O'zMU » Yangiliklar » Milliy universitetning yuksak salohiyati

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan shu oyda poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiyalashning muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Xalqimizning boy merosi, umummilliy qadriyatlar, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, ilm-fan, texnika va texnologiyalar yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish mamlakatni yuksaltirishning muhim shartidir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida har bir fuqaroning sifatli ta’lim olish huquqi kafolatlangan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi milliy tajribani tahlil qilish asosida va jahon tajribasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, yuksak madaniyatli, ijodiy va ijtimoiy faol, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil harakat qila oladigan, o‘z oldiga istiqbolli vazifalarni qo‘yish hamda ularni hal etishga qodir mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishga yo‘naltirilgan.
Uzluksiz ta’lim tizimida oliy ta’limga alohida e’tibor qaratilgan. Nafaqat bilimli, har qanday sharoitda ham samarali ishlashga qodir va raqobatdosh mutaxassislarni tayyorlash, balki har tomonlama barkamol shaxsni tarbiyalash ushbu ta’lim sohasining asosiy vazifalaridandir. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida aynan shunday mutaxassislar tayyorlanmoqda. Universitet bitiruvchilari orasida davlat va jamoat arboblari, ilm-fan va ishlab chiqarish tashkilotchilari ko‘pchilikni tashkil etishi ham shundan dalolatdir.
Bugungi kunda bu yerda 10 mingdan ziyod talaba bilim olmoqda. Ularga 1200 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan, 17 nafar akademik, 197 nafar fan doktori va 513 nafar fan nomzodi ta’lim bermoqda.
Kadrlar tayyorlash sohasida boy tajriba va katta salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga chuqur integratsiyalashgan. Xususan, mazkur oliy o‘quv yurti xorijdagi yetakchi universitetlar bilan hamkorlik qilayotir. Ushbu yo‘nalishda xalqaro ta’lim dasturlari va loyihalari, qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyati amalga oshirilmoqda, ilmiy-amaliy seminar hamda konferensiyalar o‘tkazilmoqda, o‘zaro o‘qituvchi va talabalar almashilmoqda.
Bu oliy o‘quv yurtining yuksak obro‘-e’tibori va keng imkoniyatlari bo‘lajak “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiyalashning muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyada yana bir bor namoyon etiladi. 
Universitetning kadrlar tayyorlash jarayonidagi yuksak mezonlari O‘zbekistonda oliy ma’lumot olishga intilayotgan xorij yoshlarini o‘ziga jalb etmoqda. Bunga Xankuk (Koreya Respublikasi) xorijiy tillar universitetining bitiruvchisi, o‘zbek filologiyasi fakulteti magistraturasida o‘qishni davom ettirgan Li Che Rin yorqin misol bo‘la oladi. Bu qiz o‘zbek tili, adabiyoti, xalqimizning turmush tarzi va o‘ziga xos xususiyatlarini katta qiziqish bilan o‘rgandi. O‘zining tinimsiz intilishi va qat’iyati tufayli magistraturani a’lo baholar bilan tamomladi hamda o‘zbek tili lingvistikasining magistri darajasiga erishdi. Ayni paytda Li Che Rin Koreya Respublikasidagi yirik kompaniyada ishlamoqda va o‘zbek tili bo‘yicha o‘z bilimini mustahkamlamoqda.
Universitetda fundamental tadqiqotlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish maqsadida xorij o‘quv yurtlari bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Milliy universitetning ko‘plab olimlari chet elda o‘tayotgan ilmiy-amaliy konferensiyalarda qatnashmoqda. Grantlar asosida har yili ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2011/2012 o‘quv yilida universitet akademik tezkorlik bo‘yicha “Erasmus Mundus” xalqaro dasturi doirasida MANEKA loyihasini qo‘lga kiritdi. Mazkur loyiha bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan 15 nafarga yaqin olim hamda tadqiqotchi Berlin va Vilnyus texnika universitetlari, Belgiyaning Lessius, Slovakiyaning Konstantin Filosof universitetlari va Yevropaning oliy o‘quv yurtlarida tajriba oshirdi va oshirmoqda.
O‘zbekiston Milliy universiteti mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bilim dargohidir. Bugun bu yerdagi 18 o‘quv laboratoriyasida kimyo, biofizika, matematik modellashtirish, genetika, kompyuter diagnostikasi, amaliy ekologiya, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda. 
Oliy o‘quv yurtida iqtidorli talabalarga, ayniqsa, jiddiy e’tibor berilmoqda. Ularni rag‘batlantirish maqsadida Davlat budjetidan katta hajmdagi mablag‘lar ajratilmoqda. Ayni paytda talabalardan 20 nafardan ortig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, 22 nafari Alisher Navoiy nomidagi, 20 nafari Mirzo Ulug‘bek nomidagi va yana uch nafari Abu Rayhon Beruniy nomidagi stipendiyalar sohiblaridir. Shuningdek, 1,5 ming nafardan ortiq talaba esa universitet stipendiyasini olmoqda.
– Har tomonlama barkamol yosh avlodni tarbiyalash turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazish bilan bevosita bog‘liqdir, – deydi universitet prorektori Qahramon Quronboyev. – Universitetimizda ta’limni insonparvarlashtirish an’analari qayta tiklandi, komil shaxsni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadigan universitet ma’naviyat-ma’rifat kengashi faoliyat ko‘rsatmoqda. Har bir talaba bilan “Ustoz-shogird” uslubi asosida alohida ish olib borilmoqda. Bu esa yosh avlodni kattalar tajribasidan bahramand etish imkonini berayotir. Shuningdek, Ma’naviyat va ma’rifat markazi qayta tashkil qilindi. Markaz faoliyatining asosini davlatimiz rahbarining asarlarida bayon qilingan g‘oyalar tashkil etadi.
Universitetda ishlab chiqilgan va ijtimoiy-siyosiy sohada yoshlarning ma’naviy faolligini oshirish tizimi asosida talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtida bandligini ta’minlash kabi muhim masalani hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Universitet Madaniyat saroyida faoliyat ko‘rsatayotgan 23 to‘garakda 500 nafardan ortiq yigit-qizlar shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va talabalar kasaba uyushmasi ishtirokida turli yo‘nalishlar bo‘yicha 600 dan ziyod tadbir o‘tkazilmoqda. Ularni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarning madaniy dam olishini tashkil qilish, ularning siyosiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshirishdan iborat.
Oliy o‘quv yurtida talabalarni sog‘lom turmush tarzi talablari asosida tarbiyalash ishlari ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda 6 yopiq va 17 ochiq sport inshooti talabalar ixtiyoriga berilgan. Sport zallari va maydonlari rekonstruksiya qilinib, zarur sport inventarlari bilan jihozlangan. Universitetdagi 20 dan ortiq sport seksiyalarida to‘rt mingdan ziyod yigit-qizlar shug‘ullanmoqda. Talabalar mamlakatimizda va xalqaro maydonlarda o‘tkazilayotgan ko‘plab sport musobaqalarida sovrin va mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda.
Muxtasar aytganda, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklangan vazifani muvaffaqiyat bilan bajarib kelmoqda va, shak-shubha yo‘qki, “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiyalashning muhim sharti” mavzuida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada ham o‘zining yuksak salohiyatini munosib namoyish etadi.

 

Manba: www.uza.uz