O'zMU » Yangiliklar » Kollej bitiruvchisi ishsiz qolmaydi

Mamlakatimizda uzluksiz ta’limning muhim bo‘g‘ini sifatida tashkil etilgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yoshlar zamon talablari darajasida bilim olish bilan birga, ma’lum kasb-hunarlarni ham puxta o‘rganmoqda. Bu ularga mazkur ta’lim dargohlarini bitirgach, o‘zlari tanlagan soha bo‘yicha tayyor mutaxassis sifatida mehnat faoliyatini boshlash imkonini berayotir. Bunday yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimizning doimiy diqqat-e’tiborida.

Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 17-yanvardagi mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida ushbu muhim masala alohida qayd etilib, bitiruvchilarni mehnat faoliyatiga to‘laqonli jalb etish bo‘yicha viloyat, shahar, tuman hokimlari, korxona va kollejlar rahbarlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklangani ta’kidlandi.

Bu borada Samarqand viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda viloyatda haftaning payshanba kuni “Kollejlar bilan ishlash kuni” deb e’lon qilinib, kasb-hunar kollejlarida viloyat, tuman va shahar hokimliklari, mutasaddi idoralar vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan bitiruvchilar va ularning ota-onalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlarda ish beruvchi korxona va tashkilotlar, bandlikka ko‘maklashish markazlari, tijorat banklari rahbar va mutaxassislaribitiruvchilarni ishga qabul qilish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga biznes-reja tuzish, kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumot va tushuncha bermoqda. Ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

– Joriy o‘quv yilida viloyatdagi 156 kasb-hunar kollejini yuzdan ortiq mutaxassislik bo‘yicha 57 ming 911 nafar yosh, jumladan, 29 ming 173 nafar qiz bitirishi kutilmoqda, – deydi Samarqand viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi Mansur Hamzayev. – Ular kelgusida oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishi, mehnat faoliyatini boshlashi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi e’tiborga olinib, har bir bitiruvchi bo‘yicha ma’lumotlar jamlandi. Ota-onalar, ish beruvchi korxonalar, tijorat banklari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilib, bitiruvchilarning to‘liq bandligini ta’minlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Bitiruvchilarni ishga qabul qilishi rejalashtirilgan o‘n ikki ming olti yuzga yaqin korxona, tashkilotlar bilan uch tomonlama shartnomalar imzolandi.

“2014-yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash” dasturi asosida viloyatda kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun 30 ming 500 yangi ish o‘rni yaratish belgilangan. Kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalar farzandlari, nogiron bitiruvchilarni ishga joylashtirish maqsadida mavjud korxona va tashkilotlarda sakkiz mingga yaqin kvota ish o‘rni zaxiralangan. Bu ish o‘rinlarining asosiy qismi kasb-hunar kolleji va bitiruvchilar ko‘p bo‘lgan Samarqand shahri, Urgut, Pastdarg‘om, Ishtixon va Payariq tumanlariga to‘g‘ri keladi.

Bitiruvchilarga viloyatdagi korxona va tashkilotlarda mavjud ish o‘rinlari haqida ma’lumot berish hamda ularning ishga joylashish imkoniyatlarini oshirish maqsadida yil davomida joylarda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkaziladi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan bitiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 30 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan.

Jomboy tumanidagi maishiy xizmat kasb-hunar kollejini bu yil 277 nafar yigit-qiz bitiradi. Arxivshunos va ish yurituvchi, komputer va komputer jihozlarini ishlatish hamda dasturiy ta’minlash, kassa apparatlariga xizmat ko‘rsatish texnigi kabi yetti mutaxassislik bo‘yicha o‘qiyotgan bu yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida tumandagi yigirmaga yaqin korxona va tashkilotlar bilan uch tomonlama shartnomalar imzolangan.

– Bugungi kunda bitiruvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini ular kelgusida faoliyat boshlashi kutilayotgan korxonalarda tashkil etish choralari ko‘rilmoqda, – deydi kollej direktorining ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha o‘rinbosari Sanjar Karimov. – Jumladan, buxgalteriya hisobi mutaxassisligi bo‘yicha o‘quvchilarimiz tuman moliya bo‘limida amaliyot o‘tamoqda. Bu ularning kasb ko‘nikmasini puxta o‘zlashtirishi va kelajakda samarali ishlashiga yordam beradi.

Bitiruvchilarimizning ellik nafarga yaqini tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatida ekanligini bildirib, tumandagi banklarga murojaat qilgan. Ular bank mutaxassislari yordamida o‘z biznes-loyihalarini ishlab chiqib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmoqda.

 

Manba:uza.uz