O'zMU » Yangiliklar » Yangi web-sayt taqdimoti

Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 31-oktabrdagi “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq shoiraning qutlug‘ yubileyiga yurtimiz ma’naviy hayotidagi unutilmas voqea sifatida qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. 

Yoshlar ijod saroyida mazkur sana munosabati bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida Zulfiya hayoti va ijodiga bag‘ishlab yaratilgan yangi veb-saytning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 
Tadbirda ta’kidlanganidek, o‘sib kelayotgan navqiron avlodni har tomonlama barkamol, yuksak ma’naviyatli, bilimli, sog‘lom va teran tafakkurli shaxs etib voyaga yetkazish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayonida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ushbu mas’uliyatli vazifa ijrosini ta’minlashda milliy adabiyotimizga alohida e’tibor ko‘rsatish, atoqli adiblar xotirasini e’zozlash, qutlug‘ merosini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaning adabiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, uchrashuvlar, mushoiralarni o‘tkazmoqda. Yangi tashkil etilgan zulfiyaxonim.uz veb-sayti ham shoiraning hayoti, ijodi, faoliyati haqida hikoya qiladi. 
Axborot texnologiyalari jadal taraqqiy etgan bugungi kunda mazkur sayt o‘quvchilarga ijodkorning she’rlari, doston va balladalaridan keng foydalanish imkonini beradi. Saytning o‘zbek, rus, ingliz tillarida yaratilishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining salohiyatidan samarali foydalanildi. Sayt 10 bo‘lim, 20 rukndan iborat bo‘lib, unga mingga yaqin ma’lumot, shoira she’rlarining matnlari, audio va video materiallar, 100 dan ortiq fotosurat joylashtirilgan. Zulfiyaxonimga zamondosh bo‘lgan ijodkorlarning shoira haqidagi mulohazalari, shogirdlarining yorqin xotiralari, tasviriy, musiqa san’ati namunalariga keng o‘rin berilgan. 
– Zulfiya ijodini muntazam o‘rganib kelaman, – deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Baxtijon Isroilova. – Ijodkor haqidagi veb-saytning tashkil etilishi uning asarlari, faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan yanada keng bahramand bo‘lish imkonini beradi.Tadbirda veb-sayt imkoniyatlari xususida ma’lumot berildi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirokida adabiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi. 
Manba:uza.uz