O'zMU » Yangiliklar » Vatanparvar yoshlar

Vatanparvar yoshlar

 

Ma’naviy-tarbiyaviy tadbirlar yoshlarni kamolot sari yetaklaydi.

“Yoshlik” Talabalar shaharchasida joylashgan Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” katta zalida 5 noyabr kuni “Yoshlar o’z mamlakatining chinakam vatanparvarlari bo’lib o’smog’i lozim”, “Yoshlar diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi” mavzularida ma’rifiy suhbat o’tkazildi.

– Vatan tuyg’usi bilan yashash har bir yigit-qizning qalbiga jo bo’lishi va shu ruhda kamol topishi lozim,– dedi ma’rifiy suhbatni kirish so’zi bilan ochgan O’zMU Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo’yicha prorektori Botir Zakirov.– Mustaqil davlat sifatida dunyoda o’z o’rni va salohiyatiga ega bo’lgan jonajon O’zbekistonimizning kelgusida yanada taraqqiy etib, gullab-yashnashi, osuda va farovon hayotimizni davom ettirish Siz aziz talaba-yoshlarning qo’lingizda.

Toshkent Islom universiteti matbuot xizmati rahbari Saidafzal Saidjalolov va O’zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti kafedra mudiri Bahodir Husanov bugun xalqaro maydonda yuz berayotgan voqyealar, xususan, urush alanga olayotgan ba’zi tahlikali hududlardagi xunrezliklar, ayanchli voqyea-hodisalar, ayrim terrorchi guruhlarning bo’lmag’ur da’vatlariga uchmaslik, internet orqali tarqatilayotgan har xil bug’zunchi g’oyalar ta’siriga tushib qolmaslik haqida atroflicha so’z yuritdilar.

“Yoshlik” talabalar shaharchasi Hokimi Qaxramon Shonazarov va shaharcha Ichki ishlar bo’limi boshlig’i Shavkat Mirzajonov talabalarni puxta bilim olishga, tinchlik-osoyishtalik qadriga yetib, hushyor yurishga, oltin davrda asl orzular sari intilishga da’vat etdilar.

Ma’rifiy suhbatda talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

Sermazmun suhbat talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

 

Ulug’bek Usmonov,

O’zMU gazetasi muxbiri