O'zMU » Yangiliklar » Ta’lim, fan va amaliyot hamkorligi

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida oliy ta’lim tizimida ilmiy-tadqiqot faoliyatini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli qo‘mita, agentlik va tashkilotlar vakillari, poytaxtimiz va viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari olimlari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari B.Usmonov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori R.Saydahmedov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini va innovatsion faoliyatni kengaytirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishning muhim omili bo‘layotganini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbarining 2008-yil 15-iyulda qabul qilingan “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarida turli sohalar uchun yetuk bilim va malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash bilan birga ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari ham amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 2014-yilda yetmishdan ortiq ixtiroga patent olindi. 

Toshkent davlat texnika universiteti ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini samarali tashkil etayotgan yetakchi oliy ta’lim maskanlaridan. Universitetda bugungi kunda yetmishdan ortiq ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda universitet olimlari mamlakatimizdagi yetakchi sanoat korxonalari mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 2013-yil yakuni bo‘yicha olimlar yaratgan 19 innovatsion ishlanma sanoat korxonalarida ishlab chiqarishga joriy etildi. Bu loyihalar dolzarb ekologik muammolarni hal etish, ishlab chiqarish sifati va samaradorligini oshirish, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 

Universitet olimlari an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida faol ishtirok etib kelmoqda. O‘tgan yillar mobaynida ushbu ko‘rgazmada ularning uch yuzdan ortiq ishlanmasi namoyish etildi. Ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish bo‘yicha yuzdan ziyod xo‘jalik shartnomasi imzolanib, amalga oshirilmoqda. 

Anjumanda oliy ta’lim tizimida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish va boshqarishning me’yoriy-huquqiy, iqtisodiy asoslari va zamonaviy tashkiliy shakllari, tabiiy va texnika fanlari yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarning holati va istiqbollari, ta’lim, fan, ishlab chiqarish hamkorligini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

 

Manba:uza.uz