O'zMU » Yangiliklar » O‘zbek hakami jahon chempionatiga boradi !

FIFA referisi Ravshan Ermatov jahonning eng kuchli 25 hakami qatorida jahon chempionati o‘yinlarini boshqaradigan bo‘ldi.

 Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi – FIFA bu yil Braziliya yashil maydonlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati uchrashuvlarini boshqaradigan hakamlar brigadalari ro‘yxatini e’lon qildi. Futbol olamining eng nufuzli musobaqalarida Yevropadan to‘qqizta, Janubiy Amerikadan beshta, Osiyodan to‘rtta, Afrika, Shimoliy Amerikadan uchtadan va Okeaniya mintaqasidan bitta hakamlar brigadasi ish yuritadi.

R.Ermatov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Boltiqbo‘yi mamlakatlari vakillari orasida ushbu jahon chempionatiga jalb etilgan yagona bosh hakam. Bu o‘zbek futbolining jahondagi yana bir ulkan e’tirofidir.

R.Ermatovning ketma-ket ikkinchi marotaba jahon chempionatiga yo‘l olayotgani Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy samaralaridandir.

Mamlakatimizda har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashning muhim omili sifatida sportni, jumladan, futbolni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2006-yil 1-mayda qabul qilingan “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” va 2011-yil 19-yanvardagi “2011-2013-yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari o‘zbek futboli taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tardi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar futboli tubdan isloh qilindi. Futbol bo‘yicha bolalar va o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashgan maktab-internatlari va futbol akademiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilishga qodir futbolchilarni tarbiyalash, malakali murabbiy va hakamlar tayyorlashni yanada kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida Ravshan Ermatovning jahon futbolining muhim yo‘nalishi – hakamlik sohasida erishayotgan yutuqlaridan futbol jamoatchiligimiz haqli ravishda faxrlanadi.

2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarda hakamlik qilib kelayotgan Ravshan Ermatov uchrashuvlarni ishonchli boshqarishi, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri va tez qaror qabul qila olishi, futbolchilarning ruhiy holatini yaxshi tushunishi kabi fazilatlari tufayli qisqa vaqtda dunyoning eng yaxshi hakamlari safiga qo‘shildi.

Ravshan Ermatov Osiyoning “Eng yaxshi hakam” nominatsiyasida ketma-ket to‘rt marotaba g‘olib bo‘lgan qit’amizdagi birinchi va hozircha yagona futbol hakamidir. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011-yilda jahonning eng yaxshi hakami, deb e’tirof etdi. O‘zbek farzandining dunyoning tengsiz hakami bo‘lgani futbol tarixida rekord sifatida qayd etilgan. Mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni odilona va yuqori saviyada boshqarib kelayotgan R.Ermatov 2013-yil yakunlari bo‘yicha ham dunyoning eng kuchli hakamlari reytingining yuqori pog‘onalaridan joy olgan.

Bundan to‘rt yil muqaddam Janubiy Afrika Respublikasi maydonlarida o‘tgan jahon chempionatida ilk marotaba qatnashganiga qaramasdan, musobaqaning eng yaxshi hakamlaridan biri bo‘lgan Ravshan Ermatov Braziliyadagi futbol mundialida ham yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lishiga ishonamiz.

 

Manba:uza.uz