O'zMU » Yangiliklar » Bahorning birinchi kuni

            Bahor… Bu yangi hayotning boshlanishi, bu yuzlab, minglab, miillionlab, bir qaraganda cheksiz mo`jizalarning sodir bo`lishidir. Ko`p mo`jizalar, asosan, bahorda sodir bo`ladi. Bugun bahorning birinchi kuni…

 

 

            Har yili men ishonamanki, bu kun men uchun eng jozibali kun bo`ladi. Yangi fasl boshlanyapti va mening hayratim ichimga sig`mayapti. Quyosh charaqlab, uning mehribon va iliqqina nurlari derazamdan oqib kelmoqda. Havo juda ajoyib. Hozir erta tongdan bahorning ilk musaffo havolaridan to`yib-to`yib nafas olaman. Gullab turgan daraxt shoxlariga qarayman va hayratim ichimga sig`maydi. Bir necha million kilometrdan kelayotgan quyosh nurlari sovub qolgan tanamni isitmoqda.

            Asta fakultetga qarab yo`lga tushaman. Ikki qiz bir-biriga nimalar haqidadir gaplashib kelmoqda. Ular bugun haqiqatan ham juda maftunkor va chiroyli. Sababini bilmayman… Balki bahor ularga ta’sir qilgandir. Ha aytgancha, men shuni tushundimki, qizlar gullar bilan bo`lgandagina chinakam go`zallashib ketar ekanlar. Balki shuning uchun ham shoir, yozuvchi va rassomlar qizlarni gullar blan tasvirlar…

 

 

            Bahor har bir kishini chiroyli va sofdil qilib qo`yadi. Shunday chiroyli qizlarni ko`rib, yoki bodomlarning betakror gullashiga boqib, kimning ko`nglida shunday manzaralarga nisbatan qandaydir bir iliq kechinmalar hosil bo`lmaydi. Ha, haqiqatan, ba’zi bir odamlar: “Bahor falonchiga ta’sir qilibdi” deganlarida juda haq edilar.

            Demak, bugundan boshlab men ham yaxshi tarafga qarab o`zgara boshlayman. Demak, bugun hamma uchun o`ziga xos xayrli kun ekan. Demak, bugundan boshlab mo`jizalar ro`y bera boshlaydi.

            Bahor, xush kelibsan mening o`lkamga. Xush kelibsan!!! Biz hammamiz seni juda-juda yaxshi ko`ramiz.

 

Nosir Sherboyev,