O'zMU » Yangiliklar » Zamonaviy ta'lim istiqbollari: bo'lg'usi jurnalistlarning intellektual salohiyati ortmoqda

Yurtboshimiz Islom Karimov tashabbusi bilan poytaxtimizda bo`lib o`tgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizastiyalashning muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyasida Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti professor-o`qituvchilari va iqtidorli talabalari ham o`zining yuksak salohiyatini munosib namoyish etdi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari beqiyos darajada rivojlanib, dunyo yagona axborot makoniga aylangan so`nggi yillarda mamlakatimizda yetuk jurnalist kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Sohada kadrlar, xususan, yosh jurnalistlarni tayyorlash tizimini tubdan o`zgartirish, jurnalistik ta’limga ixtisoslashgan oliy o`quv yurtlarining o`quv-metodik bazasini takomillashtirish, professor-o`qituvchilarning malakasini oshirish, katta mahorat va ijodiy tajribaga ega bo`lgan mutaxassislarni, ilg`or pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga jalb etish bo`yicha ham hali ko`p ish qilishimiz kerak,– deb alohida ta’kidladi Yurtboshimiz Islom Karimov o`tgan yili “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga” yo`llagan tabrigida.– Ayniqsa, mustaqil, yangicha fikrlaydigan, iste’dodli yoshlarga ommaviy axborot vositalari sohasida keng yo`l ochib berishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarurligini, o`ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz”. Davlatimiz rahbari tabrigida ilgari surilgan bu vazifalar fakultetimiz jamoasi zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 7 avgustdagi “Ommaviy axborot vositalari sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash davlat dasturi to`g`risida”gi qarorida belgilangan qator vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Binobarin, ona tilimizda jurnalistika nazariyasini puxta o`rgatadigan ko`plab nazariy adabiyotlar va o`quv qo`llanmalari yaratilmoqda. Bu adabiyotlardan talabalar emin-erkin foydalanishlari, masofaviy o`qishni takomillashtirish maqsadida ularning elektron variantlari ham taqdim etilmoqda. Davlat va jamiyatimizning bugungi kuni va kelajagi uchun g`oyat muhim bo`lgan sog`lom hamda barkamol avlodni tarbiyalash vazifasini o`z oldimizga qo`yar ekanmiz, avvalo, biz yashayotgan XXI asr – intellektual boylik, yuksak bilim va salohiyat talab etishini dildan anglaymiz. Zero, istiqlolining 20 yilligini keng nishonlagan O`zbekistonning jahon andozalariga mos taraqqiyot yo`lidan izchil rivojlanib borishida muhim o`rin tutadigan mezon – inson kapitali, ya’ni inson omili, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir bo`lgan, hayotga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimizdir. Yurtimizda bugungi kunda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar barkamol avlodning dunyodagi eng ilg`or davlatlardagi tengdoshlaridan aslo kam bo`lmasligiga xizmat qilmoqda. Ta’lim jarayonini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirib borishda axborot-texnologiyalarining o`rni beqiyos. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2002 yil 30 maydagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikastiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni, 2005 yil 8 iyuldagi “Axborot kommunikastiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori, 2011 yil 23 fevraldagi “2011-2015 yillarda axborot-kommunikastiya texnologiyalari bazasida axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari xizmat sifatini yanada rivojlantirish to`g`risida”gi qarori bu borada g`oyat muhim o`rin tutadi. Davlatimiz rahbarining 2010 yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlariga hamda 2011 yildagi dolzarb masalalarga bag`ishlangan hukumat yig`ilishidagi ma’ruzasida o`quv jarayoniga keng qamrovli tarmoqlar va internet-texnologiyalarni joriy etish maqsadida milliy elektron ta’lim tarmog`ini yaratish borasida belgilangan vazifalar ijro etilishi oliy ta’lim tizimida muhim qadam bo`ldi. Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi O`zbekiston aloqa va axborotlashtirish Agentligi bilan hamkorlikda “Milliy elektron ta’lim tarmog`i” yo`lga qo`yildi! Bu mamlakatning barcha oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarini optik-tolali aloqa kanallari asosida yagona yuqori tezlikdagi elektron tarmog`iga birlashtirgan yangi ta’lim tizimi hisoblanadi.

