O'zMU » Yangiliklar » Matematika fakultetida Ijodiy guruh tashkil etildi

Matematika fakultetida Ijodiy guruh tashkil etildi

 

Azaldan ko`plab matematik allomalar ijod bilan ham shug`ullanganlari haqida yaxshi bilamiz.

Xo`sh, bugungi yosh matematiklar ijodga – ilmiy-ommabop maqolalar, badiiy asarlar yozishga qiziqmaydimi? “O`zbekiston Milliy universiteti” gazetasi va talaba-yoshlar minbariga aylangan www.uchildiz.uz tahririyatlariga eng ko`p aynan shu fakultetning iste’dodli qalamkashlaridan maqolalar, she’rlar kelmoqda.


Bugungi axborot asri deb nom olgan globallashuv davrida talaba-yoshlarning kitobga qiziqishi, ijodga ishtiyoqini har tomonlama qo`llab-quvvatlash maqsadida Matematika fakultetida “Zukko qalamkash” deb nomlangan Ijodiy guruh tashkil etildi.

O`zMU Axborot xizmati rahbari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi To`lqin Eshbek va Matematika fakulteti dekani Nasriddin Jabborov ijodga qiziqqan talabalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularga mahorat darslari tashkil etish, kitobxonlik kunlari, taniqli shoir va adiblar bilan uchrashuvlar o`tkazib turish, pirovardida, yosh qalamkashlarning ijod namunalarini ijtimoiy tarmoqlarda, gazetalarda keng yoritib borish, sara asarlarni jamlab to`plamlar nashr etish yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.


Ijodkor talabalar yig`ilishida qayd etilganidek, buyuk ajdodimiz – alloma Muhammad Muso al-Xorazmiy 783-850 yillarda yashab ijod qilgan. U buyuk matematik, astronom va geograf sifatida nom qozongan. «Algebra» so`zining o`zi uning «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala» risolasidan olingan. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo`lib, hozirgi kunda biz foydalanadigan o`nlik pozistion hisoblash sistemasi va shu sistemadagi amallarning Evropada tarqalishiga sabab bo`ldi. Olimning «al-Xorazmiy» nomi esa «algoritm» shaklida fanda abadiy o`rnashib qoldi. Uning geografiyaga doir asari arab tilida o`nlab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning «Zij»i Evropada ham, Sharq mamlakatlarida ham astronomiyaning rivojlanish yo`lini ko`rsatib berdi. Xorazmiy qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Bular «Al-jabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob» — algebraik asar, «Hind hisobi haqida kitob» yoki «qo`shish va ayirish haqida kitob» — arifmetik asar, «Kitob surat-ul-arz» — geografiyaga oid asar. «Zij», «Asturlob bilan ishlash haqida kitob», «Asturlob yasash haqida kitob», «Asturlob yordamida azimutni aniqlash haqida», «Kitob ar-ruhoma», «Kitob at-ta’rix», «Yahudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola». Bu asarlarning to`rttasi arab tilida, bittasi Farg`oniyning asari tarkibida, ikkitasi lotincha tarjimada saqlangan va qolgan uchtasi hali topilgan emas. Xorazmiyning eng yirik astronomik asari — uning «Zij»idir. Olim bu asarini 830 yil atrofida yozgan. Xorazmiyning «Zij»i 37 bob, 116 jadvaldan iborat. Asarning avvalgi besh bobi xronologiyaga bag`ishlangan bo`lib, «to`fon», «iskandar», «safar» va xristian eralaridagi sanalarni hijriy eraga ko`chirish qoidalari keltiriladi. Xorazmiyning bu asari uning arifmetik va algebraik risolalari kabi bunday asarlarga ehtiyoj tug`ilgan paytda yuzaga keladi va bu asari bilan olim astronomik asarlar yozilish uslubini standartlashtirdi, bu standart esa to Ulug`bek «Zij»igacha o`z kuchini saqladi.

