O'zMU » Yangiliklar » Xorijlik olimlar e'tirofi

Yaqinda poytaxtimizda bo`lib o`tgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizastiyalashning muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyasi ishtirokchilaridan bir guruhi 16 fevral kuni Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdilar. Mehmonlar avvalo O`zMU bosh binosi, foyedagi eksponatlar, rang-barang ko`rgazmalar bilan tanishdilar. Universitet qadimiy qo`lmayozmalar muzeyi mehmonlarda katta qiziqish uyg`otdi. Yurtimiz mustaqilligi yillarida Milliy universitetda yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash, ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorliklarni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarni aks ettiruvchi slaydlar vositasida o`tkazilgan taqdimot marosimi anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

 

Mehmonlar mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarini optik-tolali aloqa kanallari asosida yagona yuqori tezlikdagi elektron tarmog`iga birlashtirgan yangi ta’lim tizimi – “Milliy elektron ta’lim tarmog`i”ni qiziqish bilan kuzatdilar. Mazkur elektron ta’lim tarmog`i orqali bo`lib o`tayotgan mashg`ulotlarni aks ettiruvchi videolavhalar namoyish etildi.

Anjuman ishtirokchilari Milliy universitetdagi 13 ta fakultet tomonidan tayyorlangan darsliklar, o`quv qo`llanmalar, elektron adabiyotlar bazasi, innovastion loyihalarda hamda amaliyotda erishilgan natijalar ko`rgazmasi, shuningdek, namunaviy dekanat, kafedra, o`quv xonalari, dars jarayonlari bilan bevosita bilan tanishdilar. Milliy universitetdan olgan taassurotlarini “Faxriy mehmonlar kitobi”ga yozdilar.

Ularning dil so`zlari bilan biz ham o`rtoqlashdik:

Abdumannon Mullama’mur Bar, Saudiya Arabistoni “Podshoh Abdulaziz Ol Saud” universiteti professori:

– Ta’lim va tarbiya egizak tushuncha. Dunyodagi barcha universitetlar yosh avlodga ta’lim bilan bir qatorda mukammal tarbiya berishga ham harakat qiladi. Bizning “Podshoh Abdulaziz Ol Saud” universitetida ham shunday holni kuzatish mumkin. O`zMUda mening e’tiborimni tortgan birinchi hol – milliy tarbiyaning o`ziga xos jihatlari bo`ldi. Talabalarning kiyinish madaniyati, qo`llarini ko`ksiga qo`ygancha sharqona odobini namoyish etib turishlari zamirida naqadar ulkan ma’no mujassam. Har qanday inson shunday ulug` maskanda ta’lim-tarbiya olishini orzu qilsa ajabmas. Mening farzandim Londondagi mashhur universitetlardan birida tahsil oladi. Men O`zbekiston Milliy universiteti bilan tanishgach, farzandimni mana shu dargohda o`qitsam bo`lar ekan, degan fikrga keldim. Tashrif mobaynida biz fizika darsi jarayonini kuzatdik. Talabalarning murabbiy bilan savol-javoblari, mashg`ulotning qiziqarli o`tishi, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishlari bizda ham katta qiziqish uyg`otdi. Ochig`i dovrug`i dunyoga doston bo`lgan O`zMU har jihatdan havas qilsa arzigulik ta’lim muassasalaridan biri ekan. Men bu maskanning kelajagi juda porloq ekaniga ishonaman.

Piter Mak Keferi, London metropoliten universiteti prorektori:

– Avvalo serquyosh Toshkent manzarasi haqida so`z yuritsam. Zamonaviy binolar, keng va ravon yo`llar bilan Londonning ayrim tor ko`chalari, unchalik baland bo`lmagan binolarini xayolan solishtirdim. Toshkent har jihatdan havas qilsa arzigulik shahar ekanligini ta’riflashga so`z topolmayman. Kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bo`lgandik. Shuningdek, Tibbiyot kolleji faoliyati bilan ham tanishdik. U erdagi talabalarni naqadar faolligi va tirishqoqli e’tiborimizni tortdi.

Biz anchadan buyon o`zbek olimlari bilan ta’limni rivojlantirish borasida hamkorlik loyihalari ustida ishlayapmiz. Bunday loyihalarni biz Yamayka va Botsvana davlatlari universitetlari bilan ham birgalikda amalga oshirishga harakat qilyapmiz. Biroq, bu borada o`zbek olimlarining sa’y-harakatlari tahsinga loyiqdir. Dunyoda ko`plab universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yaxshi yo`lga qo`ygan O`zMUning bu boradagi dadil qadamlari bizda katta qiziqish uyg`otdi. Bu hamkorliklar xalqlarimizning do`stlik rishtalarini ham mustahkamlashga xizmat qiladi, degan umiddaman.

Piter Myurrey, Buyuk Britaniyadagi Xall Biznes maktabi professori:

– Men kimyo sohasida faoliyat yuritganman. O`zbekiston Milliy universitetida kimyo sohasida yaratilgan mo`’jizalar har qanday kishining e’tiborini qozonishiga shubha qilmayman. Juda ko`plab mahsulotlar bu erda tabiiy ravishda yaratilayotgani e’tiborga molikdir.