“Milliy elektron ta’lim tarmog`i” loyihasi amalga oshirilishi natijasida respublikamizdagi 80 ta oliy ta’lim maskanlari o`zaro yagona ta’lim tarmog`iga ulandi. Mazkur elektron ta’lim tarmog`i orqali bo`lib o`tayotgan mashg`ulotlarda jurnalistika fakulteti talabalari ham faol ishtirok etmoqdalar. Ushbu tarmoq ta’lim jarayonini tashkil etish va ma’lumotlar almashinuvini yangi darajaga olib chiqishda quyidagilarga asos yaratadi:

– audio-videokonferenst-aloqa orqali turli hil tadbirlar o`tkazish, ularni yozib olish hamda ta’lim va ilmiy maqsadlarda foydalanish;

– xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan respublika miqyosida interaktiv telemostlar tashkil etish;

– oliy ta’lim muassasalarini Intrernet va Ziyonet tarmog`iga, shuningdek boshqa muassasalar va korxonalar korporativ tarmoqlariga sifatli ulash;

– oliy ta’lim muassasalarida yaratilgan axborot resurslari va veb-loyihalarini (veb-saytlar, portallar, ijtimoiy tarmoqlar), virtual laboratoriyalarni joylashtirish va ulardan keng foydalanish imkoniyatini yaratish;

– muassasalar xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash masofaviy kurslarini tashkil etish.

Ushbu tarmoq zaruratini, shuningdek, talabalar, yosh olimlar, pedagog xodimlarning yuqori tezlikda axborot almashishga bulgan talabi hamda hozirgi zamon yoshlari turmush tarzining mobilligi taqozo etmoqda. Ana shu o`ziga xos “globallashuv jarayoni”da ishtirok etgan talabalarimiz qator oliy ta’lim muassasalarida tahmil olayotgan tengdoshlari bilan montorlar orqali bevosita muloqot qilishlari barchada katta qiziqish uyg`otmoqda.

Mamlakatimizda ta’lim sohasi davlat siyosati darajasiga ko`tarilib, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani natijasida oliy ta’lim tizimida shunday ulkan innovastion loyihani amalga oshirilishi e’tiborga molikdir. Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo`lib O`zbekistonda yo`lga qo`yilgan “Elektron ta’lim tarmog`i” borgan sari takomillashib, barkamol avlodning munosib ta’lim-tarbiya olishida g`oyat muhim o`rin tutadi. “Milliy elektron ta’lim tarmog`i” bu borada alohida ahamiyat kasb etuvchi voqeylik hisoblanadi. Axborot-resurs zahiralarini respublikaning barcha ta’lim muassasalariga taqdim etish, audio va videokonferenst aloqalarni doimiy yo`lga qo`yish, biz bilan xamkorlikda ishlayotgan xorij mutaxassislari va yuquv yurtlari bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqot qilish va o`ziga xos master-klasslar tashkil etish kabi g`oyatda samarali o`qitish uslubiga asos bo`lishi mumkin. Qator oliy ta’lim muassasalarida yaratilgan axborot resurslari bilan birgalikda bugun biz virtual laboratoriyalarni tashkil etishimiz va ulardan keng foydalanishni yo`lga qo`yishimiz mumkin.

Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida yaratilgan “Elektron ta’lim” milliy tarmog`i “Elektron ta’lim tarmog`i” respublikadagi barcha oliy ta’lim maskanlarini hamda malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimini yagona lokal tarmoqqa birlashtirish bilan birgalikda jaxonning eng ilg`or, yuqori tezlikdagi axborot almashish imkoniyatlariga ega bo`lgan zamonaviy kommunikastiya vositasi bo`lib hizmat qiladi. Elektron ta’lim tarmog`idan samarali foydalanish natijasida ta’lim tizimini boshqarishda va ta’lim jarayonida ham yuqori sifat o`zgarishlariga erishish mumkin. Ayni paytda mazkur tarmoq imkoniyatlaridan to`liq foydalanish uchun Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan bir qancha veb-loyihalar amalga oshirilmoqda. 2012 yilda tarmoqqa joylashtirilishi ko`zda tutilgan loyihalar ichida “Oliy ta’lim muassasalari axborot portali”, “Yagona elektron axborot-ta’lim muhiti”, “Bilim olishning intelektual tizimi”, “Talabalar o`quv-tarbiya jarayonini optimallshatirish” kabilarni keltirib o`tish mumkin.

Bugungi kunda iqtidorli talabalar internetdagi “ZiyoNET” axborot tarmog`idan samarali foydalanmoqdalar. Unda tashkil etilgan axborot-kutubxona nainki talabalar, balki murabbiylar, tadqiqotchilar uchun ham qanchalik qulaylik tug`dirganini ta’riflab o`tirishga hojat yo`q. Endilikda “Elektron ta’lim” milliy tarmog`i yaratilib, yurtimizdagi barcha oliy ta’lim maskanlari yagona tarmoqqa ulangani ayni muddao bo`ldi. Bu tarmoqning afzalliklari ko`p. Ya’ni, universitetda o`quv jarayonini talab darajasida tashkil etish va ta’lim maskanlarida ma’lumot almashinuvini takomillashtirish, audio, videokonferens-aloqa usulidan foydalangan holda masofadan turib on-layn rejimida turli tadbirlar o`tkazish, keyinchalik ularni ta’lim yoki tadqiqot maqsadlarida ishlatish uchun yozib olishda alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda ushbu elektron tarmoq mamlakatimiz va xorij oliy o`quv muassasalari bilan “teleko`priklar” tashkil etish, bilim maskanlarida ishlab chiqilgan resurs va veb-loyihalarni – veb-saytlar, portallar, ijtimoiy tarmoqlar, virtual laboratoriyalarni joylashtirish hamda ulardan keng foydalanish uchun imkoniyat yaratish, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi kunda elektron axborot ta’lim resurslar, shuningdek ZiyoNet tarmog`iga joylashtirilgan resurslar soni tobora ortib bormoqda. Milliy elektron ta’lim tarmog`i xam aynan axborot almashinuvi jarayonlarini o`zi ichiga olib, axborot manbalarini uzatish, ochiq darslarni bir nechta universitet talabalariga interfaol tarzda tashkil etish, respublika va xalqaro miqiyosdagi ilmiy xamda amaliy anjumanlarni videoko`priklar tarzida o`tkazish, videokonferensiya va videomuloqotlarni muammosiz tashkil etishga zamin yaratmoqda. Milliy elektron ta’lim tarmog`ining uzluksizligi, davomiyligi yaxshi ma’lum. Yurtimiz ta’lim muassasalari mazkur tarmoqning imkoniyatlaridan kelib chiqib, videokonferensiya orkali jonli efir rejimida ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlar, taniqli fan va madaniyat arboblari bilan bevosita suhbatlar va ma’ruzalar tashkil etishi va o`tkazishi mumkin. Bularning barchasi tadqiqotchilar uchun qator qulayliklar tug`diradi. Axborot-kommunikastion texnologiyalar sohasida so`nggi yillarda yaratilgan loyihalar asosida turli informastion tizimlar, portallar yaratildi. Ushbu resurslardan unumli foydalanish uchun yuqori tezlik va sifatga ega bo`lgan axborot almushinuvi tarmog`i lozim edi. Yaratilgan milliy elektron ta’lim tarmog`i respublika miqiyosida elektron ko`rinishdagi istalgan axborotlarning almashinuvini amalga oshirish imkonini beradi. Bularning barchasi fakultetimizda zamon talabiga munosib jurnalist-kadrlar tayyorlashda muhim omil hisoblanadi.

 

Nasimxon Rahmonov,

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zMU

Jurnalistika fakulteti dekani,

filologiya fanlari doktori, professor