O'zMU » Yangiliklar » Tarix, madaniyat va san’at ko‘zgusi

O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyida 18-may – Xalqaro muzeylar kuniga bag‘ishlab “Muzeylar – xalq tarixining ko‘zgusi” mavzuida ko‘rgazma tashkil etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim, milliy madaniyatimiz va san’atimizni tobora ravnaq toptirish borasidagi sa’y-harakatlar mustaqil va sog‘lom tafakkurli, yuksak ma’naviyatli avlodni kamolga yetkazishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Bu yo‘nalishdagi islohotlar jarayonida ma’naviyat va ma’rifat maskanlari, san’at koshonalari, muzeylar faoliyatiga e’tiborni kuchaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, soha mutaxassislarining mehnatini munosib tarzda qadrlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan «Muzeylar to‘g‘risida»gi qonun ushbu ma’naviyat maskanlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, takomillashtirish, ulardagi nodir ashyolar, osori-atiqalarni saqlash, o‘rganish, mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida bugungi kunda 42 ta muzey va ularning 56 ta filiali faoliyat ko‘rsatib, o‘lkashunoslik, tarixiy-yodgorlik, san’at, adabiyot, tabiat, sport yo‘nalishidagi ushbu moziygohlarda 1 million 513 mingdan ortiq eksponat saqlanmoqda.

        «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi hamda Prezidentimizning 2014-yil 6-fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq muzeylarga o‘quvchi-yoshlarni tobora ko‘proq jalb etish, shu orqali ularda vatanparvarlik, yurt taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga doir bir qator amaliy chora-tadbirlar belgilangan. Shu kunlarda yurtimizning barcha muzeylariga o‘quvchilarning ekskursiyalari uyushtirilib, usta va hunarmandlar, musavvir va fotoijodkorlar bilan birgalikda badiiy ko‘rgazmalar va davra suhbatlari, restavratorlar ishi bilan tanishuvlar, muzeylarga sayohatlar tashkil etilmoqda. «Muzeylar – xalq tarixining ko‘zgusi» deb nomlangan mazkur ko‘rgazmada ham Amaliy san’at muzeyi eksponatlari, jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik, kashtado‘zlik, miniatyura, zargarlik, gilamdo‘zlik buyumlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Ko‘rgazma doirasida mohir usta va hunarmandlar ishtirokida mahorat saboqlari ham bo‘lib o‘tdi.

 

Manba:uza.uz