O`zMUda qilingan taqdimot marosimida meni eng ko`p hayratga solgan narsa: mahalla tizimi bo`ldi. Mahalla – oila bilan teng darajadagi tarbiya o`chog`i ekan. Milliy universitetingizdagi ma’naviy-ma’rifiy tarbiya ham shunga monand ravishda o`z samarasini berayotganini har qadamda his etdim. Bunday noyob tizimni ko`plab rivojlangan davlatlarda ham topish amri mahol. Umid qilamanki, O`zbekistondan o`rganadigan bunday yangiliklar kam emas.

Plaxotnik Olga Vasilevna, Taras Shevchenko nomli Kiev milliy universiteti professori:

– O`zbekistonda ko`p marta bo`lganman. Ta’lim tizimingiz juda kuchli ekan. Bunga tan berish kerak. Yoshlar juda aqlli. Nazariy bilimlarining asosi kuchli. Meni eng hayratga solgan narsa – talabalarning o`qishni tugallagach, yo`llanmalarga ega bo`lib, turli joylarga ishga yuborilishi va ish bilan ta’minlanishi bo`ldi. O`ylaymanki, bularning barchasi O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov sa’y-harakatlari bilan, deb bilamiz. Bu erdagi odamlarning samimiyligi va xushmuomalaligi tahsinga sazovor. Yana bir hayratga solgan narsa, bu yoshlarning juda tarbiyali ekanligidir. Milliy universitet – nomiga yarasha milliy ma’naviyat sarchashmasiga aylanganini talabalaringizning baxtiyor chehralariga boqib yanada teranroq his etdim.

Valentina Seri, Italyadagi xorijliklarga italyan tilini o`qitish universiteti professori:

– Til – dil kaliti, ellarni, xalqlarni bir-biriga bog`laguvchi o`ziga xos ko`prik ekanligi yaxshi ma’lum. Jahon tillarini mukammal egallashda o`zbek yoshlarining iqtidoriga tan berganmiz. Ular til o`rganish borasida noyob qobiliyat sohiblari, degim keladi. Bizning universitetimizda ham ko`plab o`zbekistonlik talabalar tahsil olishadi. Ular juda faol va harakatchan. Qo`llaridan kelgancha ko`proq bilim olishga intilishadi. Hamma joyda o`zlariga do`st topa olishadi. Asli o`zbek xalqi juda kirishimli ekanligini yaxshi bilamiz. Buning yana bir sababini bugun O`zMUda teranroq angladim. Bunday maskanlarda ta’lim-tarbiya olgan talabalar kelgusida albatta yetuk insonlar bo`lib etishishlariga shubha yo`q.

Savva Vasileladis, Grestiyadagi Pereuz texkologiya universiteti professori:

– Bu mening O`zbekistonga o`ninchi tashrifim! Ilk bora 1997 yilda bu yurtga kelgandim. O`sha paytlarda ingliz tilida juda kamchilik kishilar gapira olardi. Hozir esa deyarli barcha yoshlarning ingliz tilida gapirishlarini ko`rib hayratlandim. Sizlar yuqori darajadagi infrastrukturaga egasiz. Yuqori darajadagi laboratoriyalar, talabalarni hamma bilan muloqotga kirisha olishidan juda hayratlandim. Biz o`zbek talabalarini o`z universitetimizga o`qishga taklif etganmiz. Ular juda intizomli, qobiliyatli, muomala madaniyati yuksak darajada ekanligini namoyon etishgan.

Biz hozirgi paytda o`zbek olimlari bilan hamkorlik asosida “TEMPUS” dasturi bo`yicha 3 ta loyiha ustida ish olib boryapmiz. Ulardan ikkitasi Toshkent To`qimachilik va engil sanoat instituti, Namangan iqtisodiyot va muhandislik instituti bilan allaqachon mazkur loyiha bo`yicha qator ishlar amalga oshirilgan. “TEMPUS” dasturi loyihasini amalga oshirishda O`zMUning o`rni alohida! Keyingi haftadan uchinchi loyiha bo`yicha ish boshlaymiz. Taxminan, oltmishtacha professor-o`qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ushbu loyiha bo`yicha taklif etiladi.

Ingrid Kon Dursi, Venadagi O`zbekiston elchixonasi maslahatchisi:

– O`zbekistondagi ta’lim tizimi meni hayratga soldi. Meni ko`proq qiziqtirgani shu bo`ldiki, Milliy universitet muzeyida saqlanayotgan qadimiy qo`lyozmalar va kitoblar xayolan olis moziy sari chorlayotgandek. Bugungi kunda bu yurt talabalari ham buyuk ajdodlari izidan borib, yetuk olimlar bo`lib kamol topishga intilayotganlarini his etdim. Bularning asl zamirida o`zbekona ma’naviyat va ma’rifatning betakror kuchi-qudrati aks etib turibdi. Bugun bizga namoyish etilgan stendlar, ko`rgazmalar, ayniqsa taqdimot marosimida universitet rektori janob G`afurjon Muhamedovning ma’naviyat-ma’rifat borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytgan fikrlari alohida e’tiborimizni tortdi. O`zbekona ma’naviyat asrlar osha jahon ahlini hayratga solgan. Bu yurtdan etishib chiqqan o`nlab allomalar eng avvalo sharqona, o`zbekona ma’niyatini namoyon etganlar. Bugungi o`zbek yoshlari ana shu ajdodlarining o`lmas an’analarini davom ettirishlari uchun bu maskanda barcha imkoniyatlar muhayyo etilgani ezgulikning umriboqiy ekanligini anglatadi!

 

Suhbatni oqqa ko`chiruvchilar:

To`lqin Eshbek,

Dilshoda Nazarova,

Mukammal Qosimova