O'zMU » Yangiliklar » Saodat kaliti

Saodat kaliti

 Ma’rifat – insonni kamolotga yetaklovchi eng nurli yoʻldir.

 

      Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” katta zalida 7 noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi ma’naviy-tarbiyaviy suhbatda “Yoshlar oʻz mamlakatining chinakam vatanparvarlari boʻlib oʻsmogʻi lozim”, “Yoshlar diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi” mavzulariga oid yangi-yangi fikrlar oʻrtaga tashlandi.

Tadbirda asosan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi, Mexanika-matematika, Xorijiy filologiya fakultetlari talabalari ishtirok etdilar.

– Bugun ona Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik barchamiz uchun qadrli hamda bebaho ne’matdir,– dedi tadbirni kirish soʻzi bilan ochgan OʻzMU rektori Shuhrat Sirojiddinov.– Ming afsuski, soʻnggi yillarda dunyodagi ayrim mamlakatlar tinchligiga raxna solayotgan buzgʻunchi kuchlar muqaddas islom dinimizni niqob qilib olayotganlari barchaga yaxshi ma’lum. Xoʻsh, ular nega aynan dinni niqob qilib olishadi? Muqaddas dinimizda tinchlik-osoyishtalik eng oliy qadriyat hisoblanadi-ku? Bu mavzuda diniy va dunyoviy ilmlarga bagʻishlangan ma’rifiy suhbatlari bilan el mehrini qozongan Toshkent shahar Bosh imom xatibi Anvarqori Tursunovning muxtasar fikrlarini tinglaymiz.

Oynai jahon orqali namoyish etiladigan diniy-ma’rifiy koʻrsatuvlarda sermazmun suhbatlari bilan koʻplab muxlislari qalbidan joy olgan Anvarqori Tursunov avvalo 1981 yilda shu dargohda Oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlaganini faxr bilan esladi.

       U Oʻzbekiston mustaqillikka erishish ostonasida, ya’ni, 1989 yilning soʻnggi oylarida yurtimizda yuz bergan suronli voqyealar, muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimovning sa’y-harakatlari bilan oʻsha murakkab davrdayoq muqaddas dinimiz qadr topa boshlagani, chunonchi, Qur’oni karim ona tilimizga tarjima qilina boshlangani va 1990 yildayoq “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgani, soʻng kitob holida chiqqani haqida soʻz yuritdi. Bu muqaddas kitobda Vatanparvarlik, yurtga sadoqat, tinchlik va osoyishtalik ne’matlari qanchalik ulugʻlanganini izohlab berdi.

       Qur’oni karimni teran nigoh bilan mutolaa qilgan kishi muqaddas dinimiz naqadar hayotbaxsh, insonparvarlik, tinchlik-totuvlik gʻoyalariga yoʻgʻrilganini his etadi. Undagi ilohiy kalomlarni buzib talqin qilishga hyech kimning haqqi yoʻq. Hatto, jihod soʻzi ham – yaxshilik, ezgulik yoʻlida harakat qilish degan ma’noni anglatadi. Uni oʻzlarining gʻarazli maqsadlari yoʻlida buzib talqin qilayotganlar katta gunohga botayotgani haqida soʻz yuritgan ma’ruzachi bugun Suriya davlatidan oʻn bir milliondan ortiq aholining bosh olib chiqib ketishiga majbur qilgan buzgʻunchilar, xususan, ISHIDning xatarli ishlari musulmonchilikka, alalxusus, muqaddas kitobda bitilgan ulugʻvor gʻoyalarga mutlaqo toʻgʻri kelmasligini izohlab berdi. ISHIDchilarning bir quti papiros uchun 25 kishini beayov soʻyib tashlashi, ayollarni qul qilib sotishi, bolalarni vahshiylarcha oʻldirishi, tinch aholining uylariga oʻt qoʻyib, vatangado qilishlarini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi.

       Aslida, islom dini – bebaho ilmdir. Bir soatlik ilm olish – ming rakaat nafil namozidan afzaldir, degan fikrlar zamirida olamcha ma’no mujassam. Zero, muqaddas dinimizning tom ma’nodagi insonparvarlik gʻoyalari Imom al Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Aburayhon Beruniy, Mir Alisher Navoiy kabi oʻnlab buyuk ajdodlarimiz asarlarida oliy qadriyat sifatida tarannum etilgandir.

