O'zMU » Yangiliklar » “Elektron hukumat” tizimini samarali faoliyat ko‘rsatish va joriy etish masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlarining o‘quv-seminari boshlandi

Joriy yilning 11 noyabr kuni O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Elektron hukumat o‘quv markazi”da “Elektron hukumat” tizimini samarali faoliyat ko‘rsatish va joriy etish masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlarining o‘quv-seminari boshlandi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan o‘quvning birinchi bosqichida 250 nafardan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillari masofaviy ta’lim oldilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi PQ-1989-son qarori asosida ishlab chiqilgan “2013-2020 yillarda O‘zbekistonda telekommunikatsiya texnologiyalari, aloqa infrastrukturasi va tarmog‘ini rivojlantirish dasturi”ga muvofiq, mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimining axborot tizimlari komplekslari va ma’lumotlar bazalarini yaratish bo‘yicha 16 ta yirik loyiha va chora-tadbirlar, shu jumladan, ma’lumotlar milliy bazasi, axborot tizimlari va ma’lumotlarni qayta ishlash idoralararo markazi tashkil qilinishi, idoraviy axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi va davlat xizmatchilarining elektron hukumat tizimiga oid bilimlari va ko‘nikmalarini oshirish va rivojlantirish yuzasidan tayyorlash va qayta tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shu maqsadda joriy yilning 1 oktyabrida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida “Elektron hukumat” o‘quv markazi tashkil etildi. Bugungi kunga qadar 68 vazirlik va idoralardan 819 nafar xodimning mazkur yo‘nalish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga doir buyurtma qabul qilingan. O‘quv markaziga universitetning malakali pedagoglari, shuningdek, soha mutaxassislari, xorijlik ekspertlar, xususan koreyalik mutaxassislar ishtirokida elektron hukumat tizimini joriy etish, bu jarayonda davlat organlari hamda mas’ul xodimlarning vazifalariga bag‘ishlangan maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi.

Seminar ishtirokchilari “Jamiyatni axborotlashtirish va elektron hukumat tizimini joriy qilishning ahamiyati”, “Elektron hukumat tizimini amalga oshirishda hukumat vazifalari”, “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish jarayonida davlat xizmatchilarining tutgan o‘rni”, “Davlat boshqaruvida axborot kommunikatsiya texnologiyalarning milliy modellari va jahon tajribasi” va “Elektron hukumat” loyihalarini boshqarish usullari” mavzularida ma’ruzalar tinglashadi.

Aytib o‘tilganidek, elektron hukumat tizimining joriy etilishi davlat hamda aholi va xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqaning mustahkamlanishiga, hukumat fuqarolarga taqdim etishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar hajmining sezilarli darajada oshishiga, turli ma’lumotlar bazasining ochiqligini ta’minlashiga, davlat organlarida izchil ravishda elektron hujjatlar aylanishi va boshqa innovatsiyalarni joriy etilishiga hamda tadbirkorlikning rivojiga xizmat qilmoqda. Davlat boshqaruvining elektron shaklini joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida Qo‘mita tomonidan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun loyihasining birinchi tahriri ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qaroriga muvofiq, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi qoshida “Elektron hukumat tizimini rivojlantirish Markazi” va “Axborot xavfsizligini ta’minlash Markazi” faoliyati tashkil etildi.

O‘quv-seminarida aholiga va tadbirkorlarga interaktiv davlat xizmatlarini qo‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida ishga tushirilgan my.gov.uz – Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali faoliyati, ko‘rsatilayotgan xizmatlar, Yagona portaldan foydalanish haqida ham batafsil ma’lumot beriladi. Portalga barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimlik organlari bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi ham ulandi. Ta’kidlash joizki, axborot texnologiyalarini davlat boshqaruvida qo‘llash va joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida: davlat axborot resurslarining soni 195 tani va davlat organlarining axborot tizimlari soni 102 tani; bazaviy interaktiv davlat xizmatlari turlari soni 197 tani tashkil etib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining saytlari orqali ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari soni 619 taga yetgan.

O‘quv-seminari joriy yilning 22 noyabriga qadar davom etadi, seminar yakunida ishtirokchilarga imtihonlar asosida sertifikatlar topshiriladi.

 

Manba:ccitt.uz