Xorazmiyning «Zij»i geografiya sohasidagi buyuk kashfiyotlarga ham aloqador bo`ldi. Kitobda shaharlar, tog`lar, dengizlar, orollar va daryolardagi 2402 ta geografik joyning koordinatlari keltiriladi. Shaharlar, daryolar, tog`lar, orollar va boshqa ob’ektlar iqlimlar bo`yicha taq-simlangan. Iqlim so`zi aslida yunoncha klima — «og`ish» so`zidan kelib chiqqan bo`lib, uni fanga Gipparx (eramizdan oldingi II asr) kiritgan. Gipparx Erning odamlar yashaydigan qismini 12 ta iqlimga ajratgan. Xorazmiyning «Kitob surat-ul-arz» asari ko`p olimlar tomonidan o`rganilgan. Lekin asar shu paytgacha to`la ravishda birorta hozirgi zamon tiliga tarjima qilinmagan. 1983 yili olimning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan bizda bu asarning o`zbekcha tarjimasi Xorazmiyning «Tanlangan asarlar»i tarkibida chop etildi. Xorazmiyning yuqorida keltirilgan asarlariyoq u fanning qator tarmoqlarining asoschisi bo`lganligini ko`rsatadi. Uning g`oyalari matematika va astronomiyaning oyoqqa turishi, rivojlanishiga sabab bo`ldi. Hozirgi davrda uning xizmatlari jahon afkor ommasi tomonidan e’tirof etilgan. Xorazmiy asarlari dunyoning turli kutubxonalarida saqlanadi. Turli g`arb va sharq tillariga tarjima etilgan. U o`z asarlari, ixtirolari bilan nafaqat o`z vatanining ilmiy yutug`i, o`z davri madaniyatining yuksak natijalarini butun dunyo va barcha asrlarga mashhur etdi.


1048-1131 yillarda yashab ijod qilgan ulug` faylasuf, shoir, munajjim, matematik Umar Xayyomning riyoziyot, ilmi nujum va falsafaga oid ko`plab asarlar yozgan. U Buxoro shaharida ham o`qigan. 1074 yildan boshlab matematika, astronomiya sohasida tadqiqotlar olib borgan. Uning «Risolatul-kavn vat-taklif» («Koinot va uning vazifalari»), «Risola fil-vujud» («Borliq haqida risola»), «Risola fi kulliyati vujud» («Borliq umumiyligi haqida risola») kabi asarlari mashhur. Umar Xayyom o`z ruboiylarini ilmiy izlanishlardan charchagan paytida turli daftarlarning hoshiyasiga bitgan. Qismat o`yinini qarangki, olim o`z umrining asosiy qismini sarflagan fanning turli sohalaridagi buyuk kashfiyotlari bir chekkada qolib, u ikkinchi darajali hisoblagan ruboiylari Xayyom nomini dunyoga taratdi. Bugungi kunda Umar Xayyom ruboiylari kirib bormagan o`zbek xonadoni bo`lmasa kerak. Avval tafakkurda tug`ilib, keyin qalb qo`riga yo`g`rilgan Umar Xayyom ruboiylari, bir so`z bilan aytganda, Olam va Odam haqida. Shoir dunyo evrilishlariga donishmandona bosiqlik, taassuf aralash loqaydlik bilan qaraydi: dunyoni o`zgartirishki qo`lingdan kelmas ekan, uni deb qayg`urish behuda. Uning uchun tug`ilish va o`lim, yaxshilik va yomonlik, halol va harom — bir xil: hammasi o`z tabiiy qonuniyatiga asoslanadi.

– Universitetimiz tarixida yorqin iz qoldirgan ulug` siymo Toshmuhammad Qori-Niyoziyning «Hayot maktabi» va boshqa kitoblarini talabalar sinchkovlik bilan o`qishlarini tavsiya etaman,– dedi To`lqin Eshbek.– Akademik hamisha ilm va ijod bilan shug`ullangan. Uning «Ulug`bekning astronomik maktabi» asari ham ma’naviy xazinamizga aylangan. Xo`sh, ana shunday ulug` siymolardek kamolga yetish uchun nima qilmoq kerak? “Zukko qalamkash” ijodiy guruhi a’zolariga ana shu buyuk ajdodlarimizning ijodiy an’anasini davom ettirishlariga tilakdoshmiz.

Yig`ilishda ijodkor talaba Lola G`aniyeva guruh sardori, Bahodir Ernazarov birinchi o`rinbosari etib saylandilar.

“Zukko qalamkash” guruhi a’zolarining ijod namunalari o`z muxlislarini topishiga va kelgusida o`ziga xos ma’naviy xazinaga aylanishiga tilakdoshmiz.

 

Ulug`bek USMONOV,

O`zMU gazetasi muxbiri