       Shunday bebaho dinimizni niqob qilib olgan buzgʻunchilarning gʻayriinsoniy hatti-harakatlarini aslo oqlab boʻlmaydi. Ba’zi tahlilchilar “Iroq-Shom islom davlati emas – Iroq-Shom dushman davlati”, deb ta’riflashlari ham bejiz emas. Chunki, ular avvalo dinimizning dushmani ekanligini namoyish etmoqda. Iroq va Suriya davlatlaridagi shaharu qishloqlarni vayron qilganlari yetmagandek, qancha muqaddas qadamjolarni, nodir kitoblar saqlanadigan binolarni ham ayovsiz vayron qilib tashladi. Bugungi kunda Yaman, Saudiya Arabistoni va mintaqadagi boshqa davlatlarga ham urush alangasi tahdid solayotgani koʻpchilikda xavotir uygʻotmoqda...

Shunday pallada har bir inson oʻz Vatani, tinch-osoyishta, farovon hayotning qadriga yetmogʻi lozim. Bolalarimiz virtual olamning quliga aylanib qolmasligi kerak. Vaholanki, ayrim yoshlar internetdagi buzgʻunchi gʻoyalar ta’siriga tushib qolish hollari ham kuzatilmoqda. Talaba-yoshlar bu masalada sergak boʻlishlari, tengdoshlarining bunday adashishlariga aslo befarq qaramasliklari zarur. Oʻz kelajagini oʻylagan yoshlar uchun kutubxonalar, kitob doʻkonlari bebaho xazinadir. Zotan, kitobdan ma’rifatli boʻlgan kishi hech qachon yutqazmaydi.

Toshkent shahar Bosh imom xatibi saodat kaliti: ota-ona va ustozning duosi ekani haqida atroflicha soʻz yuritdi.

        OʻzMU Oʻzbek filologiyasi dekani Nurboy Jabborov Suriya kabi notinch mamlakatlardagi ahvol haqida soʻz yuritdi. Darhaqiqat, buzgʻunchilar dastidan shu oʻlkalarda biror odam yo oila shodu xurram yashay oladimi? Bu mamlakatlar yaqin orada obod boʻlishi mumkinmi? Bundan har bir inson tegishli xulosa chiqarishi zarur...

Sermazmun suhbatlar talabalarda katta taasurot qoldirdi.

        Tadbirdan soʻng OʻzMU Murabbiylar kengashi va Axborot xizmati mas’ul xodimlari talabalar bilan suhbatlashib, ularning taasurotlari, fikr va mulohazalarini oʻrgandilar.

Azamat Xayrullayev, Oʻzbek filologiyasi fakulteti talabasi:

– Eng oliy tuygʻu – Vatan tuygʻusi ekan! Bugungi suhbatdan har birimiz oʻzimizga tegishli xulosa chiqarib oldik.

Begali Meliqulov, Xorijiy filologiya fakulteti talabasi:

– Ota-ona va ustozlarning duolari – saodat kaliti ekan, biz to abad ana shu bebaho duolarni olishga, ona Vatanimizga munosib boʻlishga intilamiz.

Oydin Nurullayeva, Oʻzbek filologiyasi fakulteti talabasi:

– Ustoz – otangday ulugʻ, degan purhikmat maqolning asl ma’nosini teran anglab yetdim. Ustozlar biz uchun hayotda nurafshon yoʻl koʻrsatishi – baxt kalitini qoʻlimizga tutqazishi bilan barobar ekan. Demak, ularning hurmatlarini joyiga qoʻyishimiz lozim. Hatto, dars payti ustozning soʻzlariga quloq tutmaslik, gapirib oʻtirish qanchalik odobsizlik, tarbiyasizlik hisoblanar ekan...

Oʻgʻiloy Ernazarova, Oʻzbek filologiyasi fakulteti talabasi:

– Inson oq bilan qorani toʻgʻri farqlay olishi uchun juda koʻp kitob oʻqishi va bugungi ma’naviy-ma’rifiy suhbatlardan bahramand boʻlib turishi kerakligini yana bir bor teranroq angladim. Shu oʻrinda, biz talaba-yoshlarning boʻsh vaqtini sermazmun oʻtishi uchun muntazam ravishda mana shunday maʻrifiy suhbatlar va turli tadbirlar uyushtirilayotganidan mamnunmiz.

       Xulosa oʻrnida aytish joizki, bunday sermazmun suhbatlardan, ma’rifiy tadbirlardan barcha talabalarni bahramand etish maqsadga muvofiqdir. Ya’ni, ular videotasvirga olinib, barcha fakultetlarda, talabalar turar-joylarida namoyish etilsa, ezgulik nurlari yanada kengroq taralib, talaba-yoshlar qalbini munavvar aylardi...

 

Ulugʻbek Usmonov,

OʻzMU gazetasi muxbiri