O'zMU » Yangiliklar » Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida:

1. 2012-yilning 1-dekabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar hamda ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 baravar oshirilsin.

2. 2012-yilning 1-dekabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:

ish haqi – oyiga 79 590 so‘m;

yoshga doir pensiyalar – oyiga 155 670 so‘m;

bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 155 670 so‘m;

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 95 520 so‘m mikdorida belgilansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, ish haqiga qo‘shiladigan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek, pensiyalar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolali oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 2012-yilning 1-dekabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, byudjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqishni ta’minlasin.

5. Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog‘liq sarf- xarajatlar respublika Davlat byudjeti va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2012-yilning 1-dekabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 5-iyuldagi PF-4450-sonli Farmoni (1-bandining ikkinchi xatboshi va 6-bandi istisno qilingan holda), 2012-yilning 1-dekabridan o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2012-yil 9-noyabr

 

Manba: uza.uz