Murodning asarlari alohida o’rin egallaydi.

Tog’ay Murod o’zbek milliy adabiyotining noyob vakilidir. Uning 1976 yili chop etilgan «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi katta ma’naviy voqelik bo’lgan. Qissada Bo’ri polvon, Tilovberdi, Abil polvon obrazlarida o’zbek milliy kurashi badiiy ifodasini topdi. Adibning 1979 yilda bitilgan «Ot kishnagan oqshom» qissasi bu umidni chinakam haqiqat, ishonchga aylantirdi. Asar bosh qahramoni Tarlon ot kitobxon qalbiga qadrdon bir odamday kirib bordi. Asar nohaq tanqidga ham uchradi.

Yozuvchining 1980 yili chop etilgan «Oydinda yurgan odamlar» qissasi adibninggina emas, o’zbek milliy adabiyotining noyob namunasi bo’ldi. Qissa qahramonlari Qoplon va Oymomo farzand orzu-ilinjida kun, oy, yillarni bir-biriga ulab yashashadi. Hali tug’ilmagan bolaning bobosi, momosi bo’lib zurriyotni, bir-birlarini ardoqlashadi. Asar qahramonlari fojeasi umid va yorug’likka to’la mungli, hazin qo’shiq qilib kuylanadi.

Tog’ay Murodning 1985 yili bitilgan «Momo er qo’shig’i» qissasi o’z g’oyasi, adabiy yo’nalishi bilan o’zga qo’shiq-qissalaridan ajralib turadi. Povestda milliy zamindan oyog’i uzilgan, Vatan tuprog’ida yashab, yuragida yurt tuyg’usi bo’lmagan 80-yillar mafkura qurbonlari «qahramonlari» obrazlari G’arb adabiyoti sig’indi bandasi bo’lib qolgan ijodkor misolida o’zbekona kinoya bilan tasvir etiladi.

Ijodkor iste’dodli tarjimon hamdir. U 1974-1975 yillarda Jek Londonning «Boyning qizi» dramasi va ko’pgina hikoyalarini o’zbek tiliga ag’darib nashr ettirdi. 1989 yili E.Seton-Tompsonning hayvonlar haqidagi mashhur «Yovvoyi yo’rg’a» kitobini mahorat bilan tarjima qildi.

Tog’ay Murod 1986-1992 yillar davomida o’zining ilk romani «Otamdan qolgaya dalalar» asarini bitdi. «Otamdan qolgan dalalar» — ramziy roman. Unda butun umr ketmon chopib, mustamlaka yurtda kosasi oqarmay kelgan o’zbek xalqi siymosi Dehqonqul obrazi timsolida tasvir etiladi.

Talabalar bu mavzuda o’zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar.

 

Dilshod Xoliqov,

 

O’zMU gazetasi muxbiri