O'zMU » Yangiliklar » Ilmiy-o’quv seminar

      Unda intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va ixtirolarga oid patent-axborot qidiruvini o’tkazish masalalari o’rganildi.

      O’zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq mamlakatimizda fan taraqqiyoti va innovasion texnologiyalarni rivojlantirishga, intellektual mulk huquqini ro’yobga chiqarishga va himoyasini ta’minlashga doir huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Buning natijasida yurtimizda intellektual mulk egalari va ularning huquqlarini himoya qiluvchi qonunchilik bazasi shakllandi, bu borada qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshirilgan ishlar o’z samarasini bermoqda.

 

 

      Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida O’zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bilan hamkorlikda o’tkazilgan “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi. Ixtirolarga oid patent-axborot qidiruvini o’tkazish” mavzuiga bag’ishlangan ilmiy-o’quv seminarida bu borada atroflicha fikr yuritildi.

Unda universitet kafedra mudirlari, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, Intellektual mulk agentligi mutaxassislari ishtirok etdilar.

 

 

      O’zMU ilmiy tadqiqot bo’limi boshlig’i Akrom Toshpo’latov, intellektual mulk va innovasiyalarni joriy etish bo’limi xodimi Fayzulla Bahromov, biologiya-tuproqshunoslik fakulteti “Agrobioekologiya” ilmiy-o’quv kompleksi rahbari, biologiya fanlari doktori, professor Laziza G’ofurovalar tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur seminarda iqtisodiyot va jamiyatning taraqqiyot darajasi ko’p jihatdan intellektual mulkni himoya qilish izchil yo’lga qo’yilgan tizimga bog’liq ekanligiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, iqtisodiyotdagi samaradorlik ishlab chiqarishga innovasion texnologiyalar va ixtirolarning joriy etilishi evaziga yuksalib boradi. Intellektual mulkning taraqqiy etishi iqtisodiyotga sarmoyalar kiritilishiga, innovasion texnologiyalarning joriy etilishi esa xalq xo’jaligining modernizasiyalashuviga xizmat qilishi milliy va xalqaro tajribada o’z isbotini topgan.

 

 

      Anjuman ishtirokchilarida Intellektual mulk sohasidagi kadrlarni qayta o’qitish va mutaxassislar malakasini oshirish bo’yicha o’quv markazi direktori Go’zal Vafoyevaning “O’zbekistonda intellektual mulk muhofazasi. Intellektual mulk obyektlari to’g’risida tushunchalar”, Intellektual mulk sohasidagi kadrlarni qayta o’qitish va mutaxassislar malakasini oshirish bo’yicha o’quv markazi direktori o’rinbosari Vohid Allayorovning “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish”, Ixtirolarning davlat ilmiy-texnik ekspertizasi va foydali modellar ekspertizasi bo’limi yetakchi mutaxassisi Nilufar Rahmatullayevaning “Ixtirolarga oid patent-axborot qidiruvini amalga oshirish” mazuidagi ma’ruzalari katta qiziqish uyg’otdi.

 

 

      Seminar ishtirokchilari ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar, tovar belgilari hamda intellektual mulkning boshqa obyektlarini himoya qilish, bu borada huquq egalarini himoya qilish, ishlab chiqarishga innovasion texnologiyalar, ilmiy-texnik hamda sanoat ishlanmalari, seleksiya yutuqlarini, badiiy-konstruktorlik va boshqa turdagi ijodiy ishlarni joriy etish yuzasidan o’zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.

 

Erkin USMONOV,

O’zMU gazetasi muxbiri