O'zMU » Yangiliklar » O’zbekiston Respublikasida yoshlar siyosatini amalga oshirishning dolzarb masalalari

2013 yilning 22 – 23 yanvar kunlari Toshkent shahrida “O’zbekiston Respublikasida yoshlar siyosatini amalga oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy – amaliy konferensiyasi bo’lib o’tdi. Konferensiya O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg’armasi, Respublika “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda yoshlar ta’lim – tarbiyasi, ularning jamiyatda o’z o’rinlarini topishlariga ko’maklashuvchi ma’sul vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari mutasaddi rahbar va xodimlari, yoshlarga doir dolzarb masalalar bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar, professor – o’qituvchilar, oliy va o’rta maxsus kasb – hunar ta’limi hamda xalq ta’limi vazirligi tizimidagi yosh olimlar va tadqiqotchilar, faol tashabbuskor yoshlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofati sovrindorlari, qator nomdor stipendiya va respublika tanlovlari g’oliblari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Anjumanni o’tkazishdan ko’zlangan asosiy maqsad – O’zbekiston Respublikasida amalga oshiralayotgan yoshlarga oid siyosatning huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, bilimli, jismonan sag’lom, ma’nan etuk, barkamol avlodni tarbiyalash yo’lida olib borilayotgan ishlar samaradorligini ta’minlash, yoshlarning demokratik huquqiy davlat hamda fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayonlarida keng ishtirokini ta’minlash va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilmiy jamoatchilik, sohadagi amaliy faoliyatida katta tajriba to’plagan ekspertlarning bergan ilmiy xulosalari, taklif mulohazalari asosida mamlakatimizda yoshlar kamoloti yo’lida barcha yo’nalishda amalga oshiraliyotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan muhim tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

Konferensiyaning seksiya yig’ilishlari O’zbekiston Milliy universitetida o’tkazildi. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, anjumanning barcha tashkiliy ishlari universitet va fakultetlar “Kamolot” YoIH boshlang’ich tashkiloti etakchilari bevosita mas’ulligi ostida amalga oshirildi.

Konferensiyaning 2 kunlik faoliyati doirasida ishtirokchilar universitetdagi “O’zbekiston Milliy universiteti muzeyi”, “Nodir qo’lyozmalari muzeyi” hamda namuna sifatida tashkil etilgan “Ma’naviyat va ma’rifat xonasi”, “Kamolot” YoIH boshlang’ich tashkiloti xonalari bilan yaqindan tanishdilar.

 

Akmal RAXMATULLAYEV

Mexanika – matematika fakulteti “Kamolot” YoIH etakchisi

Nargiza YUNUSOVA

 Jurnalistika fakulteti 1 – bosqich talabasi